16:48 / 13.09.2024
56

Ukrainaga Storm Shadow bilan Rossiya bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berildi

Ukrainaga Storm Shadow bilan Rossiya bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berildi
Simon Dawson / Bloomberg / Getty Images
Buyuk Britaniya Ukraina fransuzlar bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan uzoq masofali Storm Shadow qanotli raketalarini Rossiya hududidagi nishonlar bo‘ylab zarba berish uchun foydalanishiga ruxsat berdi, deb xabar qilgan 11 sentyabr kuni The Guardian gazetasi Britaniya hukumatidagi manbaga tayanib. Bu borada hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.

Storm Shadow — katta masofadagi nishonga yetib boruvchi qanotli raketa bo‘lib, Yevropaning MBDA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Fransuz-britan ishlanmasi hisoblangan bu qurol Buyuk Britaniyada Storm Shadow, Fransiyada — SCALP deb ataladi. Raketalarning bir necha modifikatsiyasi mavjud, jumladan, 560 kilometrdan ortiqroq masofadagi nishonni ura oladigani ham. Ukraina Buyuk Britaniya va Fransiyadan 250 kilometrdan ortiq radiusda harakatlanuvchi raketalarni qabul qilib olgan.

The Guardian bu haqda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi va AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga tashrif buyurgan kunda xabar berdi. Tashrif vaqtida ular Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan G‘arb yetkazib bergan uzoq masofali qurollardan Rossiya hududlari bo‘ylab zarbalar yo‘llash masalasini muhokama qilishgan. The Guardian manbasi qayd etishicha, Blinken va Lemmi Storm Shadow bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingani uchungina Kiyevga birgalikda kelishgan. Gazeta qayd etishicha, Lemmi qabul qilingan qaror haqida jamoatchilikka e’lon qilishni istamagan, chunki uning so‘zlari ortiqcha provokatsiya deb hisoblanishi mumkin. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, katta ehtimol bilan, Ukrainaning raketalardan foydalanishi «o‘ylovsiz va keraksiz hujumlar oldini olish uchun» cheklovlarga duchor bo‘lishi mumkin.

G‘arb nashrlari 2023 yil mayida, manbalariga tayanib, Buyuk Britaniya ularni Rossiya hududidagi obyektlar bo‘ylab zarba yo‘llamaslik sharti bilan Ukrainaga Storm Shadow raketalarini yetkazib berishga rozi bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi. 2023 yil sentyabrda Ukraina qurolli kuchlari Storm Shadow raketalarini 2014 yil Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Sevastopolga zarba berishda qo‘lladi.

AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevga tashrifi chog‘ida Vashington Ukrainaga Rossiya bo‘ylab zarbalar berishda Amerikaning ATACMS ballistik raketalaridan ham foydalanishiga ruxsat berishi mumkinligiga ishora qildi. Blinken Qo‘shma Shtatlar «birinchi kundanoq» Ukraina jang maydonidagi vaziyat o‘zgarishiga qarab o‘z siyosatini moslashtirishga tayyor bo‘lganini aytdi. «Biz buni davom ettiramiz», — degan u.

ATACMS — uzoq masofaga harakatlanuvchi operativ-taktik ballistik raketa bo‘lib, HIMARS yoki MLRS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan uchiriladi. Raketaning harakatlanish radiusi modifikatsiyasiga qarab 150 dan 300 kilometrgacha yetadi. Uning ishlab chiqaruvchisi — Amerikaning Lockheed Martin kompaniyasi.

Blinken Kiyevga tashrifidan keyin Ukraina hukumati pozitsiyasini AQSH prezidenti Jo Baydenga, Lemmi esa — Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerga yetkazishni va’da qildi. AQSH va Buyuk Britaniya yetakchilari 13 sentyabr kuni Vashingtonda uchrashishni rejalashtirgan.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Blinken va Lemmi Kiyevga tashrif chog‘ida Ukrainani 2025 yil uchun uzoq muddatli reja ishlab chiqishga undash niyatida bo‘lgan. Agentlik manbalari AQSH ATACMS raketalarini Rossiyaning ichki hududlariga uchirishiga rozilik berishdan oldin Ukraina raketalar bilan qanday obyektlar va nima uchun nishonga olinishini batafsil bayon etishini istagan. Bloomberg qayd etishicha, AQSH Nyu Yorkda sentyabr oyi oxirida o‘tadigan BMT Bosh assambleyasi arafasida cheklovlarni olib tashlashi «dargumon», shu bilan birga, Bayden bu boradagi siyosat tez orada o‘zgarishi mumkinligi haqida gapirishi mumkin. AQSHning uzoq masofaga zarbalar bo‘yicha pozitsiya Nyu Yorkdagi uchrashuvga qadar o‘zgarishi mumkinligi haqida The Times ham Buyuk Britaniya hukumatidagi manbaga tayanib xabar tarqatgan.

Ko‘plab amerikalik mulozimlar, jumladan prezident Jo Bayden va mudofaa vaziri Lloyd Ostin mojaro keskinlashuvidan qochish maqsadida Rossiya ichkarisiga uzoq masofali qurollar bilan zarba berishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga qarshi edi. Shu bilan birga, 2024 yil mayida Bayden Ukrainaga Amerika qurollari bilan Rossiyadagi nishonlar bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berdi — ammo faqat Xarkiv oblasti bilan chegara yaqinidagi hududlarga. Shundan keyin AQSH prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan shu qaror tufayli Rossiyaning Xarkiv tomon yurishi to‘xtab qolganini aytdi.

Kremldagilar G‘arb mamlakatlari va Ukraina «kamuflyajda muhokama» olib bormoqda, Rossiya hududi bo‘ylab zarbalar berish bo‘yicha qaror esa allaqachon qabul qilingan, deb hisoblaydi. Bu haqda RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 12 sentyabr kuni «Izvestiya» gazetasiga aytib o‘tdi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb qurollari bilan Rossiyaga zarba berishga yo‘l qo‘yilishi Moskva tomonidan «tegishli reaksiya»ga sabab bo‘ladi. «Tabiiyki, bu kollektiv G‘arb mamlakatlari Ukraina atrofida urushga jalb etilishini sezilarli darajada oshiradi», — degan Peskov.

Bundan bir kun oldinroq Kreml vakili AQSH Amerika raketalari bilan Rossiya bo‘ylab zarba berishiga qo‘yilgan cheklov bekor qilinishi ehtimoli borasida «hammayoqda qandaydir javob kutish kerak emasligi»ni aytgandi. «Maxsus harbiy amaliyotdagi harakatlarning o‘zi javob hisoblanadi. Kollektiv g‘arb qabul qilayotgan va keyin Ukraina bajarayotgan bu kabi har bir qaror shunchaki maxsus harbiy amaliyot to‘g‘riligi, zarurligi va bundan boshqa yo‘li qo‘yligini yana bir bor tasdiqlamoqda», — degan Peskov.

Keyinroq RF prezidenti Vladimir Putin ham Rossiyaga yuqori aniqlikdagi G‘arb qurollari bilan zarba berish NATO urushda bevosita ishtirok etishini anglatishi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari bunday zarbalarni amalga oshirishga qodir emas, bu faqat Ukrainada mavjud bo‘lmagan NATO sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotlaridan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.

Bundan tashqari, Putinning fikricha, faqat alyans harbiy xizmatchilari «ushbu raketa tizimlariga parvoz vazifalarini yuklashi mumkin». «[Biz bunday zarbalarga ruxsat berish qarori haqida gapirganda], NATO davlatlari harbiy mojaroda bevosita ishtirok etadimi yoki yo‘qmi, degan qarorni qabul qilish haqida gapiramiz», dedi Putin. Putin so‘zlariga ko‘ra, agar qaror qabul qilinsa, bu «mojaroning mohiyatini, tabiatini o‘zgartiradi» va bu NATO mamlakatlari Rossiya bilan urush holatida ekanini bildiradi.

Xabarlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya va AQSH, Rossiya ichkarisiga g‘arbning uzoq masofali qurollari bilan zarba berish borasidagi munosabatini Eron RFga o‘z ballistik raketalarini berganidan keyin o‘zgartirgan. London va Vashington vakillari 10 sentyabr kuni Rossiya allaqachon Erondan ballistik raketalar partiyasini qabul qilib olgani va katta ehtimol bilan yaqin haftalar ichida ulardan Ukraina bo‘ylab zarbalar berishda foydalanishi mumkinligini aytishgan. Blinken Rossiya «Fath-360» tizimining maksimal masofasi 120 kilometr atrofida bo‘lgan ballistik raketalarni olganini bildirgan. The Times ma’lumotiga ko‘ra, Eron birinchi partiya doirasida 200 dan ortiq raketa yuborgan. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Kiyevda 11 sentyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Eronning harakatlarini «jiddiy va xavfli eskalatsiya» deb baholadi.

Buyuk Britaniya uzoq vaqtgacha AQSH qarshiligi tufayli Ukrainaga Storm Shadow raketalarini RF hududi bo‘ylab qo‘llashga ruxsat bera olmay kelmoqda, deb yozgandi britanlarning The Times gazetasi 16 avgust kuni. Manbalarga ko‘ra, London iyul oyida Vashingtonga tegishli so‘rov yuborgan, ammo javob olmagan. Britaniya hukumati AQSHdan tashqari raketalarning yana bir ishlab chiqaruvchisi Fransiya hamda NATO a’zosi bo‘lgan yana bir mamlakat (katta ehtimol bilan, ushbu raketa ishlab chiqarilishida qatnashadigan Italiya nazarda tutilgan) roziligini olishi talab etilardi.

Buyuk Britaniya rasmiylari, britan raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llanishi ehtimolini izohlarkan, bir necha bor Ukraina gumanitar huquqqa rioya etishi lozimligini ta’kidlagandi. Iyun oyida Buyuk Britaniyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Rishi Sunak La Repubblica bilan suhbatda, Ukraina raketalardan «xalqaro gumanitar qonunlar doirasida» foydalanishi mumkinligini aytgandi. Iyul oyidan Britaniya hukumatini boshqara boshlagan Kir Starmer Bloomberg nashriga raketalar «xalqaro gumanitar huquqqa muvofiq» holda, shuningdek «mudofaa maqsadlarida» qo‘llanishi lozimligini ta’kidladi.

Starmerning bu bayonotidan keyin Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Ukrainaga Storm Shadow raketalaridan Rossiyaning ichkari hududlariga zarbalar yo‘llash uchun foydalanishga ruxsat berilmaganini ma’lum qildi. Britaniyalik mulozimlar The Telegraph uchun bergan izohida Storm Shadow bilan RF hududiga zarbalar yo‘llanishi «urushda eskalatsiyaga olib kelishi va Buyuk Britaniyani Rossiya bilan mojaroga tortishi mumkinligi»dan xavotirda ekanliklarini aytishgan.

Fransiya hukumati rasman Ukrainaga SCALP raketalaridan (Storm Shadow'ning fransuzcha varianti) Rossiya bo‘ylab zarbalar yo‘llashga ruxsat bermagan, ammo Makron Ukraina qurolli kuchlariga rossiyaliklarning harbiy bazalarini «zararsizlantirish»ga imkon berish kerakligini aytgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu haqda may oyidayoq gapirgandi. «Biz ularga [Ukrainaga] raketalar uchirilayotgan harbiy bazalarni bartaraf etishga ruxsat berishimiz lozim», — degandi Makron.

Shundan ko‘p vaqt o‘tmay harbiy aviatsiyaning shaxsi sir tutilgan zobiti BBC bilan suhbatda Makronning so‘zlari SCALP raketalaridan Rossiya hududlari bo‘ylab foydalanishga ruxsat sifatida qabul qilinganini aytdi. Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, endilikda Ukraina qurolli kuchlari Kursk va Belgorod oblastlaridagi aerodromlarga shunday raketalar bilan zarbalar berish mumkin edi, ammo ukrain aviatsiyasining cheklangan texnik imkoniyatlari bunday zarbalar yo‘llashga imkon bermasdi.

AQSH rasmiylari uzoq vaqtgacha Ukrainaga ATACMS raketalarini berishdan ham bosh tortib turgan, Kiyev bunday raketalarni urushning ilk kunlaridan boshlab so‘ragan. 2023 yil oktyabrida Amerika nashrlarida tarqalgan xabardan Ukraina AQSHdan MGM-140A Block I variantidagi, kassetali o‘q-dorilarga ega hamda uchish masofasi 160 kilometrga yetuvchi ATACMS raketalarini olgani ma’lum bo‘ldi. Ukraina qurolli kuchlari 2023 yil 17 oktyabrida ilk bor ATACMS'ni Rossiya qo‘shinlariga qarshi qo‘llab, Luhansk va Berdyanskdagi aerodromlarga zarbalar yo‘lladi. Avvaliga AQSH ukrain qo‘shini raketalarni Rossiya ichkrisidagi nishonlarga uchirishi va bu eskalatsiyaga olib kelishidan qo‘rqib, bunday yetkazmalarga qarshi edi.

Keyinroq Ukraina uchish masofasi 300 kilometrgacha yetuvchi MGM-164A Block II variantidagi raketalarni ham qabul qilib oldi. Reuters agentligi 2024 yil aprelida AQSH bunday raketalarni maxfiy ravishda yetkazib berganini xabar qilgan. Ukraina qurolli kuchlari ularni ilk bor 17 aprelda qo‘llab, Qrimdagi harbiy aerodromga zarba berdi. Shuningdek, Ukraina ATACMS'dan iyun oyida Sevastopolga zarba berishda foydalandi, kassetali o‘q-dorilarning bir qismi plyajga tushdi, o‘shanda to‘rt kishi halok bo‘lib, 150 dan ortiq kishi yaralandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainaga Storm Shadow bilan Rossiya bo‘ylab zarba yo‘llashga ruxsat berildi