15:00 / 15.12.2024
15

Asad qay tarzda Rossiya propagandasi uchun noqulay ittifoqchiga aylandi?

Asad qay tarzda Rossiya propagandasi uchun noqulay ittifoqchiga aylandi?
Foto: Getty Images, BBC
Rossiya avvalboshda qo‘shilmagan bo‘lsa-da, Suriyadagi mojaro mamlakat uchun Yaqin Sharqdagi ta’sirini mustahkamlash vositasiga aylangandi. Rossiya propagandasi harbiy kampaniyani mahorat bilan Moskva tomonidan olib borilgan «tinchlikparvar» sa’y-harakatlar ramziga aylantirdi va ularni G‘arbning «bosqinchilik» ambitsiyalari bilan qarama-qarshi qo‘ydi.

Endi esa, Asad qochib ketganidan keyin, Rossiya televideniyesi sodir bo‘lgan voqealarda Suriya armiyasini ayblamoqda va Rossiya ular uchun jang qilishni rejalashtirmaganini ta’kidlamoqda. BBC Rossiya televideniyesida Suriya mojarosi yoritilishi qanday o‘zgarganini tahlil qildi.

«Asad generallari o‘z yurti topshirishdi»

Rossiya televideniyesi va hukumati Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadni o‘n yildan ortiq qo‘llab-quvvatladi. Biroq, 2024 yil dekabrida uning rejimi ag‘darilib, Asad Rossiyaga qochganidan so‘ng, Rossiya propagandasi asosiy e’tiborni Suriya armiyasining javobgarligiga qaratdi. Bosh tezisga ko‘ra, Rossiya harbiylari hech qachon Suriya hukumati armiyasi uchun jang qilishni rejalashtirmagan.

9 dekabr kuni Birinchi kanalning kechki yangiliklarida «hokimiyatning tezkor almashuvi kutilmagan hol bo‘ldi. Biroq bu yerda ajablantirgani — isyonchilarning Damashqqa yurishi emas, balki Suriya rahbariyati va armiyasining irodasizligi bo‘ldi. Ular aynan shu vaziyat haqida oldindan ogohlantirilgan edi», — deyildi.

RЕN-TV efirida sharqshunos Andrey Ontikov Suriya armiyasi harakatlarini «yaxshi tashkillashtirilmagan qochish» sifatida baholadi va «Asad armiyasi o‘z yurtini topshirdi», deb ta’kidladi.

NTV yangiliklarida «Rossiya harbiylari Damashq harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan, biroq hukumat armiyasi o‘rniga to‘liq harbiy harakatlarni olib borishni rejalashtirmagan», — deyildi. Bevosita Asadning o‘ziga nisbatan hech qanday ayblov bildirilmadi.

«Rossiya-1» telekanalida deputat Konstantin Zatulin «gumanitar yondashuv» sababli Vladimir Putin Asadga, oldingi yillarda esa Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichga siyosiy boshpana berganini ta’kidladi. Shunday qilinmasa, shak-shubhasiz ularning hayotiga xavf tug‘ilgan bo‘lishiga urg‘u berildi.

Asadga qarshi kurashgan kuchlar Siriyada to‘satdan hujum boshlaganidan so‘ng, Rossiya kanallari ularni deyarli yakdillik bilan «terroristlar» yoki «taqiqlangan ekstremistik guruh — Jabhat un-Nusra jangarilari» deb atagandi. Biroq, ular hokimiyatni egallagandan keyin aksariyat OAV ularni «isyonchi muxolifat» deb atashni boshladi. «Rossiya-1» telekanalida Olga Skabeyeva 9 dekabr kuni guruh yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘laniyni «mo‘tadil, pragmatik jihodchi» deb atadi.

Asad kuchlari va qo‘zg‘olonchilar o‘rtasidagi qisqa vaqtli to‘qnashuvlar chog‘ida Rossiya televideniyesi Rossiya havo kuchlari Suriya armiyasiga «jangarilar»ni bombardimon qilishda qanday yordam berganini qayta-qayta ko‘rsatdi. Bombardimonlar oqibatida tinch aholi o‘lgani rad etilib, buni «oq kaskalar» kabi G‘arb tomonidan moliyalashtirilgan guruhlarning «feyk»lari deb ataldi. NTV 2 dekabr kuni «Oq kaskalar»ni «asossiz videolar yordamida Suriya hukumatini obro‘sizlantirishga urinish»da aybladi.

Ukraina mavzusi ham chetda qolmadi. Birinchi kanal va NTV qo‘zg‘olonchilar qurollanishida «Ukrainadan kelgan dronlar va qurollar» haqida xabar tarqatdi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Idlibda «Ukraina razvedka xodimlari» jangarilarni o‘qitishga jalb qilinganini iddao qildi. RIA Novosti agentligi sobiq jangarining «Ukraina yo‘riqchilari dronlardan qanday foydalanishni o‘rgatgani» haqidagi intervyusini e’lon qildi. Lekin hozirgacha buni tasdiqlovchi videodalillar yo‘q.

Rossiyaning Suriyadagi kelajakdagi ishtiroki noma’lum bo‘lib qolmoqda. Rossiya televideniyesida «Rossiya o‘z harbiy bazalarini saqlab qolishni xohlaydi», degan ishoralar qilindi. «Rossiya-1» telekanalining «60 minut» tok-shousida general Andrey Kartapolov Suriyaning yangi muvaqqat hukumatida havo kuchlari, flot yoki havo hujumidan himoya tizimi yo‘qligini ta’kidladi.

«Bizning bazalarimiz esa jillaqursa boshlang‘ich bosqichda shu rolni bajarib bera olardi. Bu yigitlar buni aniq anglashi kerak. O‘zlaringniki yo‘qmi, kelinglar, biz sizga yordam beramiz. Xuddi sizlardan avvalgilarga yordam berganimiz kabi», — degan u.

Suriya «arab bahori» boshlanganidan so‘ng

Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolik urushi dastlab Rossiya televideniyesi tomonidan «arab bahori»ning davomi sifatida baholangan. O‘sha paytlarda telekanallar Asadni yoqlab chiqmagan, aksincha, uning rejimiga tanqidiy yondashgan.

Birinchi kanal propagandisti Mixail Leontev o‘z chiqishlarida voqealarda AQSH ta’sirini tilga olgan bo‘lsa-da, bu qarash asosiy mavzuga aylanmagan. 2011 yilda federal kanallarda berilgan syujetlarda ham Asad qo‘llab-quvvatlanmagan. Mamlakat qo‘shinlari tomonidan «hukumatga qarshi namoyishlarni bostirilayotgani» va «namoyishchilar qurbon bo‘layotgani» haqida xabar bergan. NTV «jahon hamjamiyati Asadni demokratik islohotlarni boshlashga chaqirgani, lekin u bu borada sustkashlik qilgani» xususida bayon qilgan.

Vaqt o‘tishi bilan Asadga qarshi kuchlar «qo‘zg‘alonchilar» yoki «ekstremistlar» deb atalgan bo‘lsa-da, o‘sha davrda Rossiya televideniyesida senzura kuchli emasdi. Shuning uchun xabarlar har ikki tomon qarashlarini aks ettirgan. Masalan, RЕN-TV 2011 yil sentyabrida Suriyadagi Rossiyaga qarshi namoyishlar haqida syujet ko‘rsatgan.

2011 yil avgustda Rossiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Dmitriy Medvedev telekanallarga intervyu bera turib, Asadga murojaat qilib, uni islohotlar o‘tkazishga va muxolifat bilan tinchlikka erishishga chaqirganini aytgan. U NTV efirida shunday degandi: «Afsuski, u yerda odamlar halok bo‘lmoqda. Agar Asad tinchlik o‘rnata olmasa, uni xunuk taqdir kutib turibdi».

O‘sha paytda xalqaro maydonda Rossiyaning diplomatik sa’y-harakatlari haqida ko‘p gapirilar, xususan, mamlakatning BMT Xavfsizlik Kengashidagi vakili «Liviya ssenariysi»dan qochish kerakligini ta’kidlagan, ammo ohanglarda Bashar Asadni ochiq qo‘llab-quvvatlash aks etmagan.

Qazzofiy o‘limidan so‘ng

Rossiya nashrlari 2011 yil Suriyaga tashrifi vaqtida patriarx Kirillni tinchlikparvar sifatida tasvirlashgandi
2011 yil 20 oktyabrda Liviya yetakchisi Muammar Qazzofiy mamlakatda boshlangan fuqarolik urushi davomida o‘ldirilgach, vektor sezilarli tarzda o‘zgara boshladi. Ushbu voqeadan bir hafta o‘tib, Suriyada fuqarolik urushi boshlanganidan buyon ilk bor Bashar Asadning intervyusi Birinchi kanal orqali efirga uzatildi.

«Rossiyaning roli nihoyatda muhim, biz krizisning ilk kunlaridanoq Rossiya hukumati bilan doimiy aloqada bo‘lib turdik, Suriyaning Yaqin Sharq va mintaqadagi vaziyatda muhim o‘rin tutishidan kelib chiqib, rossiyalik do‘stlarimizga vaoqealarni batafsil yetkazib berib turibmiz», — degandi o‘shanda Asad.

Rossiya televideniyesi noyabr oyida Suriyadagi vaziyatni «kuchayayotgan fuqarolik urushi» deb baholadi. Har kuni o‘nlab odamlar ko‘cha janglarida halok bo‘layotgani, muxolifat kuchlari qurolli qarshilik ko‘rsatayotgani, hatto ba’zi harbiylar muxolifat tomonga o‘tib ketgani haqida xabarlar berildi.

Efirlarda Rossiyaning Suriyadagi roli haqidagi maqtovlarga to‘la materiallar paydo bo‘ldi. Rus pravoslav cherkovi patriarxi Kirillning Suriyaga tashrifi «tinchlikparvar» missiya sifatida talqin qilindi. «Rossiya-1» kanalida Damashq ko‘chalarida «Rossiyaga rahmat» yozuvlari aks ettirilgan tasvirlar namoyish etildi.

Rossiya propagandasi Suriyani Rossiyaning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchisi sifatida ko‘rsatishga o‘tdi. «Admiral Kuznetsov» aviatashuvchi kreyseri Tartus portiga kelgani ham Rossiya qudrati namoyishi sifatida yoritildi.

2012 yildan muxolifatning radikallashayotgani haqidagi materiallar ko‘paya boshladi. «Suriya ozodlik armiyasi» a’zolari hukumat qo‘shinlariga hujum qilishni rejalashtirayotgani, ular orasida «banditlar va kallakesarlar» borligi haqida xabarlar tarqatildi.

«Rossiya-1» efirida «ularning yetakchisi Riyoz al-Asad jangarilar politsiya patrullari va uchastkalariga hujumlar seriyasini tayyorlayotgani, bu tashkilotni g‘arb huquqbonlari tobora prezident Bashar Asad rejimiga eng xalqona muxolifat deb atayotgani» ta’kidlandi.

Shunday qilib, Rossiya mediasi manzarasida Asadni qo‘llab-quvvatlashning kuchayishi va muxolifatga nisbatan salbiy yondashuv yaqqol ko‘rina boshladi.

2012 yil yanvarida RЕN-TV BMT Xavfsizlik kengashidagi «Suriya uchun navbatdagi jang» haqida xabar berdi. Kanalda AQSHning Suriya bo‘yicha qat’iy rezolyutsiyasini qabul qilishga intilishi keskin tanqid qilindi. AQSH va uning ittifoqchilari Asadni hokimiyatdan voz kechishga majbur qilishga harakat qilayotgani, bu esa «Liviya ssenariysi»ni takrorlashga qaratilgani aytilib, keskin rad etildi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘shanda shunday degandi: «Asad bizga do‘st emas, lekin uning iste’fosini talab qilmaymiz. Qazzofiy bilan bo‘lgan masalada aldangandik. Rejimlarni almashtirish bizning ishimiz emas».

Shu vaqtdan e’tiboran Kreml propagandachilari Suriyadagi voqealarda AQSH va Yaqin Sharq monarxiyalari ta’sirini ko‘rayotganini ochiq bayon qila boshladi. Ammo vaqt o‘tib, Yaqin Sharqdagi ayrim davlatlar bilan munosabatlar yaxshilangani sababli bu yondashuv o‘zgardi.

2013 yil avgust-sentyabr oylarida Suriyada tinch aholiga nisbatan kimyoviy moddalar qo‘llanishiga doir ayblovlar Rossiya mediasida ko‘p muhokama qilindi. Bir necha yuz kishi halok bo‘lishiga olib kelgan hodisalarda Suriya hukumati ishtiroki to‘liq rad etildi.

Lavrovning Washington Post'ga bergan intervyusida Rossiya surishtiruvlariga ko‘ra, zarin moddasini Suriya armiyasi qo‘llamagani, balki qo‘lbola snaryadlar orqali tarqatilganini ta’kidladi va Asaddan ayblovni olishga harakat qildi. O‘shandan buyon Rossiya shu kabi ayblovlarda o‘ylanmasdan Asad tarafda tura boshladi.

Rossiya televideniyesi Asadni himoya qilib, Vashington siyosatini tanqid qildi. Birinchi kanal Asad hukumati va «mo‘tadil muxolifat» bilan muloqot qilishni Rossiyaning asosiy strategiyasi, deb ta’kidladi. RЕN-TV esa hukumatni o‘z fuqarolarini o‘ldirishda ayblash mantiqsiz ekani haqida materiallar tayyorladi.

Shu tariqa, Rossiya mediasi Asadni himoya qilib, uning rejimini legitimlashtirishga qaratilgan narrativlarni ilgari surishda davom etdi.

Shunga qaramay, BMTning missiyasi Gutadagi hujumda «yer-yer» turidagi raketalar orqali zarba berishda zarin qo‘llanganini aniqladi, buning uchun tomonlardan hech birini ayblamadi. Keyinchalik Xalqaro kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti Suriya hukumati kamida 77 ta holatdan 17 tasida kimyoviy quroldan aniq yoki ehtimolli foydalanganini e’lon qildi.

Post-Qrim izolyatsiyasidan so‘ng «mo‘ljalli» bombalashlar

Qrim anneksiya qilinishi va G‘arb bilan munosabatlar yomonlashuvi Moskvaga xalqaro izolyatsiya kuchayishiga olib keldi. Shu sharoitda Rossiya Suriya mojarosiga yanada faolroq aralasha boshladi va 2015 yilda ISHIDga qarshi bombalashlarda ishtirok etdi.

Rossiya propagandasi 2014 yil iyunidagi prezidentlik saylovlaridan keyin Asadni qo‘llab-quvvatlashga kirishgandi. Bu saylovlar fuqarolik urushi boshlanganidan keyin o‘tkazilgan ilk saylov bo‘lgandi va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Asad 89 foiz ovoz to‘plagan. Rossiyaning «Rossiya-1» telekanali o‘sha paytda mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi saylov uchastkalariga borolmaganini ma’lum qildi. Buning sababi sifatida uch yildan beri davom etayotgan qonli urush keltirildi. Asad va Suriya xalqiga qarshi minglab xorijiy yollanma jangarilar kurashayotgani ta’kidlandi.

2014 yil sentyabrida AQSH va ittifoqchilarining ISHIDga qarshi aviazarbalari boshlanganida, Rossiya mediasi bunga keskin tanqid bilan munosabat bildirdi. Ular hujumlar BMT roziligisiz va Suriya hukumati bilan kelishmasdan amalga oshirilganini urg‘uladi. RЕN-TV kanalida AQSHning Suriyadagi harakatlari Viyetnam urushidagi yangiliklarni takrorlayotgani haqida ta’kidlandi va ularning g‘alaba qozonish ehtimoli yo‘q ekani qayd etildi.

Birinchi kanal 2014 yil sentyabrida ochiq-oydin kinoya bilan shunday degan edi: «Bir yil oldin bu ish amalga oshmadi, ammo endi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Barak Obama Suriyani bombardimon qilish uchun sabab topdi... Pentagon operatsiyaning muvaffaqiyati haqida hisobot bermoqda: Halab atrofida bir necha o‘nlab jangarilar, qurol-yarog‘ omborlari va hatto terrorchilarning qo‘mondonlik markazlari yo‘q qilingan. Isbot sifatida esa, masalan, Kfardarian shaharchasi vayronalarini keltirish mumkin. Lekin kechagina u yerda uylari bo‘lgan odamlar uchun bu u qadar ishonchli emas».

2015 yil sentyabrida Rossiyaning bombardimonlari boshlanganidan so‘ng, RЕN-TV shunday xabar qilgan: «Yevropada AQSH yetakchiligidagi koalitsiya o‘tgan bir yil mobaynida hech qanday natijaga erishmagani va faqat mintaqada xaosni yanada chuqurlashtirganini endi-endi tushuna boshlashdi. Ammo o‘tgan haftada Angela Merkel yana ehtiyotkorlik bilan amerikaliklarga yashirin xabar yo‘lladi: Rossiyasiz ISHID muammosini hal qilishning iloji yo‘q, Putin bilan hamkorlikni izlash kerak. Chunki bugungi kunda Suriya armiyasi ISHIDga qarshi kurashda yerdagi yagona samarali kuch va Rossiyaning havodan qo‘llab-quvvatlashi bilan Asad qo‘shinlari muvaffaqiyatli hujum amaliyotlarini o‘tkazmoqda. Amerikaliklar buni tan olishi kerak».

Shu bilan birga, Rossiya o‘z bombalashlarida tinch aholi qurbon bo‘lganiga doir ayblovlarni rad etdi. Rossiya media kanallari har bir hujum puxtalik bilan rejalashtirilgani va «yovvoyi xalifalik»ka qarshi yo‘naltirilganini ta’kidladi.

Ammo Suriya inson huquqlariga rioya etishni monitoring qilish markazi NNT ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yildan 2024 yil noyabrigacha bo‘lgan davrda Rossiyaning bombalashlari oqibatida 8763 nafar tinch aholi vakillari, 6 mingdan ziyod ishidchi va yana shunga yaqin boshqa qurolli guruhlar vakillari halok bo‘lgan. Rossiya mediasi bu raqamlar ustidan kulib, bu tashkilotlarning muxolifatga xayrixohligini tanqid ostiga oldi.

O‘shanda Rossiyaning Suriyadagi harbiy obyektlari haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi. 2015 yil oktyabrida telekanallar Hmeymim aviabazasiga xorijiy jurnalistlar tashrifini yoritdi. Bu baza o‘sha yili Suriyada tashkil etilgan edi. Noyabr oyida esa Tartusda Rossiya qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlash mitingi haqida xabar berildi.

«Bugun Tartusning barcha chekkalari bo‘shab qoldi. Shahar aholisi markazga yig‘ilib, Rossiya aviatsiyasining Suriyadagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi mitingda ishtirok etmoqda. Juda bir boshqacha, rasmiy nutqlarsiz miting o‘tkazilmoqda. Odamlar jurnalistlarga yaqinlashib, quchoqlab, buzuq rus tilida «Spasibo, Rusiya!» so‘zlarini takrorlashmoqda. Bu yerda sovet ittifoqida o‘qigan, rus ayollariga uylanganlar ko‘p. Biroq yordam uchun Rossiyaga minnatdorchilik bildirish uchun faqat ular emas, butun shahar kelgan», — deb ta’kidlangandi NTV syujetida.

2015 yil oktyabrida Rossiya ommaviy axborot vositalari fuqarolik urushi boshlanganidan keyin Asadning chet elga ilk tashrifini keng yoritdi. Asad Moskvaga Putin bilan uchrashuv uchun kelgan edi. Uchrashuvda Rossiya prezidenti Suriyani «biz uchun do‘stona davlat» deb atadi va Rossiya nafaqat terrorchilarga qarshi kurashishga, balki boshqa davlatlar bilan yaqin hamkorlikda siyosiy kelishuvga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.

2015 yil noyabr oyida Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar Su-24 bombardimonchi samolyoti Turkiya-Suriya chegarasi yaqinida urib tushirilishi sabab keskinlashdi. O‘shanda Mixail Leontev Birinchi kanalda shunday degan edi: «Suriyani yo‘q qilishga buyurtma berilgan bo‘lsa, biz buyurtmachini bilamiz, biz bu ish uchun kim mablag‘ ajratganini ham bilamiz, ammo Suriyani yo‘q qilishning amaliy tashkilotchisi etib Turkiya tayinlangan. Shuningdek, qochqinlar lagerlari deb atalayotgan lagerlar qochqinlar paydo bo‘lishidan oldinroq Turkiyada barpo etilgan. Qurol-yarog‘ va jangarilar Suriyaga Turkiya orqali, hatto fuqarolik urushi boshlanishidan oldinoq oqib kelgan va aynan shuning uchun bu urush boshlangan».

Biroq bu keskinlik uzoqqa bormadi. 2019 yilda Turkiyaning Suriyadagi kurdlarga qarshi operatsiyasi davomida «Rossiya-1» telekanali Turkiya o‘z chegaralari xavfsizligini ta’minlash uchun Suriyaga vaqtincha kirishga majbur ekanligini ta’kidladi.

Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng Turkiyaga nisbatan keskin tanqid ko‘p kuzatilmagan bo‘lsa, Isroilga nisbatan tanqidlar kuchaydi. «Rossiya-1» telekanalidagi yetakchi Yevgeniy Popov Isroilning qurolli operatsiyasini «quruqlikdan okkupatsiya qilish», deb atadi.

2015 yil oxiridan boshlab Rossiya propagandasi Putinning yillik matbuot anjumanidagi so‘zlarini faol qo‘lladi: «Agar biz Suriyada yaqinlashuv jarayoni boshlanganini ko‘rsak, siyosiy jarayon yo‘lga qo‘yilsa va Suriya armiyasi ham, Suriya rahbariyati ham endi otishni to‘xtatish kerak, kelishish lozim, deb hisoblasa, biz suriyaliklardan ham kattaroq «suriyalik» bo‘lib olmoqchi emasmiz, bizga bu nima uchun kerak?»

2024 yil dekabrida bu gaplardan Rossiyaning Suriyadagi maqsadi har doim ichki yarashuvga qaratilganini urg‘ulash uchun foydalanilmoqda.

Palmira egallanishidan ISHID ustidan g‘alabagacha

Suriyaning Palmirasi uchun janglar ISHID ustidan g‘alaba ramzlaridan biri sifatida ko‘rsatilgandi
2016 yil may oyida Palmira qo‘lga kiritilishi Rossiya va Suriya munosabatlari tarixida yana bir muhim voqea bo‘lgandi. Bu g‘alaba Valeriy Gergiyev rahbarligida simfonik orkestr tomonidan o‘tkazilgan konsert bilan nishonlanadi. Konsert «Rossiya 1» telekanalida namoyish etiladi va unda Vladimir Putin orkestrga «ajoyib gumanitar aksiya» uchun minnatdorchilik bildiradi. Biroq, Palmira bir necha oydan keyin yana boy beriladi va faqat keyingi yilda qaytarib olinadi.

Palmiraning qaytarib olinishi propaganda uchun televideniyedan tashqarida ham qo‘llandi. Shu yili prezident granti hisobidan chop etilgan «Suriyadan muhabbat ila» taqvimi nashr etildi. Unda suriyalik qizlarning Rossiya qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlovchi iboralari keltirilgan edi: «Mening Palmiram taqdiri sening qo‘lingda», «Mening zaminim sening nazoratingda bo‘lganda tinchiman».

2016 yil dekabrida terrorchilar Palmirani yana egallab olganida, Rossiya telekanallari diqqatni Halab Suriya armiyasi nazoratiga qaytganiga qaratishadi. Putin bu voqeani «Turkiya va Eron prezidentlarisiz qo‘lga kiritish imkonsiz bo‘lgan zamonaviy dunyodagi eng yirik gumanitar aksiya», deb atadi.

O‘shanda Birinchi kanal shunday xabar bergan edi: «Terrorchilar Halabdagi pozitsiyalarini tezlik bilan yo‘qotar ekan, boshqa strategik ahamiyatga ega shaharga zarba berishga qaror qilishdi — bahorda Rossiya harbiy aviatsiyasi yordamida Suriya armiyasi tomonidan ozod qilingan Palmiraga jangarilar qaytadan hujum qilishdi. Bu Palmiraga hujum qilishga ikkinchi urinishdir... Yo‘qotishlarga qaramasdan, ular [jangarilar] shahar markazida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashga harakat qilishmoqda, chamasi, Rossiya samolyotlari turarjoylarga zarba bermasligini bilishadi».

2017 yil dekabrida Rossiya davlat telekanallari «ISHIDning Suriyadagi uzil-kesil mag‘lubiyati» haqida xabar berib, AQSHni tanqid qildi.

«AQSH ISHIDning Suriyada batamom yakson bo‘lganiga ishonishdan bo‘yin tovlayapti… Bunga javoban Rossiya mudofaa idorasi shunday javob qildi: modomiki ISHID qayerdadir yengilmagan bo‘lsa, bu AQSHning to‘liq mas’uliyati ostidagi zona bo‘lmish Iroqda bo‘ladi», — deyildi RЕN-TV efirida.

Aslida, ISHID Suriyadagi hududlarni 2019 yil mart oyiga qadar nazorat qilgan, o‘shanda Suriya demokratik kuchlari (SDK) AQSH boshchiligidagi koalitsiya yordamida Suriyaning sharqiy qismidagi Bag‘uzda ISHIDning oxirgi tayanch nuqtasini egallagan. Ammo bu voqea Rossiya televideniyesida deyarli e’tiborsiz qoldi. Buning o‘rniga, bombalashlar chog‘ida tinch aholi halok bo‘lgani va oq fosfor qo‘llangan bo‘lishi ehtimoli haqida hikoya qilingan.

2017 yil dekabr oyida Putinning Hmeymimga birinchi va yagona tashrifi hamda Rossiya qo‘shinlarining katta qismini Suriyadan olib chiqish jarayoni Rossiya televideniyesida keng yoritildi. Televideniyeda qo‘shinlarning bir qismi qoldirilishini olqishlab, bu «O‘rta Yer dengizi mintaqasida xavfsizlik va strategik tiyib turishni ta’minlash, shuningdek, Rossiyaning Yaqin Sharqdagi mavqeyini mustahkamlash imkonini beradi», deya ta’kidlandi.

Telekanallar Putinning Kremlda Suriyadagi operatsiyada qatnashgan 600 dan ortiq askar va ofitserlarni qanday taqdirlaganini ko‘rsatdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, ikki yarim yildan sal ko‘proq vaqt davomida Suriyadagi operatsiyalarda 48 mingdan ortiq ofitser va askarlar qatnashgan. Harbiylar nomidan unga (hozir obro‘sizlantirilgan) general Sergey Surovikin minnatdorlik bildirdi. «Suriyadagi jangovar vazifalarni bajarar ekanmiz, biz Rossiyani himoya qilayotganimizni bir daqiqaga ham unutmadik va ularni muvaffaqiyatli bajarishga majbur edik», degandi Surovikin.

Senator Aleksey Pushkov NTV efirida shunday dedi: «Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasi siyosiy borada katta ilgarilashni ta’minladi. Bu juda ulkan yutuq. Rossiya Yaqin Sharqqa yetakchi barqudrat davlat sifatida qaytdi. Ko‘plab odamlar hatto asosiy barqudrat davlat deb hisoblamoqda... Rossiyaning Yaqin Sharqda hozirgi kabi ta’siri sovet ittifoqi davridan beri bo‘lmagandi. SSSRning esa bu mintaqada juda katta ta’siri bor edi».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Asad qay tarzda Rossiya propagandasi uchun noqulay ittifoqchiga aylandi?