22:53 / 13.01.2025
78

Eron yadroviy dasturini rivojlantirish uchun Rossiyaga maxfiy missiyalar yuborgan(mi?)

Eron yadroviy dasturini rivojlantirish uchun Rossiyaga maxfiy missiyalar yuborgan(mi?)
Foto: Getty Images
Eron bir necha bor mamlakat oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiyning maslahatchisini Rossiyaga maxfiy diplomatik missiya bilan yuborgan, deb yozadi The Times. Bu orqali Tehron oʻzining harbiy imkoniyatlarini mustahkamlashni reja qilgan.

Ma'lumotlarga koʻra, Moskva va Tehron oʻrtasida Eron parlamenti sobiq spikeri va yadroviy masalalar boʻyicha muzokarachi — oyatullohning maslahatchisi Ali Larijoni qatnagan. Gʻarb razvedkasining ma'lum qilishicha, ushbu safarlar orqali Eron oʻzining yadroviy dasturini rivojlantirishda Rossiyadan yordam va ekspertiza olishni maqsad qilgan. Tashriflar maxfiy tarzda oʻtkazilgan, chunki Tehron va Moskva gʻarb sanktsiyalari kuchaytirilishidan xavotirda.

Shuningdek, The Times manbalariga koʻra, Eron Rossiyaning Su-35 qiruvchi samolyotlarini qoʻlga kiritish va Isroil tomonidan yoʻq qilingan havo hujumidan mudofaa tizimlarini qayta tiklash niyatida. Bundan tashqari, Tehron Rossiyaning mintaqadagi keng ishtiroki sabab «Hizbulloh»ni qayta qurollantirish uchun logistik yordam soʻragan.

Nashr manbalarining ta'kidlashicha, Rossiyaning Eron raketalari va dronlariga ehtiyojlari borligi inobatga olinadigan boʻlsa, «Moskva Eron yadroviy dasturi boʻyicha oldinroq tortilgan qizil chiziqni bosib oʻtishga tayyorligiga oid xavotir mavjud».

NATOning yadro qurolini tarqatmaslik boʻyicha sobiq direktori Uilyam Alberkning qayd etishicha, Eron yadroviy bomba yaratishda yordamga muhtoj boʻlmasa-da, «Rossiya bilan yashirin hamkorlik qilishdan shubhasiz foyda koʻradi». U eronlik mutaxassislar 24 soatga boʻlsa ham Rossiyadagi yadroviy ob'ektlardan biriga yuborilgudek boʻlsa, koʻp narsa oʻrganishini taxmin qilmoqda.

Ta'kidlanishicha, Tehron va Moskva oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash jarayonlari Yaqin Sharqda pozitsiyasini yoʻqotgan va gʻarb sanktsiyalari tufayli iqtisodiy qiyinchiliklari oshib borayotgan Eronning qiyin davriga toʻgʻri kelgan.

Shu bilan birga, Eron sanktsiyalar olib tashlanishi va Evropa Ittifoqi davlatlari bilan yadroviy dastur muhokamasini qayta tiklashga urinmoqda. Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyadan iborat E3 deb ataluvchi guruh vakillari bilan Eron muzokaralarining ikkinchi raundi 13 yanvar kuni Jenevada boʻlib oʻtishi kerak; birinchisi noyabrda oʻtkazilgan edi.

Shunga qaramay, Tehron rasmiy maydonda Moskva bilan hamkorligini mustahkamlayapti — 17 yanvar kuni Moskvaga Eron prezidenti Mas'ud Pizishkiyon tashrif buyuradi. U Rossiya bilan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda.

Axios’ning qayd etishicha, Jo Bayden prezidentligi davrida Eronning yadroviy dasturi «sezilarli darajada oldinga siljigan». 2023 yil dekabr oxirlarida MAGATE Eron 60 foizgacha boyitilgan uran ishlab chiqarish sur'atini oshirganini ma'lum qilgandi (yadroviy qurol uchun 90 foizgacha boyitilgan uran kerak boʻladi). 2024 yil bahorda Bayden administratsiyasi yadroviy tadqiqotlardan «jiddiy xavotiri» boʻyicha ogohlantirish yuborgan. Shu bilan birga, Eron yadroviy qurol yaratmoqchi ekanini rad etib keladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo