![Gʻazoni yegani boʻrilar keldi. Musulmon dunyosi qani?](/uploads/posts/2025-02/72062f76c1_narkotik-7.webp)
Donald Tramp hokimiyatga keliboq, Gʻazoni gʻazoliklardan tozalab, bu erlarda nazorat oʻrnatishini aytdi. Bu – de-fakto sektorni Isroilga olib berish degani. Boshida buni koʻpchilik jiddiy olmadi, muzokara taktikasi deya yaxshi gumon qildi. Lekin Tramp rostdan ham gʻazoliklarni koʻchirish uchun joy izlayapti.
AQSh prezidenti bu maqsadiga erishish uchun arab davlatlariga qattiq bosim qilyapti. Ikki milliondan ortiq gʻazoliklarni koʻchirib, bu erlarni toʻliq Isroilga berish niyatida. Tarixda koʻrilmagan bezbetlik, ochiq-oydin etnik tozalashga urinish.
Gʻazo, Falastin mana 77 yildirki qon yigʻlaydi. 1948 yilda tashkil topgan Isroil tinimsiz jabr-zulm qiladi. Isroil faqat kengayib bormoqda. Falastin esa shu paytgacha tashkil topmadi. Shu paytgacha Isroil “bir kun Falastin davlati tashkil topar, lekin hozir emas” deya aldab keldi. Bugun esa: “Umid qilmang, Falastin davlati hech qachon tashkil topmaydi” deb qoʻrqmasdan aytmoqda.
Isroil AQShga ishonadi, Gʻarbga suyanadi, qoʻrqmaydi, bilganini qildi va qilyapti.
Xoʻsh, nega ikki milliarddan ortiq musulmon dunyosi jim? Nega Gʻarb bu qadar qudratli boʻlib ketdi? Uning qudrati zamirida nima turibdi? Nega musulmon dunyosi bu qadar strategik zaiflik, holsizlik holatiga tushib qoldi?
Gʻarb liberalizm orqali kuchaydi. Erkinlik – juda qudratli tuygʻu, uning aksi boʻlmish – jabr-zulm, qaramlik va yoki qullik – inson qadr-qimmatini erga uruvchi holat. Barcha xalqlar, tsivilizatsiyalarda insonlar teng qobiliyatlar bilan tugʻilishadi. Ba'zi xalqlarning miyasi tugʻma kuchli, boshqalari tugʻma ongi past boʻlmaydi. Faqat oʻsha jamiyatlardagi, davlatlardagi vaziyat, siyosiy tizimlar, oʻrnatilgan oʻyin qoidalari bu xalqlarning ba'zilarini juda qudratli, ba'zilari zaif boʻlishiga sababchi boʻladi. Jamiyatda insonlar oʻrtasidagi munosabatlarda erkinlik asosiy qoida boʻlar ekan, jabr-zulmga yoʻl berilmas ekan, raqobatning asosida erkin insonlar munosabati turar ekan, jamiyatlar katta milliy boylik yaratishi – qonuniyat. Ushbu davlatlar iqtisodiy, siyosiy, harbiy qudrat oʻstirishi – qonuniyat.
Gʻarb demokratiya orqali, huquqiy davlatchilik orqali, iqtisodiy va siyosiy liberalizm orqali kuchaydi, global qudratga erishdi. Aksariyat musulmon davlatlari esa haliga qadar oʻzining oʻzliklari, xavfsizlik, erkinlik va dunyoviy davlatchilik oʻrtasida muvozanat qura olgani yoʻq.
Davlatlar ham odamlarga oʻxshaydi. Tasavvur qiling, yoʻlda ketayotib, yoʻlidan ariq chiqsa, kimdir qoʻrqmasdan sakrab, yoʻlida davom etadi. Yana kimdir oʻzini oʻzi qoʻrqitib, “sakrab oʻtayotganimda ariqqa yiqilib tushsam nima boʻladi?” deya, ariq oldida qotib turaveradi.
Jamiyatga erkinlik berish, siyosiy plyuralizmni joriy qilish orqali davlat va jamiyat oʻzining taraqqiyotini, rivojlanishini tezlashtiradi. Jamiyatga erkinlik bera olmasdan qoʻrqqan davlatlar, oʻsha ariqdan sakray olmasdan, joyida depsinayotgan odamlarni eslatadi.
Oʻzbekiston jamiyatida “demokratiya, liberalizm – Gʻarbning quroli, boʻysundirish texnologiyasi” degan qarash bor. Aslida esa, mutlaq teskarisi. Demokratiyaga koʻra, jamiyatning qadriyatlari, manfaatlari nima boʻlsa, koʻpchilik nimani xohlasa – shu narsa ichki va tashqi siyosatda oʻz aksini topadi. Erkin jamiyat oʻz hokimiyatiga ichki va tashqi kursni oʻzi belgilab beradi. Erkin jamiyat ustida faoliyat yuritayotgan hokimiyat ham erkin, joʻshqin va faol boʻladi. Natijada, erkin jamiyat ustida erkin davlat boʻladi, va agar vaziyat taqozo qilsa, Gʻarb bilan ham, Sharq bilan ham bemalol bahslasha oladi.
Bu vaziyatni ifodalash uchun, Yaqin Sharqdagi avtoritar va nisbatan demokratik boʻlgan ikki qutbni keltirish mumkin. Saudiya yoki Misr – avtoritar davlatlar. Bu davlatlar oʻz xalqidan hadiksiraydi, shuning uchun tashqi homiyga muxtoj. Turkiya esa, nisbatan demokratik – saylovlar xolis, siyosiy raqobat mavjud, hokimiyat almashib turadi, parlamentda muxolifat bor.
Xoʻsh, Gʻazo va Falastin borasida nega Saudiya yoki Misr koʻpincha jim, va nega Turkiya ancha faol? Sababi oddiy. Turkiya nisbatan demokratik boʻlgani uchun, xalqidan qoʻrqmaydi, xalqining istagini his qiladi, xalqiga tayanib, Gʻarbga qarshi bora oladi. Saudiya yoki Misr esa, avtoritar boʻlgani uchun, xalqi bilan tirashuvi chuqur boʻlgani uchun ham, tashqi homiy – AQSh yoki Gʻarbga mute.
Demokratiya – zaif davlatchilik degani emas. Demokratiya – bu xalq bilan hokimiyatning erkinlik asosidagi kuchli ittifoqi. Musulmon dunyosi oʻzining zaifligidan chiqishi uchun ham, oʻz xalqining irodasini ichki va tashqi siyosatda baralla ayta olishi uchun ham, vaqti kelib Gʻarbga qarshi tura olishi uchun ham, demokratiyani qabul qilish kerak boʻladi.
Demokratiya – uni kim qabul qilsa, shu jamiyatning manfaatlari uchun ishlaydi. Kim koʻpchilik boʻlsa – ularning irodasi gʻalaba qozonadi, lekin kamchiliklarga ham jabr-zulm qilinmaydi.
AQSh – demokratik davlat. Amerikaliklar Trampga ovoz berdi. Trampning elektorati – xristian fundamentalistlar, xristian sionistlar. Isroil hokimiyatida – yahudiy ekstremistlar. Bular oʻz xalqining xohishini bajarib, gʻazoliklarning erini, vatanini, uy-joyini tortib olmoqchi. Ikki milliardlik musulmon dunyosi esa – jim.
Biz ham qudrat boʻlishimiz uchun, davlat va xalq birligiga, jamiyatning erkin va faol boʻlishiga, davlatning qudratli va ovozi baland boʻlishiga erishishimiz kerak. Aks holda, dunyoda boshlangan qudratlilar kurashida, emish sifatida koʻrilamiz. Buning uchun, eng avalo, siz oʻz farzandlaringizga erkin va tanqidiy fikrlashni oʻrgating, unga ilm va siyosiy zehniyat bering. Bizga bogʻliq boʻlgan birlamchi vazifa – mana shu.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
siyosatshunos
Manba: Kun.uz
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar