
Vladimir Putin Ukrainaga urush boshlaganini tushuntirishda, ikkita qarama-qarshi qarash, pozitsiya bor. Bu qarashlardan biri Rossiyani ma’naviy jihatdan oqlasa, ikkinchisi uni to‘liq agressor qilib ko‘rsatadi.
Tramp va Putinning yaqinlashuvi fonida, Rossiya-Ukraina urushi yangi fazaga o‘tadi. Endi Ukraina faqat Yevropa Ittifoqiga to‘liq tayana oladi, AQSH esa neytral pozitsiyaga o‘tmoqda. Ayni paytda, Tramp Ukrainani Rossiya bilan kelishishga majbur qila olmaydi. Agar Ukraina o‘zining hududiy yaxlitligi uchun urushni davom ettiraversa, AQSH Ukrainaga yordam bermasligi mumkin, lekin urushni to‘xtatish borasida ta’sir vositalari juda cheklangan. Yevropa Ittifoqi esa Rossiyadan qo‘rqadi, Ukraina yengilsa, Putin yangi urush boshlaydi deb ishonadi.
Mana shu fonda Putinning asl motivlari nima edi, degan savol har doimgidan ham dolzarb. Chunki Ukraina urushi tugashi yoki past intensivlikka o‘tishi mumkin bo‘lgan vaziyatda, keyinchalik nimalar bo‘lishini Putinning ichki motivlari belgilab beradi.
Demak, shu paytga qadar, ikkita qarama-qarshi motivlar haqida gapirildi.
AQSHlik taniqli olim Jon Mirshaymer, yoki Kolumbiya universiteti taniqli professori Jeffri Saks kabi olimlar “Putin faqat NATOning kengayishidan qo‘rqyapti, lekin SSSRni tiklash degan gap – nojiddiy” degan qatiy fikrda. Bu olimlar ko‘p yillardan buyon ushbu qarashini aytib kelishadi.
Ikkinchi, lekin nisbatan juda keng tarqalgan qarash shuki, “Putinning asl maqsadi – aslida SSSRni u yoki bu ko‘rinishda tiklash, NATO – bu shunchaki bahona”. Bu qarash tarafdorlari – ko‘plab ekspertlar, siyosatchilar, davlatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqidagi eng asosiy meynstrim qarash mana shu hisoblanadi. Ushbu qarashni asoslovchi Putinning bayonotlari ham kam emas. Misol uchun, Putinning “20-asrdagi eng katta geosiyosiy fojia – bu SSSRning qulashi bo‘ldi” va shunga o‘xshash gaplari, ikkinchi qarash tomonlari tomonidan dalil sifatida keltiriladi. Tabiiyki, Putin o‘zini oqlash uchun “SSSRning qulashini fojia deb aytganman, lekin SSSRni tiklash – xomxayol” degan bayonotlar ham berib qo‘ygan.
Xo‘sh, Vladimir Putin qaysi motiv bilan Ukrainaga bostirib kirdi, va bu urush tugagach qolgan davlatlarni nima kutadi?
Nazarimda, ikkala motiv ham Putinning asosiy motivlari hisoblanadi. Birlamchi vazifa, yoki “minimum vazifa” – bu NATOning kengayishiga imkon bermaslik edi. Chunki tarixan NATO – SSSRga va uning o‘zagi hisoblanmish Rossiyaga qarshi tuzilgan tashkilot. Gorbachev, Yelsin davrida ham, Putin davrida ham NATO Rossiya uchun tahdid sifatida ko‘rilgan, ko‘riladi. Rossiya o‘zini qurshovga olinayotgan deb his qiladi. 2008 yilda, AQSH prezidenti Jorj Bush tomonidan Ukraina va Gruziya NATOga rasman taklif qilingach, bu Putinning jiddiy noroziligiga sabab bo‘lgan edi.
Ikkinchi motiv – Moskvaga moyil bo‘lgan geosiyosiy qutb yaratish, postsovet hududida o‘zining “komandasini” tuzish – Putin uchun “maksimum vazifa”, ya’ni imkoniyat bo‘lganda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifa sifatida ko‘rilgan. 2003-2014 yillar mobaynida dunyo bozorida neft narxi juda qimmat bo‘ldi. Rossiya trillionlab daromad ko‘rdi. Katta pul bilan katta ambitsiyalar ham shakllanib bordi. Putin postsovet hududida ikkita katta loyiha tashkillashtirdi. Harbiy-strategik jihatda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bo‘lsa, iqtisodiy jihatdan Yevrosiyo Ittifoqi bo‘ldi. Postsovet hududidagi NATOga a’zo bo‘lmagan barcha davlatlarni mana shu ikki tashkilotga a’zo qilishga harakat qildi, lobbi qildi, yashirincha va oshkora bosimlar uyushtirdi. Lekin, Ukraina urushi sabab, Rossiya nazorati ostidagi mana shu ikki loyiha ham ma’naviy zaiflashdi, qadrsizlandi.
Bugun Yevropa Ittifoqi kuchli xavotirda. YEI siyosatchilarining aytishicha, RF kuchli qurollanishda davom etmoqda. Va bu qurollanish Ukraina urushidan keyingi Rossiyaning qandaydir rejalari bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatishi mumkin. Ehtimoliy nishondagi davlatlar sifatida Moldova, Boltiqbo‘yi respublikalari, va hatto Polsha ham tilga olinadi. Moldovadan tashqari qolgan davlatlar – NATO a’zolari. Lekin Tramp hokimiyatga kelgach, NATOning o‘zi ham ma’lum inqirozda. NATOga a’zo davlatlar sabab, AQSHning so‘ssiz urushga kirishi – shubha ostida.
Ukraina hali yengilmadi. Lekin u jiddiy zaiflashdi. Chunki u tarafda bo‘lgan AQSH neytral pozitsiyaga o‘tdi, hatto Putinga qo‘shilib, Zelenskiyga bosimlar ham qilyapti. Putin o‘zining minimum vazifasi bo‘lmish NATOni to‘xtatishga erishgandek.
Bu vaqtda, qo‘shni Qozog‘istondagi hatto davlatga yaqin ekspertlar ham xavotirini yashirmayapti. Ularning aytishicha, Ukrainani to‘liq yengsa, Putin Qozog‘istonga bosimlarni kuchaytiradi.
Nima bo‘lganda ham Markaziy Osiyo davlatlari hamjihatlik, birlik va integratsiya ko‘rsatishi – tarixiy vazifa hisoblanadi. Shu kunlarda qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston chegara masalasida to‘liq kelishuvga erishdi. Bu esa, Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va hamkorlik uchun kerakli bo‘lgan ijobiy muhitni kuchaytiradi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
siyosatshunos

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar