Xitoy olimlari olti kunda o‘z-o‘zini yo‘q qiladigan “tirik plastik” ishlab chiqishdi

Xitoylik olimlar ilm-fan olamida yana bir noodatiy ixtiro bilan jamoatchilik diqqatini tortdi. Ular buyruq berilganda o‘z-o‘zidan parchalanadigan “tirik plastik”ni ishlab chiqdi. Eng muhimi, mazkur innovatsion material mikroplastik hosil qilmaydi va atrof-muhitni chiqindilar bilan ifloslantirmaydi. Bu haqda The Independent nashri xabar tarqatdi.
Hozirgi vaqtda ishlab chiqarilayotgan ko‘plab plastik mahsulotlar bir marta foydalanish uchun mo‘ljallangan. Ammo bunday materiallar tabiat bag‘rida yuzlab yillar davomida saqlanib qolishi bilan ekologik muammolarni yanada kuchaytirmoqda.
Tadqiqot muallifi Juojun Dayning ta’kidlashicha, an’anaviy plastiklar asrlar davomida yo‘qolmaydi. Shu sababli olimlar parchalanish xususiyatini materialning o‘ziga singdirish g‘oyasi ustida ish olib borgan.
Yangi avlod “tirik plastik”i tarkibida maxsus mikroblar mavjud bo‘lib, ular plastikni yemiruvchi fermentlarni ishlab chiqaradi. Olimlar tajriba jarayonida oddiy Bacillus subtilis bakteriyasining ikki xil turidan foydalangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu bakteriyalar plastikni atigi olti kun ichida to‘liq parchalab yuboradi. Eng qizig‘i, jarayon yakunlanganidan keyin zararli mikroplastik qoldiqlari ham qolmaydi. Bakteriyalar plastik ichiga spora ko‘rinishida joylashtiriladi va zarur paytda “uyg‘otiladi”.
Tadqiqotchilar bakteriya sporalarini polikaprolakton — 3D bosma texnologiyalarida keng ishlatiladigan material tarkibiga qo‘shgan. Plastikni parchalash uchun esa uni maxsus ozuqaviy eritmaga joylashtirib, haroratni 50 darajagacha oshirish yetarli bo‘ladi. Shunda spora shaklidagi bakteriyalar faollashib, materialni mayda qismlarga ajrata boshlaydi.
Olimlarning fikricha, ikki xil bakteriyaning birgalikdagi faoliyati bitta bakteriya turiga nisbatan ancha samarali hisoblanadi. Chunki ulardan biri plastik zanjirlarni o‘rtasidan kessa, ikkinchisi chet qismlarini “kemirish” orqali jarayonni tezlashtiradi.
Ayni paytda mutaxassislar bakteriyalarni suv muhitida ham faollashtirish ustida ish olib bormoqda. Negaki, plastik chiqindilarning asosiy qismi aynan dengiz va suv havzalariga tushmoqda. Shu bilan birga, mazkur texnologiyani kelajakda boshqa turdagi plastik mahsulotlarga ham tatbiq etish rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!