Eron muzokaralar uchun AQSH oldiga beshta qat’iy talab qo‘ydi

Oq uy va Eron o‘rtasidagi diplomatik aloqalar yangi, ancha keskin pallaga kirdi. Fars agentligining ishonchli manbalariga tayanib xabar berishicha, rasmiy Tehron muzokaralarning navbatdagi bosqichiga o‘tish uchun Vashington zimmasiga «ishonchni qayta tiklash»ga qaratilgan beshta asosiy vazifani yukladi.
Ushbu talablar to‘plami AQSH tomonidan ilgari surilgan 14 banddan iborat tinchlik loyihasiga javob tariqasida yuborilgan bo‘lib, Eron tomoni Amerikaning takliflarini «bir yoqlama» va mamlakat milliy manfaatlariga zid deb baholagan.
Eronning «ishonch shartlari» nimalardan iborat?
Tehron quyidagi talablar so‘zsiz bajarilmas ekan, muloqotlar stoliga qaytmasligini qat’iy bildirgan:
Harbiy harakatlarni to‘xtatish: Barcha frontlarda, xususan Livan hududida urush olovini o‘chirish.
Iqtisodiy cheklovlarni bekor qilish: Eronga nisbatan joriy etilgan barcha sanksiyalarni olib tashlash.
Mablag‘larni qaytarish: Chet el banklarida muzlatib qo‘yilgan Eron aktivlariga qo‘yilgan taqiqni yechish.
Zararni qoplash: Qurolli to‘qnashuvlar va urush oqibatida yetkazilgan barcha moddiy zarar uchun tovon (kompensatsiya) to‘lash.
Geosiyosiy tan olish: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan Eronning to‘liq suverenitetini e’tirof etish.
Blokada va ishonchsizlik devori
Eron tomoni pokistonlik vositachilar orqali Oq uyga o‘z noroziligini yetkazgan. Ma’lum qilinishicha, dengiz blokadasining hamon davom etayotgani Tehronda Vashingtonning tinchlikka bo‘lgan intilishlariga nisbatan katta shubha va ishonchsizlik uyg‘otmoqda.
Vaziyat keskinlashmoqda: Yadroviy tahdid va harbiy rejalar
Shu yilning aprel oyidan buyon tomonlar o‘rtasida murt sulh amal qilayotgan bo‘lsa-da, vaziyat har lahzada izdan chiqishi mumkin. Joriy yilning 10 may kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning tinchlik rejasini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» hujjat deb atagan edi.
Bundan tashqari, Axios nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp o‘z maslahatchilari bilan harbiy amaliyotlarni qayta boshlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi mumkin. Tehron esa bunga javoban agar yangi hujumlar sodir etilsa, uranni boyitish darajasini rekord darajaga — 90 foizgacha ko‘tarishini istisno etmayapti.
Sizningcha, AQSH va Eron o‘rtasidagi ushbu «shartlar jangi» yana yangi urushga sabab bo‘ladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!