Rossiyada migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv: o‘nlab jarohatlanganlar bor

Rossiyada xorijlik mehnat muhojirlari o‘rtasida navbatdagi jiddiy mojaro yuz berdi. 12 may kuni Leningrad viloyatining Kirov tumanida joylashgan Priladojskiy posyolkasidagi yirik parranda fabrikasida O‘zbekiston va Bangladesh fuqarolari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi.
Mahalliy nashrlar, jumladan “47news” xabariga ko‘ra, mojaro “Sinyavinskaya” parranda fabrikasida kelib chiqqan. Dastlab og‘zaki tortishuv sifatida boshlangan kelishmovchilik qisqa vaqt ichida keskinlashib, katta to‘qnashuvga aylanib ketgan. Natijada qariyb 60 nafarga yaqin ishchi mushtlashuvda ishtirok etgan.
Voqea oqibatida kamida 20 kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ularning yetti nafari og‘ir tan jarohatlari olgani sabab shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar ayrim jabrlanganlarning ahvoli jiddiy ekanini bildirgan.
Rossiya Ichki ishlar vazirligining Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi vakillari “Fontanka” nashriga ma’lum qilishicha, hodisadan so‘ng eng faol ishtirokchilardan 12 nafari qo‘lga olinib, politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Rasmiy ma’lumotlarda ular 21 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlaridan birining fuqarolari sifatida qayd etilgan.
Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, janjal oddiy og‘zaki kelishmovchilik sabab yuzaga kelgan. Biroq aynan qanday sabab tortishuvni keskinlashtirgani hozircha ochiqlanmagan.
Jurnalistlar korxona rahbariyati bilan bog‘lanishga harakat qilgan. “Fontanka” muxbirlari fabrikani boshqarayotgan ijrochi direktor bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan, biroq u mojaro tafsilotlari, ishtirokchilar soni va jabrlanganlar haqida aniq ma’lumot berishdan bosh tortib, suhbatni yakunlagan.
Oradan ko‘p o‘tmay, parranda fabrikasi direktori qisqa izoh berib, voqea yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilayotganini bildirgan.
“Hozircha bu masala bo‘yicha izoh berilmaydi, holat o‘rganilmoqda”, — deya qayd etgan u.
Ayni damda huquq-tartibot organlari hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash ustida ishlamoqda. Politsiya tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ham ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.
Mazkur hodisa Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlar o‘rtasidagi ijtimoiy muhit, ish sharoitlari va o‘zaro munosabatlar bilan bog‘liq muammolar yana bir bor dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda. Mutasaddilar bunday nizolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishi zarurligi ta’kidlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!