Mujtabo Xomanaiyning sog‘lig‘i haqida yangi ma’lumotlar e’lon qilindi

Eronning yangi Oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiy AQSH va Isroil havo hujumi natijasida tizzasi va belidan jarohatlangan, shuningdek qulog‘ining orqa qismida kesik paydo bo‘lgan. Bu haqda “Al Araby” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, 28 fevral kuni AQSH va Isroil Eron hududiga qo‘shma harbiy operatsiya o‘tkazgan paytda Mujtabo Xomanaiy jarohat olgan. Ushbu hujumda uning otasi – Eron rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy va turmush o‘rtog‘i halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Eron rasmiy shaxsining ta’kidlashicha, portlash to‘lqini natijasida Mujtabo Xomanaiy yerga yiqilib tushib, tizzasi va belidan jarohat olgan. Shuningdek, qulog‘ining orqa qismida kichik kesik paydo bo‘lgan. Beldagi jarohat allaqachon sog‘aygan, tizza esa yaqinda to‘liq shifo topishi kutilmoqda. Qulog‘i orqasidagi kichik kesik esa sallasi orqali ko‘rinmaydi.
Rasmiylar Xomanaiyning sog‘lig‘i uchun xavotirga hojat yo‘qligini ta’kidlab, “dushmanlar Oliy rahnamo haqida ma’lumot yoki yozuvlarni qo‘lga kiritish va unga zarar yetkazishga urinmoqda” degan fikrni bildirdi.
Shu bilan birga, bu holat Eron hukumati yangi Oliy rahnamo olgan jarohatlar haqida rasman ilk bor tafsilotlarni ochiqlashtirishi sifatida qayd etiladi.
Xomanaiy otasi vafotidan so‘ng Oliy rahnamolik lavozimini egallagan. Ushbu voqeadan keyin AQSH uni va boshqa muhim amaldorlarni topish uchun 10 million dollarlik mukofot e’lon qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!