
12 may kuni Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Pokiston bilan to‘rt kun davom etgan keskin harbiy to‘qnashuvdan so‘ng xalqqa murojaat qildi. Unda u mamlakat xavfsizligiga qarshi qaratilgan har qanday terrorchilik hujumiga qattiq va muvozanatli javob qaytarilishini alohida taʼkidladi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
“Bu urush davri emas, lekin bu terror davri ham bo‘lmasligi kerak. Agar Hindistonga qarshi yana bir bor terakt amalga oshirilsa, biz shubhasiz, qattiq javob beramiz”, — dedi bosh vazir Modi o‘z nutqida.
Ziddiyat qayerdan boshlandi?
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi tortishuvlar 22 aprel kuni Kashmirning Pahalgam hududida yuz bergan terrorchilik aktidan keyin yana avj oldi. O‘shanda qurolli shaxslar mahalliy aholi va sayyohlarga o‘q uzib, 26 kishining hayotiga zomin bo‘lishgan. Hindiston bu hujumda Pokistonni aybladi. Islamabod esa bu ayblovlarni rad etib, xolis tekshiruv talab qildi.
Iqtisodiy va diplomatik aloqalar muzlab qoldi
Terrorchilik hujumidan so‘ng Hindiston 1960 yilda imzolangan Hind suvlar to‘g‘risidagi shartnomani to‘xtatdi va chegara bo‘ylab suv oqimini uzdi. Pokiston bu harakatni urush eʼloni sifatida baholadi. Shu bilan birga, Islamabod Hindiston bilan barcha savdo va diplomatik aloqalarni chekladi, havo maydonini yopdi.
Qo‘shnilar yadroviy tanglik ostida
Chegarada qisqa masofali to‘qnashuvlar, raketa sinovlari va havo mudofaasi harakatlari ko‘paygan bir paytda, xalqaro hamjamiyat — xususan, AQSH taraflarni eskalatsiyani oldini olishga va diplomatik yo‘l bilan muammoga yechim topishga chaqirdi.
10 may kuni ikki davlat quruqlik, dengiz va havoda harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishdi. Biroq, bu kelishuvning barqarorligi shubha ostida qolmoqda: Jammu va Kashmirning yozgi poytaxti Srinagarda portlashlar va Hindistonning havo mudofaasi faoliyati qayd etildi.
Eskalatsiya xavfi hali ham mavjud
Tomonlar yadro quroliga ega ekanini hisobga olsak, har bir hodisa katta xavf ostidagi barqarorlikni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bu vaziyatda AQSH vositachiligidagi muzokaralar muhim ahamiyat kasb etadi. Hozircha kelishilgan sulh to‘liq saqlanmoqda, ammo har qanday xato siyosiy jarayonni yana qaytib bo‘lmas nuqtaga olib borishi mumkin.
Zamin.uz tahririyati Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroning tinch yo‘l bilan bartaraf etilishi tarafdori sifatida, har ikki davlatni aql va diplomatiyaga suyanib, qurol emas, muloqot orqali muammolarga yechim topishga chaqirib qoladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar