
24-sentyabr kuni Ukraina dronlari Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida joylashgan Novorossiysk shahri markaziga yo‘naltirilgan hujum amalga oshirdi. Bu haqda hudud gubernatori Veniamin Kondratev ma’lum qildi.
Ayni vaqtda dengiz dronlari ham (Rossiya harbiylari ularni ekipajsiz katerlar deb ta’riflamoqda) Novorossiysk portiga zarba bergan. Mazkur port Rossiyadagi eng yirik dengiz yo‘lagidan biri hisoblanadi. Bu yerda nafaqat xalqaro Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KTK)ning neft terminali, balki RF Qora dengiz flotiga qarashli harbiy-dengiz bazasi ham joylashgan.
Regional favqulodda shtabga ko‘ra, hujum oqibatida yettita turar-joy binosi zarar ko‘rgan. Ular orasida «Novorossiysk» mehmonxonasi va Shevchenko ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy ham bor. Shu uy tom qismi yonib ketgan.
Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani, yana yetti nafar shaxs turli darajada jarohat olgani xabar qilinmoqda. Jabrlanganlar orasida voyaga yetmagan bola ham bor. Ulardan uch nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Bundan tashqari, 20 dan ziyod avtomobil turli darajada shikastlangan, uchtasi butunlay yongan. Shaharda favqulodda holat e’lon qilindi. Gubernator aholidan xavfsizlik qoidalariga rioya qilish va iloji bo‘lsa uydan chiqmaslikni so‘radi.
Kaspiy quvurlari konsorsiumi hujum tufayli o‘z ofisi faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi. Bino zarar ko‘rgani uchun barcha xodimlar evakuatsiya qilingan. KTK ma’lumotiga ko‘ra, ikki nafar ishchi yaralangan, shu bilan birga, kompaniya xodimlariga aloqasi bo‘lmagan shaxslar orasida ham og‘ir jarohatlanganlar bor.
Shu bilan birga, Rossiyaning dengiz va daryo transporti federal agentligi (Rosmorrechflot) ma’lumot berishicha, hujumdan keyin port infratuzilmalari va kemalarga katta zarar yetmagan.
Hodisadan so‘ng Krasnodar hududida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Xususan, Gelenjik shahrida har qanday suzish vositalarining dengizga chiqishi taqiqlandi. Tuapse va Sochi shaharlarida esa qirg‘oqbo‘yi aholisi vaqtincha evakuatsiya qilinmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi hodisa yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan. Ukraina harbiylari ham bu borada hech qanday bayonot bilan chiqishmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!