date
views 572

Arxeologlar Iso payg‘ambar mo‘jizasi sodir bo‘lgan g‘orni topdi

Arxeologlar Iso payg‘ambar mo‘jizasi sodir bo‘lgan g‘orni topdi
Tarixchilar Iso payg‘ambarning ilk mo‘jizasi — suvni sharobga aylantirgan voqeasi sodir bo‘lgan hududni aniqlagani haqida bayonot berdi. Bu haqda Fox News nashri xabar tarqatdi.

Injilda Iso payg‘ambar Kanada (yoki Kana) nomli joydagi to‘y marosimida suvni sharobga aylantirgani haqida qisqa ma’lumot berilgan. Ushbu voqea nasroniy dinida Iso qilgan birinchi mo‘jiza sifatida qayd etilgan. Bir necha asrlar davomida Kana deb atalgan joyning asl joylashuvi haqida turli nazariyalar mavjud edi.

Kafr Kanna emas, balki Xirbet Qana?

Uzoq yillar davomida Isroilning Kafr Kanna shaharchasi ushbu mo‘jiza bilan bog‘liq joy deb qaralib kelingan. 1914 yildagi katolik ensiklopediyasida ham ziyoratchilar aynan shu yerni muqaddas deb bilgani qayd etilgan. Ammo tarixchi Tom Makkollou bunga shubha bilan qarab, haqiqiy Kana — Kafr Kannaning shimolida joylashgan Xirbet Qana bo‘lishi mumkinligini ilgari surmoqda.

Makkollou Xirbet Qana hududi miloddan avvalgi 323 yildan milodiy 324 yilgacha faol bo‘lgan yahudiy qishlog‘i bo‘lganini ta’kidlaydi. U 2017 yilda nafaqaga chiqquncha Centre kollejida din va tarix fanlaridan dars bergan va ayni paytda ham arxeologik tadqiqotlar bilan shug‘ullanmoqda.

Arxeologik dalillar kuchli asos bo‘lmoqda

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xirbet Qananing afzalliklaridan biri — u yerda nasroniylar tomonidan foydalanilgan qadimiy tunnellar va ziyoratgohlar topilgani. “Biz Iso payg‘ambar bilan bog‘liq mo‘jiza e’zozlangan g‘orni topdik. Bu majmua V–VI asrlardan XII asrdagi salibchilar davrigacha faol ziyorat qilingan”, — deydi olim.

Qazishmalar jarayonida mehrob, to‘g‘ri kesilgan tosh idishlar uchun javonlar, hatto Koine yunon tilida “Kyirie Iyesou” (“Ey, Iso, Rabbim”) deb yozilgan devor naqshlari ham aniqlangan.

Makkollouning ta’kidlashicha, Injilda tilga olingan oltita tosh idishga o‘xshash beshta xum o‘rni topilgani ham muhim arxeologik dalillardan biri hisoblanadi.

Flaviy Iosifning manbalari bilan ham mos keladi

Makkollou o‘z nazariyasini mashhur birinchi asr tarixchisi — Flaviy Iosifning yozuvlari bilan ham mustahkamlashga harakat qilgan. Uning ta’kidlashicha, Flaviy Iosifning geografik tavsifi Xirbet Qana joylashgan hudud bilan mos tushadi.

"Yuhanno Injilida Kana Iso payg‘ambarning xavfsiz makoni yoki faoliyat markazi sifatida tilga olinadi. U va shogirdlari Yahudiyada tahdid va qarshilikka duch kelganida aynan shu joyga qaytib kelgan", — deya xulosa qildi olim.

Arxeologik dalillar, geografik moslik va Injildagi kontekstual ma’lumotlar birlashganda, Xirbet Qana haqiqatan ham Iso payg‘ambarning suvni sharobga aylantirgan mo‘jizasiga bog‘liq hudud bo‘lishi mumkin. Bu esa nafaqat tarix, balki diniy turizm nuqtayi nazaridan ham muhim kashfiyot hisoblanadi.

Makkollou va uning jamoasi topilgan dalillarni yanada chuqurroq o‘rganib, Iso payg‘ambar hayotiga oid eng ko‘p muhokama qilinayotgan voqealardan biriga yangicha yondoshuvni shakllantirmoqchi.

Foto: Fox News
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Arxeologlar Iso payg‘ambar mo‘jizasi sodir bo‘lgan g‘orni topdi