AQShda 3D-printerda bosilgan raketa yoqilgʻisi sinovdan oʻtkazildi

AQShning Chromatic 3D Materials kompaniyasi 3D-printer yordamida ishlab chiqarilgan raketa yoqilgʻisini muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazganini maʼlum qildi. Alabama shtatidagi IS4S poligonida oʻtkazilgan statik olovli sinovlar davomida material 1800 psi (taxminan 124 atmosfera) bosimga bardosh berib, konstruksiyaning yaxlitligini saqlab qoldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu ishlanma Reactive Extrusion Additive Manufacturing (RX-AM) texnologiyasiga asoslangan. Mazkur usul yoqilgʻini suyuq holatda chop etish imkonini beradi, shundan soʻng material deyarli bir zumda qotadi. Anʼanaviy usullardan farqli oʻlaroq, bu yondashuv murakkab qoliplar va uzoq vaqt davom etadigan quritish jarayonlariga boʻlgan ehtiyojni yoʻq qiladi.
Texnologiyaning asosiy afzalligi yoqilgʻi kanalining ichki shaklini erkin loyihalash imkoniyatida yotadi. Aynan shu kanal dvigatelning yonish xususiyatlari va tortish kuchini belgilab beradi. 3D-bosma yordamida anʼanaviy usullar bilan erishib boʻlmaydigan murakkab geometrik shakllarni yaratish mumkin.
Chromatic kompaniyasi vakillarining taʼkidlashicha, ular mutlaqo yangi yoqilgʻi turini emas, balki mavjud tarkiblarni oʻzlarining bosib chiqarish texnologiyasiga moslashtirgan. Bu yondashuv nafaqat kosmik sohada, balki mudofaa sanoatida ham katta qiziqish uygʻotmoqda.
Kompaniya rahbari Kora Libig аддитив (qoʻshimcha) ishlab chiqarish AQShning koʻplab raketa tizimlari samaradorligini oshirishini taʼkidladi. Kelajakda bu texnologiya yanada kuchliroq va uzoq masofaga uchuvchi dvigatellarni yaratishga yoʻl ochishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!