iPhone Ultra eng taʼmirlanuvchan buklanadigan smartfon boʻlishi mumkin

Instant Digital insayderining maʼlum qilishicha, Apple kompaniyasining ilk buklanadigan iPhone Ultra modeli sanoatdagi eng oson qismlarga ajratiladigan va taʼmirlanadigan smartfonga aylanadi. Qurilmaning ichki tuzilishi oʻta aniq muhandislik yechimlari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, u raqobatchilardan farqli oʻlaroq, murakkab kabel tizimlaridan xoli va yuqori darajadagi modullik bilan ajralib turadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfon kitob shaklida buklanadigan dizaynga ega boʻlib, taxminan 7,7 dyuymli ichki va 5,3 dyuymli tashqi ekranga ega boʻlishi kutilmoqda. Qurilmaning oʻziga xos jihati sifatida ovoz balandligini boshqarish tugmalari korpusning yuqori qismiga joylashtirilganini keltirish mumkin. Shuningdek, quvvat tugmasiga Touch ID datchigi integratsiya qilinishi orqali barmoq izi skaneri qaytishi taxmin qilinmoqda.
Samsung Display kompaniyasi iPhone Ultra uchun displeylar ishlab chiqarishni 2026-yil iyun oyida boshlashi rejalashtirilgan. Bir yil davomida 8 milliongacha qurilma ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Instant Digital avvalroq iPhone 14 ning sariq rangi va iPhone 15 Pro modellaridagi fazoviy video yozish funksiyalari haqidagi maʼlumotlarni toʻgʻri bashorat qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!