Huawei Nova 15 Max taqdim etildi: 8500 mA/soat sigʻimli batareya

Huawei kompaniyasi global bozor uchun moʻljallangan yangi Nova 15 Max smartfonini namoyish etdi. Qurilmaning eng asosiy ustunligi — 8500 mA/soat sigʻimga ega ulkan akkumulyator boʻlib, u 25 soatgacha GPS-navigatsiya va 48 soatgacha uzluksiz suhbatlashish imkonini beradi. Smartfon 40 Vt quvvatda simli zaryadlanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi model 6,84 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan boʻlib, u 120 Gts yangilanish tezligini va 2756 × 1272 pikselli aniqlikni qoʻllab-quvvatlaydi. HDR rejimida ekran yorqinligi 4000 nitgacha yetadi. Qurilmaning ogʻirligi 232 grammni tashkil etadi.
Smartfon korpusida foydalanuvchi xohishiga koʻra sozlanishi mumkin boʻlgan maxsus “X” tugmasi mavjud. Asosiy kamera 50 va 2 megapikselli sensorlardan iborat, old kamera esa 8 megapikselli. Qurilma EMUI 14.2 operatsion tizimida ishlaydi.
Huawei shuningdek, global bozor uchun Watch Fit 5 Pro aqlli soati va MatePad Pro Max planshetini ham taqdim etdi. Nova 15 Max modelining narxi hozircha maʼlum qilinmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!