date

Sarkozi qamoqdan chiqdi: Fransiyada shov-shuvli qaror qabul qilindi

Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi bilan bog‘liq shov-shuvli ish yana jamoatchilik diqqat markaziga chiqdi. RTL radiostansiyasi sud organlaridagi manbalariga tayanib xabar berishicha, sobiq davlat rahbari shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilingan.

Ma’lum qilinishicha, jazoni o‘tash tartibini yengillashtirish bo‘yicha murojaatni Nikolya Sarkozining o‘zi bergan. Sud ushbu iltimosni 5 may kuni qanoatlantirgan.

Qaror qabul qilinishida uning yoshi asosiy omillardan biri bo‘lgani aytilmoqda. Hozirda sobiq prezident 71 yoshda. Sud qarori 7 maydan rasman kuchga kiradi.

Gap Fransiyada keng muhokamalarga sabab bo‘lgan mashhur “Bygmalion” ishi haqida ketmoqda. Bu ish 2012 yilgi prezidentlik saylovi davrida Nikolya Sarkozining saylov kampaniyasi xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lgan.

O‘sha paytda uning saylov kampaniyasiga xizmat ko‘rsatgan PR agentligi “Bygmalion” orqali xarajatlar sun’iy ravishda yashirilgani va moliyaviy qoidalar buzilgani haqida ayblovlar ilgari surilgan edi.

2021 yil kuzida Fransiya sudi Nikolya Sarkozini noqonuniy moliyalashtirish sxemasida aybdor deb topgan.

Dastlab sobiq prezident bir yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik jazo yumshatilib, unga elektron braslet taqqan holda ozodlikda yurishga ruxsat berilgan.

RTL ma’lumotiga ko‘ra, yangi qarordan keyin u elektron nazorat brasletini ham taqmaydigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Nikolya Sarkozi 2007 yildan 2012 yilgacha Fransiya prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. U mamlakat tarixida haqiqiy qamoq jazosini olgan birinchi sobiq davlat rahbari sifatida tarixga kirgan.

Siyosiy tahlilchilar fikricha, bu ish Fransiya siyosiy hayotidagi eng shov-shuvli jarayonlardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki u nafaqat sobiq prezident taqdiri, balki mamlakatdagi siyosiy mas’uliyat va qonun ustuvorligi mavzularini ham yana kun tartibiga olib chiqqan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Sarkozi qamoqdan chiqdi: Fransiyada shov-shuvli qaror qabul qilindi