date

Barak Obama “51-zona” va o‘zga sayyoraliklar haqida gapirdi

AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama yana bir bor o‘zga sayyoraliklar mavzusida bildirgan fikrlari bilan jamoatchilik diqqat markaziga chiqdi. U CBS telekanalida mashhur boshlovchi Stiven Kolberga bergan intervyusida hukumat o‘zga sayyoraliklar bilan bog‘liq ma’lumotlarni uzoq vaqt sir saqlab tura olmasligini ta’kidladi.

Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda maxfiy ma’lumotlarni yashirish juda qiyin.

— Bu prezident sifatida anglab yetadigan narsalardan biri. Vashingtonda sirlar juda yomon saqlanadi, — dedi Barak Obama.

Uning fikricha, agar AQSH hukumati haqiqatdan ham o‘zga sayyoraliklar yoki noma’lum obyektlar haqida ma’lumotga ega bo‘lsa, bu ertami-kechmi baribir oshkor bo‘ladi.

— Qasam ichib aytamanki, qandaydir obyektni qo‘riqlayotgan biror yigit allaqachon o‘zga sayyoralik bilan selfi tushib, uni sevgilisiga yuborgan bo‘lardi, — deya hazil qildi sobiq prezident.

Bu birinchi marta emas. Yil boshida Barak Obama podkastlardan biriga bergan intervyusida ham koinotda hayot mavjud bo‘lishi ehtimoli haqida gapirgan edi.

Uning aytishicha, o‘zga sayyoraliklar haqiqatan mavjud bo‘lishi mumkin, ammo ularning Yerga tashrif buyurayotgani haqida aniq dalillar yo‘q.

— Ular haqiqiy bo‘lishi mumkin, lekin men ularni ko‘rmaganman. Ular “51-zona”da saqlanmaydi. Agar juda katta fitna bo‘lmaganida va buni hatto AQSH prezidentidan ham yashirishmagan bo‘lsa, hech qanday yerosti obyektlari yo‘q, — dedi u.

Keyinchalik sobiq prezident koinotning ulkanligi sababli qayerdadir hayot shakllari mavjud bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanini, ammo insonlar bilan aloqa darajasidagi o‘zga sayyoralik sivilizatsiyalari haqida ishonchli ma’lumot yo‘qligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, “51-zona” AQSHdagi eng mashhur maxfiy obyektlardan biri hisoblanadi. U uzoq yillar davomida turli fitna nazariyalari markazida bo‘lib kelgan. Ayniqsa, ommaviy madaniyatda u yerda o‘zga sayyoraliklar va sirli texnologiyalar saqlanishi haqidagi taxminlar keng tarqalgan.

Qizig‘i shundaki, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi mazkur baza mavjudligini rasman faqat 2013 yilda tan olgan edi.

Sobiq prezidentning bu mavzudagi hazil aralash bayonotlari ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar uning fikrlarini shunchaki yumor deb qabul qilgan bo‘lsa, boshqalar esa bu mavzuda hali juda ko‘p sirlar borligiga ishonayotganini yashirmayapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Barak Obama “51-zona” va o‘zga sayyoraliklar haqida gapirdi