Atletiko Madrid Julian Alvarez borasidagi o‘z pozitsiyasini ma’lum qildi

Atletiko Madrid klubi rahbariyati argentinalik hujumchi Julian Alvarezning kelajagi borasida qat’iy qarorga keldi. Yevropaning yetakchi klublari futbolchiga qiziqish bildirayotganiga qaramay, Madrid jamoasi uni o‘zining uzoq muddatli loyihasidagi asosiy figura deb biladi va uni sotish niyatida emas. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Bosh murabbiy Diego Simeone o‘z vatandoshi atrofidagi mish-mishlarga izoh berar ekan, bunday iqtidorli futbolchiga qiziqish bo‘lishi tabiiy hol ekanligini ta’kidladi. Arsenal, PSJ va Barselona kabi klublar nomlari tilga olinayotgan bo‘lsa-da, murabbiy bu borada xavotirga o‘rin yo‘qligini bildirdi.
Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, klub 2030-yilgacha mo‘ljallangan shartnomani yaxshilash ustida ishlamoqda. Antoine Griezmannning ketishi va Jan Oblakning ehtimoliy transferi klubga moliyaviy tomondan qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, bu esa Alvarezning maoshini oshirishga yordam beradi.
Julian Alvarezning o‘zi esa matbuotdagi mish-mishlardan charchaganini yashirmadi. Hujumchi Barselona bilan bog‘liq xabarlarni yolg‘on deb atab, barcha e’tiborini Atletiko Madriddagi o‘yiniga qaratishini va asossiz gap-so‘zlarga vaqt sarflamasligini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!