date

O'zbekistonlik talabalar Huawei dasturida ishtirok etdi


O'zbekistonning oltita oliy ta'lim muassasasidan 10 nafar talaba Huawei kompaniyasining "Kelajak uchun urug'lar 2025" dasturi doirasida Xitoyda o'quv sayohatida ishtirok etdi. O'quv dasturi 19–26 oktyabr kunlari Dongguan va Shenzhen shaharlarida bo'lib o'tdi.

Talabalar sun'iy intellekt, bulutli texnologiyalar hamda beshinchi va oltinchi avlod tarmoqlari bo'yicha intensiv kurslarni tinglashdi. Dastur doirasida birinchi bosqich Huawei kompaniyasining Dongguandagi kampusida o'tkazildi.

Bu yerda kompaniya ekspertlari sun'iy intellektni amaliy qo'llash va bulutli yechimlarni joriy etish bo'yicha mahorat darslari o'tkazishdi. Talabalar Huawei innovatsion markazini va intellektual texnologiyalarni boshqarish tizimi bilan tanishishdi.

Shenzhendagi ikkinchi bosqichda esa ishtirokchilar qayta tiklanadigan energiya, elektromobillar va Huawei Device raqamli yechimlari texnologiyalari haqida ma'lumot olishdi. Bundan tashqari, talabalar DJI va Tencent kompaniyalarini ziyorat qilishdi.

Dastur yakunida esa 19 mamlakatdan kelgan talabalar ishtirokida Global Village xalqaro madaniyat festivali bo'lib o'tdi. Talabalar dasturning yuqori darajada tashkil etilganini va Huawei mutaxassislari bilan muloqot qilish ilhombaxsh bo'lganini ta'kidlashdi.

Turin politexnika universiteti talabasi Faxriya Dosmuxamedova safar davomida kompaniyaning ko'lami va kelajak texnologiyalarini rivojlantirishda ilmiy tadqiqotlarning ahamiyatini his qilganini aytdi. "Kelajak uchun urug'lar" dasturi O'zbekistonda 2014 yildan buyon o'tkazib kelinmoqda.

Shu vaqt mobaynida unda 177 nafar talaba qatnashgan. 2025 yilda ushbu ta'lim tashabbusi 93 mamlakatdan 703 nafar talabani birlashtirdi.

Huawei O'zbekistonda AKT sohasidagi ta'limni rivojlantirishni davom ettirmoqda. Hozirda ICT Competition 2025–2026 musobaqasiga ro'yxatdan o'tish jarayoni davom etmoqda, bu yerda talabalar bulutli hisoblash va sun'iy intellekt bo'yicha bilimlarini namoyish etishlari mumkin.

Kompaniya shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) huzuridagi trening markazi orqali mutaxassislar tayyorlash dasturlarini rivojlantirishni davom ettirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O'zbekistonlik talabalar Huawei dasturida ishtirok etdi