Farg‘onada chegarani buzgan shaxsdan minglab "Zardeks" dorilari chiqdi

DXX Chegara qo‘shinlari va Ichki ishlar organlari hamkorligida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi dori-darmonlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, tadbir jarayonida “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasining Farg‘ona viloyati Rishton tumani hududidan o‘tuvchi qismi noqonuniy ravishda buzib o‘tilgani aniqlangan. Chegarani qonunga xilof tarzda kesib o‘tib, qo‘shni davlat hududidan O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaro tezkor tartibda ushlangan.
Qayd etilishicha, ushlangan shaxs Uchko‘prik tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro bo‘lgan. Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruv davomida uning yonidan jami 9 542 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu dori vositalarining umumiy bahosi 1 milliard 320 million so‘mni tashkil etadi. Aniqlangan vositalar belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Zardeks” dori vositasi tarkibidagi “Pregabalin” moddasi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrda qabul qilingan 818-sonli qaroriga muvofiq kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bois mazkur moddaning erkin muomalasi cheklangan va uning noqonuniy aylanmasi qonunchilikka zid hisoblanadi.
Hozirda ushbu fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 1-qismi, 246-moddasi 1-qismi hamda 251-1-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ayni paytda holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!