AQSHning Kaliforniya shtatida quyuq tumanda 59 ta o‘zaro mashina to‘qnashdi

AQSHning Kaliforniya shtatidagi yirik avtomagistrallardan biri — 99-shosseda quyuq tuman oqibatida katta zanjirli YTH sodir bo‘ldi. Hodisa 31 yanvar kuni ertalab, taxminan soat 08:15 atrofida kuzatilgani aytilmoqda. Mahalliy yo‘l patruli ma’lumotiga ko‘ra, avval shossening har ikki yo‘nalishida alohida to‘qnashuv ro‘y bergan, shundan keyin esa ketma-ket zarbalar davom etib, umumiy hisobda 59 ta transport vositasi avariyaga tortilgan.

Ma’lum qilinishicha, voqea 99-shosse bo‘ylab, Beykersfilddan qariyb 40 mil shimolda, Tulare okrugi hududida yuz bergan. Tuman shu qadar qalin bo‘lganki, ko‘rish masofasi taxminan 150–200 fut (taxminan 45–60 metr) atrofida qolgan. Shu sabab yo‘l bir necha soatga ikki tomonlama yopilgan va faqat tushdan keyin, taxminan 14:30 larda harakat tiklangani qayd etilgan.

Rasmiylar bir necha inson yengil va o‘rtacha darajada jarohat olganini bildirgan. Hozirda hodisa sabablari, ayniqsa birinchi to‘qnashuvlarga nima turtki bo‘lgani yuzasidan tekshiruvlar davom etmoqda.
Bu kabi ommaviy avariyalar qish faslida tez-tez takrorlanadigan “havo tuzog‘i”ni yana bir bor eslatdi: tuman, muzlama va keskin yog‘ingarchilik — ayniqsa ertalabki paytda — yo‘ldagi xatarni bir necha baravar oshiradi. Masalan, avvalroq Michigan shtatida ham yirik ko‘lamli zanjirli YTHlar kuzatilgani haqida xabarlar chiqqan edi.

Yo‘l patruli esa oddiy, lekin hayot saqlab qoladigan qoidalarni yana bir bor takrorlayapti: tezlikni pasaytirish, oldingi mashina bilan masofani uzaytirish va past ko‘rish sharoitida maksimal hushyor bo‘lish.
Qisqasi: tuman “shoshilma” degan signal. Unga “ha, hozir” deb javob berish — eng yomon ssenariy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!