Eron armiyasi ixtiyoriga mingta yangi strategik dron berildi

Eron Qurolli kuchlari tarkibi yanada kuchaytirildi. Mamlakat harbiy tuzilmalari ixtiyoriga mingta strategik ahamiyatga ega dron topshirildi. Bu haqda Tasnim axborot agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur uchuvchisiz uchish apparatlari Eronning mudofaa salohiyatini oshirishga qaratilgan maxsus dastur doirasida harbiy balansga qabul qilingan. Bu qadam mamlakatning zamonaviy harbiy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Eron armiyasi qo‘mondoni, general-mayor Hotamiyning ta’kidlashicha, yangi dronlar qo‘shinlarning tezkor javob qaytarish salohiyatini oshiradi hamda tiyib turish mexanizmlarini yanada mustahkamlaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu dronlar asosan razvedka ishlari, havodan kuzatuv olib borish va ehtimoliy harbiy tahdidlarga qarshi amaliy vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan.
Rasmiy manbalar bu tashabbus Eron milliy xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, mintaqadagi harbiy muvozanatni saqlab qolishga qaratilganini alohida ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!