date

Dubayda dunyodagi birinchi tilla bilan qoplangan ko‘cha barpo etilishi mumkin

Dubayda dunyodagi birinchi tilla bilan qoplangan ko‘cha barpo etilishi mumkin

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida sayyohlar va zargarlik sohasi vakillari uchun tilla bilan qoplangan dunyodagi ilk ko‘chani barpo etish rejasi muhokamaga chiqdi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “tilla ko‘cha” Dubayda yangidan shakllantirilishi ko‘zda tutilayotgan zargarlik kvartalining markaziy qismiga aylanadi. Loyiha mahalliy zargarlik sanoatini kuchaytirish, shu bilan birga xorijiy sayyohlar va xaridorlarni yanada ko‘proq jalb qilishga qaratilgan. Tashabbus Ithra Dubai devloperlik kompaniyasi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, loyiha tafsilotlari bosqichma-bosqich e’lon qilinishi kutilmoqda.

Dubay festivallari va chakana savdo boshqarmasi bosh direktori Ahmad al-Hajja mazkur reja haqida fikr bildirar ekan, oltin Dubay madaniyati va savdosining ajralmas bo‘lagi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tashabbus nafaqat tarixiy merosga hurmat, balki ijodkorlik va barqaror rivojlanishga tayangan yangi davr talqinini ham ifodalaydi.

Mahalliy nashrlar ma’lumotlariga ko‘ra, yangi zargarlik hududida 1000 dan ortiq do‘kon joylashishi rejalashtirilgan. Bu yerda tilla va zargarlik buyumlari bilan bir qatorda, atir-upa hamda kosmetika mahsulotlari ham sotilishi aytilmoqda. Shuningdek, hududda oltita yangi mehmonxona qurilishi ko‘zda tutilgan. Qayd etilishicha, kvartal Dubayning eng qadimiy an’anaviy bozorlaridan biri hisoblangan Tilla bozor yaqinida joylashadi. Biroq loyiha qiymati hozircha ochiqlanmagan.

Oltin Dubay uchun shunchaki qimmatbaho metall emas, balki shahar iqtisodiyotining muhim tarmog‘i va o‘ziga xos tashrif qog‘ozi sanaladi. Aytilishicha, butun dunyodagi oltin aylanmasining taxminan 20–25 foizi aynan Dubay orqali o‘tadi.

Amirlik oltinni asosan xom ashyo ko‘rinishida qabul qilib, uni qayta ishlaydi va tayyor mahsulot sifatida eksport qiladi. Shuningdek, dunyodagi eng og‘ir tilla uzuk — “Taiba Najmat” ham aynan shu yerda saqlanishi qayd etiladi. Uning vazni 64 kilodan ortiq ekani aytilgan.

Agar loyiha tasdiqlansa, Dubay yana bir bor “oltin poytaxti” degan nomiga yangi ramz qo‘shadi — turistlar uchun esa bu joy, ehtimol, eng ko‘p suratga olinadigan manzillardan biriga aylanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Dubayda dunyodagi birinchi tilla bilan qoplangan ko‘cha barpo etilishi mumkin