
3-noyabr kuni Rim markazida, Imperator forumi yaqinida joylashgan Torre dei Konti minorasining bir qismi qulab tushdi. Ushbu binoda 2022-yildan buyon restavratsiya ishlari olib borilayotgan edi va ular 2026-yilda tugatilishi rejalashtirilgan edi.
Kursiv Uzbekistan jurnalisti hodisa joyiga borib, qutqaruvchilar tomonidan olib borilayotgan ishlarni kuzatdi. Ular vayronalarni tozalab, minoraning zarar ko'rgan qismini tekshirishdi.
Qutqaruvchilar 64 yoshli ishchini vayronalar ostidan chiqarishdi. U bosh miya jarohati bilan og'ir ahvolda kasalxonaga olib ketildi.
Yana ikki nafar ishchi yengil jarohat oldi va ular gospitalizatsiyadan bosh tortdi. Binoning atrofidagi hudud butunlay o'rab olindi va qutqaruvchilar kechgacha ishlarini davom ettirishdi.
Ular qolgan konstruksiyalarning mustahkamligini ham tekshirishdi. Hodisa joyiga davlat idoralarining vakillari ham kelishdi.
Ma'lumot uchun: minora 1203-yilda Rim papasi Innokentiy IIIning qarindoshi Richardo Konti buyrug'i bilan qurilgan. Dastlab, uning balandligi 50 metrga yetgan va o'rta asr Rimining eng baland mudofaa minoralaridan biri bo'lgan.
Keyingi asrlardagi zilzilalar va vayronagarchiliklar sababli minoraning yuqori qavatlari yo'qolgan va hozirgi balandligi taxminan 29 metrni tashkil qiladi. Turli davrlarda minora qal'a va zodagon oilalar uchun yashash joyi sifatida ishlatilgan.
20-asrda keng qamrovli restavratsiya ishlari olib borilgan bo'lsa-da, bino yoshiga ko'ra zaif bo'lib qolgan.
Rimda Konti minorasi quladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar