So‘nggi daqiqalardagi ikki aniq zarba Roma Sassuolodan ochkolarni oldi

A Seriyaning 20-turida «Roma» «Sassuolo»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Rimgaliklar ikkala golni ham 77-daqiqadan keyin urib, uch ochkoni ishonchli tarzda qo‘lga kiritdi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Uchrashuvda «Roma» to‘p nazoratida ustun bo‘lib, jarima maydoniga ko‘proq kirib bordi, biroq yakuniy zarbalarda aniqlik yetishmadi: Dibalanning jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasi nishonga tegmadi. Keyin Fergusonda bel qismi jarohati yuzaga kelib, u maydonni tark etdi, uning o‘rniga El-Shaaravi tushdi.
«Sassuolo» asosan kam sonli qarshi hujumlar bilan javob qaytardi. Eng xavfli vaziyatlardan biri Matichning uzatmasidan so‘ng Faderada yuzaga keldi, ammo Svilar yaqin burchakka yo‘llangan zarbani qaytarib, mezbonlarni qutqarib qoldi.
Ikkinchi bo‘limda «jallorossi» bosimni qanotlar orqali kuchaytirdi: Tsimikas va Chelik jarima maydoniga muntazam to‘p uzatib turdi. 62-daqiqada hakam Mourichning Soulega ishlatgan qoidasiz harakati uchun penalti belgiladi, biroq VAR ofsaydni qayd etib, qaror bekor qilindi.
Shunga qaramay, «bo‘rilar» o‘z so‘zini dedi. 77-daqiqada Soulening qanotdan oshirgan to‘pini Kone havoda yutib, bosh bilan darvozaga joyladi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, «Sassuolo» ochilib ketgani fonida «Roma»da bo‘sh hududlar paydo bo‘ldi va Soule Gilardining pastdan uzatmasini yakunlab, hisobni 2:0 ga yetkazdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!