Moskva osmonida dronlar galasi: aeroportlar to‘xtadi, zarbalar kuchaydi

Rossiya Mudofaa vazirligi 4 yanvar, yakshanba kuni Ukraina dronlari Moskva, Moskva viloyati hamda Rossiyaning yana bir qator hududlarini nishonga olgani haqida xabar berdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, navbatchi havo hujumidan mudofaa vositalari samolyot turidagi dronlarni tutib, yo‘q qilgan. Eng ko‘p dron Bryansk va Kursk viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgani aytilmoqda.
Shu paytda Rossiya OAVlari dronlar hujumi Moskva va viloyatidagi to‘rtta aeroport ishi vaqtincha cheklanishiga olib kelganini yozdi. Xususan, Vnukovodagi parvozlar jadvalida ko‘plab kechikishlar qayd etilgani ta’kidlanadi. Moskva meri Sergey Sobyanin esa poytaxt tomon yo‘nalgan bir nechta dron urib tushirilganini bildirib, parchalar tushgan nuqtalarda favqulodda xizmatlar ishlayotganini qayd etgan.

Bir vaqtning o‘zida Ukraina tomoni ham 4 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Ukraina hududiga dronlar bilan zarba berganini ma’lum qildi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari Telegram-kanalida bildirilishicha, hujumda jami 52 ta uchuvchisiz qurilma qo‘llangan, ularning 40 tasi Shahed turiga mansub bo‘lgan. Ukraina harbiylari o‘z navbatida shimol va sharq yo‘nalishlarida 39 ta dronni urib tushirganini, 9 ta lokatsiyada 13 ta “hujumkor dron” zarbasi qayd etilganini bildirdi.
Xabarlarda keltirilishicha, shunday hujumlardan biri Xersondagi yonilg‘i quyish shoxobchasi atrofida kuzatilgan: portlovchi xavfli buyum tashlanishi oqibatida gaz moduli va yengil avtomobil yongan. Ukraina favqulodda xizmatlari qurbonlar bo‘lmaganini aytgan.

Aytish kerak: turli manbalarda dronlar soni va “yo‘q qilingan” qurilmalar haqidagi raqamlar farq qilishi mumkin — urush sharoitida bunday hisob-kitoblar tez-tez yangilanadi va har tomon o‘z bayonotini beradi. Biroq fakt bitta: havodagi qarama-qarshilik keskinlashyapti, bu esa logistika, parvozlar va oddiy aholi hayotiga ham bevosita ta’sir qilayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!