Avstraliyada 13 yoshli qizga 109 ayblov qo‘yildi

Avstraliyada jamoatchilikni hayratga solgan og‘ir holat yuz berdi. 13 yoshli qizga jami 109 ta ayblov qo‘yilgani rasman ma’lum qilindi. Bu haqda mahalliy ABC News manbalari xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs o‘g‘irlangan avtomobillardan foydalanib, turli hududlarda xavfli harakatlar sodir etgan. Uning harakatlari bir qator jinoyat epizodlari bilan bog‘liq bo‘lib, ular o‘g‘irlik, uy-joyga bostirib kirish va transport vositasini noqonuniy boshqarish kabi ayblovlarni o‘z ichiga oladi.
30 mart kuni qayd etilgan voqealardan birida qiz o‘g‘irlangan mashina rulida harakatlanib, velosipedchiga xavf tug‘dirgan holat kuzatilgan. Keyinchalik esa yo‘ldagi to‘qnashuv va janjaldan so‘ng bir erkak ustiga avtomobil haydalgani aytilmoqda. Jabrlanuvchi turli tan jarohatlari va ruhiy iztiroblardan aziyat chekmoqda.
Tergov jarayonida politsiya tomonidan qizga tegishli telefon tekshirilganda, bir qator tashvishli materiallar va videolar aniqlangan. Shuningdek, u internetda jinoyatlarning oqibati haqida ma’lumot qidirgani ham qayd etilgan. Tergovchilar bu holatlar oldindan rejalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Sudda prokuror tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda ayblanuvchining faolligi keskin oshgan. U qisqa vaqt ichida o‘nlab huquqbuzarliklarga aloqador bo‘lgan.
Hozirda sud uning jamiyat uchun yuqori darajadagi xavf tug‘dirishini inobatga olib, garov evaziga ozod qilish haqidagi iltimosni rad etdi. Qiz 21 kundan so‘ng navbatdagi sud muhokamasiga olib chiqiladi.