Yevropa COMAC C919 sertifikatini kechiktirmoqda: Xitoy Airbus yetkazmalarini toʻxtatdi

Bloomberg agentligining xabar berishicha, Xitoy hukumati Airbus samolyotlarini yetkazib berish jarayonini ataylab sekinlashtirayotgan boʻlishi mumkin. Bu harakat Yevropada Xitoyning COMAC laynerlarini sertifikatlash jarayoni oʻta sekin ketayotganiga nisbatan bosim oʻtkazish vositasi sifatida koʻrilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Xitoy Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi (CAAC) bir necha oydan beri yakuniy maʼmuriy ruxsatnomani bermayapti. Ushbu hujjatsiz Airbus samolyotlarini Xitoy aviakompaniyalariga topshirish va ulardan foydalanish imkonsizdir. Bunday kechikishlar ishlab chiqaruvchiga sezilarli zarba berdi: aprel oyi oxiriga kelib, Xitoy uchun moʻljallangan 20 ga yaqin samolyot yetkazib berilmay qolgan.
Airbus rahbari Guillaume Faury avvalroq maʼmuriy muammolar hal etilgani va qolgan laynerlar joriy yilning ikkinchi choragi davomida topshirilishini maʼlum qilgan edi. Biroq, COMAC C919 samolyotining Yevropada sertifikatlash jarayoni qaysi bosqichda ekanligi hali ham nomaʼlumligicha qolmoqda.
Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) Yevropa Ittifoqi bozoriga kirish tartib-taomillari doirasida sinov parvozlarini oʻtkazgan edi. Regulyator COMAC va CAAC bilan hamkorlik davom etayotganini bildirsa-da, sertifikatlash yakunlanishi boʻyicha aniq muddatlarni ochiqlamayapti.
Agar COMAC C919 Yevropa sertifikatini qoʻlga kiritsa, u Gʻarb bozorlariga yoʻl olgan birinchi Xitoy yoʻlovchi samolyotiga aylanadi. Bu esa uni Airbus A320 va Boeing 737 modellarining toʻgʻridan-toʻgʻri raqobatchisiga aylantiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!