date

Yupiter ortida gigant sayyoralar “qurilish hududi” aniqlandi

Yupiter ortida gigant sayyoralar “qurilish hududi” aniqlandi

Maks Plank jamiyati Quyosh tizimini tadqiq qilish instituti olimlari Yupiter orbitasidan keyingi hudud sayyoralar va asteroidlarning asosiy “qurilish bloklari” hisoblangan planetezimallar shakllanishidagi eng muhim “fabrika”lardan biri bo‘lganini aniqladi. Ushbu tadqiqot natijalari The Astrophysical Journal jurnalida e’lon qilindi.

Olimlar ta’kidlashicha, taxminan 4,6 milliard yil avval yosh Quyosh atrofi gaz va changdan iborat ulkan disk bilan o‘ralgan bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan chang zarralari bir-biriga ulanib, yirikroq kosmik jismlar — keyinchalik sayyora va asteroidlarga aylangan planetezimallarni hosil qilgan.

Tadqiqotchilar Quyosh tizimi paydo bo‘lganidan 2–4 million yil keyingi jarayonlarni modellashtirdi. Shu vaqtga kelib Yupiter allaqachon shakllanib bo‘lgan va o‘z orbitasi atrofida gaz-chang diskida katta yoriq hosil qilgan. Uning ortida esa gaz bosimi yuqori bo‘lgan hudud yuzaga kelib, u yerda chang zarralari va kosmik “toshchalar” yig‘ila boshlagan.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aynan shu hudud planetezimallar tug‘ilishi uchun eng qulay makon bo‘lib chiqqan.

“Planetezimallarning turli tiplari ilk gaz-chang diskining bir xil hududida, ammo turli davrlarda shakllangan ko‘rinadi. Yupiter orbitasidan keyingi hudud bu jarayon uchun ajoyib sharoit yaratgan”, — dedi tadqiqot rahbari Yoanna Dronjkovska.

Modellashtirish natijalari qadimiy meteoritlar — uglerodli xondritlar bo‘yicha olingan ma’lumotlar bilan ham mos kelgan. Bu meteoritlar tarkibida Quyosh tizimi shakllana boshlagan davrdan buyon deyarli o‘zgarmagan moddalar saqlanib qolgani aytilmoqda.

Olimlar Yupiter ortidagi “chang tuzog‘i”da ikki xil moddaning nisbati vaqt o‘tishi bilan o‘zgarganini ham aniqladi. Ulardan biri mayda va mort materiallar bo‘lsa, ikkinchisi yuqori haroratda shakllangan zichroq fragmentlardan iborat bo‘lgan. Keyinchalik aynan shu jarayon turli tarkibga ega bo‘lgan planetezimallarning bir necha avlodini yuzaga keltirgan.

Tadqiqot mualliflari fikricha, Yupiter ortida nafaqat uglerodli xondritlarning, balki yanada qadimiy meteorit turlarining ham ilk ajdodlari shakllangan bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Yupiter ortida gigant sayyoralar “qurilish hududi” aniqlandi