Tramp oilasiga aloqador kompaniya Ukrainada robotlarni sinovdan o‘tkazmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp oilasi bilan bog‘liq ekani aytilayotgan “Foundation Future Industries” kompaniyasi Ukrainada odamsimon robotlarni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya yil boshida Ukrainaga “Phantom MK-1” rusumli ikki dona tajriba robotini yetkazib bergan.
Sinovlar asosan xavfli front hududlarida logistika va ta’minot vazifalarini bajarishga qaratilgan. Kompaniya rahbari Sankayet Patakning aytishicha, Ukrainadagi amaliyot robotlarning xavfli joylarga yuk yetkazib bera olishini ko‘rsatgan.
Biroq “Phantom MK-1” modeli hozircha jang maydonida keng qo‘llashga tayyor emasligi aytilmoqda. Robot taxminan 20 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi, shuningdek, uning namlikdan himoyasi va akkumulyator quvvati cheklangan.
Shu sabab kompaniya Ukrainaga yanada takomillashtirilgan “Phantom 2” robotlarini yuborishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, startap Pentagon bilan ham hamkorlikni kuchaytirib, AQSh harbiy tuzilmalari uchun 24 million dollarlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgani xabar qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!