Qirg‘iziston O‘zbekiston chegarasi yaqinida yangi post ochdi

Foto: 24.kg
Qirg‘izistonning Botken shahrida O‘zbekiston bilan chegaradosh hududda yangi chegara posti foydalanishga topshirildi. 24.kg nashri xabariga ko‘ra, “So‘g‘ment” chegara posti ochilishi davlat xavfsizligini mustahkamlash va chegaraoldi hududlarda barqarorlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yangi postda chegarachilarning samarali xizmat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy talablarga mos kazarma qurilgan, xizmat jarayoni uchun kerakli infratuzilma tashkil etilgan. Ushbu hududda qirg‘izistonlik chegarachilar qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasining 12 kilometrdan ortiq qismini qo‘riqlaydi.

“So‘g‘ment” chegara posti ochilishi mintaqada xavfsizlikni kuchaytirish, chegara nazoratini yaxshilash va qo‘shni hududlarda tartibni saqlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Chegaraoldi mintaqalarda bunday infratuzilmaning yangilanishi aholi xavfsizligi va davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Avvalroq 18 iyundan “Farg‘ona” chegara bojxona posti, Shohimardon qishlog‘iga o‘tishdagi “Oq qiya” bojxona punkti hamda “So‘x” chegara bojxona postining “Chashma” bojxona punkti 24 soatlik ish rejimiga o‘tishi xabar qilingan edi. Bu jarayonlar chegara hududlarida harakatni tartibga solish va fuqarolar uchun qulayliklarni oshirishga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!