21:20 / 09.02.2018
5 171

Dunyo ahlini hayratda qoldirgan "firibgarliklar"...

Дунё аҳлини ҳайратда қолдирган "фирибгарликлар"...
Insoniyat yaralibdiki, kimdir kimnidir chuv tushirish payida bo‘ladi. Buning uddasidan chiqqan shovvozlar shu qadar ko‘pki, ular haqida hikoya qilib tugatib bo‘lmaydi. Eramizdan avvalgi 246 yildayoq qo‘lyozmalarni «eskirtirib», qadimiy pergament asarlar sifatida sotgan qalloblar fosh etilgan. Ba’zan firibgarlarning qilmishlari ommaga oshkor bo‘lmay qoladi, boplab ketgan ustomon-ku sirini bermasligi tayin, lekin chuv tushganlar ham ko‘pincha tilini tishlashga majbur bo‘ladi. Shu tariqa tarix g‘ildiragi necha-necha firiblarni ortda qoldirgandir… Biz bugun ma’lum bo‘lgan eng mashhur firibgarliklar o‘nligini e’tiboringizga havola etamiz.

10-o‘rin.
Jamiyatning eng yuqori qatlami tomonidan uyushtirilgan firiblar ichida Filippin prezidenti Markos va uning xotini Imelda birinchi o‘rinni egallashgan. Filippinda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Markos aldov yo‘li bilan yutib chiqqanligi to‘g‘risida xabarlar tarqalishi bilanoq prezident janoblari va Imelda xonim davlatga tegishli 860 million dollarni olgancha samolyotga chiqib g‘oyib bo‘ladilar.

9-o‘rin.
1966 yilda Kanada portida bir firibgar o‘g‘ri soxta hujjatlar bilan butun boshli kemani o‘g‘irlab ketadi. Bu jinoyat bir kishi tomonidan o‘g‘irlangan eng yirik buyum sifatida ham tarixda qolgan.

8-o‘rin. 1989 yilda Italiyaning Del Lavoro milliy banki soxta hujjatlar tufayli 5 milliard dollardan ayriladi.

7-o‘rin.
Me’morlik sohasidagi eng yirik firibgarlik 1961 yilda avliyo Ignasio cherkovi qurilishida amalga oshirilgan deb hisoblanadi. Cherkov ustiga katta qubba qurilishi mo‘ljallangan, lekin buning uchun ajratilgan mablag‘ noinsof quruvchilar tomonidan «yeb» yuborilgani uchun ish o‘lda-jo‘lda qolib ketgandi. Shunday bo‘lsa-da, ruhoniylar muammoni vaqtincha xaspo‘shlashning uddasidan chiqdilar. Rassomlar cherkov shiftiga qubbaning suratini shunchalik ustalik bilan chizadilarki, ancha vaqtgacha qubba soxtaligi sezilmaydi.

6-o‘rin:
1983 yilda «Taym» va «Shtern» gazetalari bir vaqtda Hitlerning kundaliklarini chop etadilar. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, har ikki kundalik soxta bo‘lib chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, nashrlar o‘z adadini ancha oshirib oladilar.

5-o‘rin.
Rassom Tom Karting 30 yil davomida tasviriy san’at sohasining bilimdonlarini chuv tushirib kelgan. U o‘zi chizgan suratlarni buyuk rassomlarning asari deya yaxshigina pullardi. Firib tasodifan ochilib qoldi. Kimdir Kartingning ustaxonasida Mikelanjelo «qalamiga mansub» tugallanmagan suratni ko‘rib qolgandi.

4-o‘rin. 1911 yilda da Vinchining mashhur «Mona Liza» asari o‘g‘irlab ketildi va dunyo bo‘ylab uning soxta nusxalari paydo bo‘la boshladi. O‘sha ajoyib davrlarda eng kamida olti nafar amerikalik san’at ishqibozi «haqiqiy» «Jokonda» uchun 3 million dollardan pul to‘lashgan. Darvoqe, haliga qadar haqiqiy «Mona Liza» o‘g‘irlab ketilgan, Luvrdagi surat soxta degan fikrlar yuradi.

3-o‘rin. 1921 yilda firibgar Oskar Xartsell mashhur dengiz qaroqchisi Frensis Dreykning hayot bo‘lgan avlodlari bilan birma-bir uchrashib chiqadi va bobolaridan qolgan juda katta merosni qo‘lga kiritish imkoniyatidan foydalanish kerakligini shipshitib qo‘yadi. U merosga da’vogarlardan kerakli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yaxshigina pul undiradi va... tabiiyki, izsiz g‘oyib bo‘ladi.

2-o‘rin. Artur Fergyuson ismli bir kimsa amerikalik mashhur bankir Teksanni boplab aldaganiga nima deysiz. U 1 million dollar evaziga Vashingtondagi Oq uyni bir yilga ijaraga olib berishni va’da qiladi. Fergyuson bankirni Amerika hukumati shu yo‘l bilan prezident va uning oilasiga sarflanadigan mablag‘ni iqtisod qilish niyatida ekaniga ishontirgandi.

1-o‘rin. 1925 yilda chex millatiga mansub Viktor Lyustig amalga oshirgan firib hammasidan oshib tushgan va munosib tarzda tarixdagi qallobliklar ichida birinchi o‘rinni egallagan. Lyustig Eyfel minorasini temir-tersak yig‘uvchilarga shu holida pullab yuboradi. Eng qizig‘i, u bu operatsiyani bir yilda ikki marta amalga oshirishga muvaffaq bo‘ladi.

Keling, eng mashhur qallob sifatida tarixga kirgan bu inson haqida alohida hikoya qilaylik

Graflar avlodiga mansub Viktor Lyustig 1890 yilda Chexiyaning Xostin shahrida dunyoga keladi. O‘quvchilik chog‘laridayoq u chex, ingliz, fransuz, nemis va italyan tillarida bemalol so‘zlasha olardi. Maktabni tugatganidan so‘ng Viktor Yevropa bo‘ylab sayohatga chiqadi va o‘sha davrda qimorning markazi bo‘lgan Parijda qo‘nim topadi. Bu shaharda u qartabozlikni shu darajada mukammal egallaydiki, yutib olgan pullari butun umriga yetardi. Lekin buyuk ishlarni mo‘ljallagan Lyustig boriga qanoat qiladiganlar toifasidan emasdi. U ko‘hna qit’a va yangi dunyo deb ham nomlanuvchi Amerika o‘rtasida qatnovchi kruiz laynerlarida qatnay boshlaydi va yo‘l-yo‘lakay qimorning ortidan boylarni shilib olaveradi.

1920 yilda Lyustig Amerikaga ko‘chib keladi va nari borsa ikki yil ichida o‘nlab banklar va yuzlab shaxslarni turli yo‘llar bilan yuz minglab pullarga tushiradi. O‘z firiblarida 45 ta taxallusdan foydalangan Lyustigni 50 marta hibsga oladilar. Lekin har safar aniq dalillar yo‘qligi tufayli u suvdan quruq chiqar, o‘rniga beayb bechoralar panjara ortiga ravona bo‘lishardi.

1926 yilda Chikagoning eng mashhur gangsterlaridan birining oldiga yaxshi kiyingan bir kishi kirib keladi va o‘zini graf Viktor Lyustig deb tanishtiradi. U gangsterdan 50 ming dollar qarz so‘raydi va bu pulni 2 oy ichida ikki barobar qilib qaytarishni va’da qiladi. O‘zini aldashga hech kimning yuragi dov bermasligini yaxshi bilgan gangster shartta pulni sanab beradi. Lyustig bu pullarni Chikago bankidagi seyflardan biriga joylaydi va xotirjamlik bilan Nyu-Yorkka ravona bo‘ladi. Lyustig pulni ko‘paytirishga harakat ham qilmaydi. Muddat tugaganidan so‘ng u pulni olib gangsterning oldiga kelib, qiyin ahvolga tushib qolganini aytadi va rejasi amalga oshmaganidan uzr so‘rab, 50 mingni qaytarib beradi. Gangster unga shunday deydi: «Men 100 ming dollar olishni yoki hech vaqosiz qolishni kutgandim. Siz esa pulimni qaytarib berdingiz... Shubhasiz, siz halol odam ekansiz. Men hozirgi kunda halol odamlar qolmagan deb yurardim. Muammolar girdobidan chiqishingiz uchun men sizga 5 ming dollar hadya qilaman!». Lyustig bu yerda hech qanday qalloblik qilmagandek tuyular. Lekin gangtserning ishonchiga kirib, mana shu 5000 dollarga ega bo‘lish Lyustigning asl maqsadi edi.

Biroq Lyustig gangster bilan bog‘liq voqea orqali emas, Eyfel minorasini sotish orqali olamshumul shuhratga erishgan. 1925 yilning mayida u yana bir qallob oshnasi Den Kollins bilan Parijga tashrif buyuradi. Mahalliy gazetalarni titkilab o‘tirarkan, bir maqolaga ko‘zi tushadi. Unda Eyfel minorasi juda xarob ahvolga kelib qolganligi, minorani ta’mirlashdan ko‘ra buzib tashlash arzonga tushishi, hukumat shu masala ustida bosh qotirayotgani to‘g‘risida yozilgandi. Lyustigning miyasi yashin tezligida ishlab ketadi va tez orada ajoyib reja tuzadi. Birinchi navbatda qalbaki hujjatlar yasovchi tanishi orqali o‘ziga ishonch yorlig‘i tayyorlatib oladi.

Hammasi tinchligini bilgan firibgar yana Parijga qaytadi va xuddi oldingidek Eyfelni ikkinchi marta pullaydi.
Foto: «Pikabu.ru»


Keyin metallom bilan shug‘ullanuvchi yirik tadbirkorlarga rasmiy xatlar yo‘llaydi. Ularni qimmatbaho mehmonxonaga taklif qilgan Lyustig o‘zini Pochta va telegraf ministrining o‘rinbosari deb tanishtiradi. Tadbirkorlarga u Eyfel minorasi 1889 yilda Jahon ko‘rgazmasi uchun vaqtincha bir eksponat sifatida qurilganligini, hozir hukumat uni buzib, metallom sifatida sotish niyatida ekanligini aytadi va ularni yopiq auksionga taklif etadi. Lyustig tadbirkorlarga Eyfel minorasini juda yaxshi ko‘ruvchi Parij ommasida norozilik o‘yg‘otmaslik uchun bu ishlarni qattiq sir tutish lozimligini uqtiradi. Oradan to‘rt kun o‘tib tadbirkorlar kimoshdi savdosida qatnashish uchun ariza topshiradilar. Lekin Lyustigni kimoshdi qiziqtirmas, u o‘zining o‘ljasini mo‘ljallab bo‘lgandi. Bu Andre Puasson ismli tadbirkor edi. Lyustig gap orasida Puassonga kimoshdi savdosida yutishi mumkinligini qistirib o‘tadi. Tagdor gaplarni yaxshi tushunadigan Puasson ishni uzil-kesil hal qilib qo‘yish uchun firibgarga pora sifatida pulga to‘la chemodanni topshiradi. Den Kollins va Lyustig shu ondayoq Avstriyaga jo‘nab ketishadi va Puassonning pullariga maza qilib yashay boshlaydilar. Chuv tushganini anglagan Puasson qip-qizil ahmoqdek ko‘rinmaslik uchun dardini ichiga yutadi.

Hammasi tinchligini bilgan firibgar yana Parijga qaytadi va xuddi oldingidek Eyfelni ikkinchi marta pullaydi. Lekin bu safar aldangan amerikalik biznesmen politsiyaga murojaat qiladi. Lyustigning firibi gazetalarda chop etilib, butun Yevropada katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Firibgar Amerikaga qochib ketadi.


1935 yilning dekabrida graf Lyustig qo‘lga tushadi va qalbaki dollar yasaganlikda ayblanib 15 yilga, bir oy oldin qamoqdan qochganligi uchun 5 yilga kesilib ketadi. Uni San-Fransisko yaqinidagi mashhur «Alkatras» qamoqxonasiga jo‘natishadi. Eng mashhur firibgar 1947 yilda shu yerda zotiljamdan vafot etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyo ahlini hayratda qoldirgan "firibgarliklar"...