
Foto: «www.islam.ru»
Joriy yilgi haj mavsumi tugagach, ommaga Kaʼbatullohning ichi namoyish etildi.
Kaʼbaning ichida nimalar borligi koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bir necha yuz yil muqaddam bu savolga hojat boʻlmagan. Chunki oʻsha paytda xohlagan kishi Kaʼbaning ichiga bemalol kirib chiqavergan.
Hozir zamon oʻzgardi, makonlar oʻzgarmoqda. Odamlarning Kaʼba ichiga kirishini-ku qoʻya turaylik, izdihomda qora toshga qoʻl tekkizish, uni tavof qilish – hojilar uchun katta baxt.
Tinchlikni saqlash, xavfsizlikni taʼminlash, haj mavsumini betalafot oʻtkazish maqsadida hech kim Kaʼbaning ichiga kiritilmaydi.

Foto: “Haber7.com”
Kaʼba ichini tozalash marosimi – Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan sunnat boʻlib qolgan amal. Shu bois ushbu tadbirda faqat davlat arboblari yoki yuqori martabali mehmonlargina qatnasha oladi.
Kaʼbatulloh eshigini bezashga ishlatilgan tillaning miqdori uning “oltin eshik” deb nomlanishiga hamda “Dunyodagi eng qimmatbaho eshik” nomini olishiga sabab boʻlgan.
1979 yili Kaʼbaga yangi eshiklar oʻrnatilgan. Ushbu eshiklarni tayyorlash uchun 300 kilogramm sof oltin qoʻllanilgan. Eshikka ustaning imzosi qoʻyilgan va atrofiga Qurʼoni karimning quyidagi oyati karimasi oʻyib yozilgan:“Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy – Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) boʻlmish (Kaʼba)dir”. (Oli Imron surasi, 96-oyat).
Kaʼba ichi va devorlariga marmar plitalar yotqizilgan. Ushbu marmarlardan biri boshqalaridan rangi va tuzilishi bilan ajralib turadi. Makka shahri musulmonlar qoʻliga oʻtgach, Paygʻambarimiz aynan ana shu yerda namoz oʻqiganlar. Shuning uchun shu joyda qilingan ibodat savobi ulugʻ hisoblanadi.

Foto: “Haber7.com”
Devorlarda bir xil oraliqda Alloh uyini saqlash uchun qaygʻurgan buyuk shaxslarning ismlari va Kaʼbatullohda qilingan ishlarni yorituvchi matn va bezaklar ilib qoʻyilgan.
Devoriy lavhlar oʻn dona boʻlib, ularning soʻnggisi 1996 yilgi taʼmirlash ishlari va unda bosh-qosh boʻlgan shaxs haqida.
Kaʼba tomi yumaloq ishlov berilgan yogʻochli uchta ustunda turadi. Ularning har biri uch farishta ismi bilan nomlanadi. Aslida ustunlar faqat dekorativ shiftni ushlab turadi, haqiqiy tom undan 120 santimetr balandroqda. U “tik” yogʻochdan puxta ishlangan va zamonaviy gidroizolyatsiya bilan qoplangan.

Foto: “Haber7.com”
Ustunlar orasida yogʻochli arqon tortilgan boʻlib, unda qadimiy chiroqlar va duolar solingan turli idishlar bor.
Kaʼba shiftiga ipak mato qoplangan.
Ichkarida yana bir eshik bor. Uning ortidagi zina orqali tomga chiqiladi. Bu eshikka ham oltin ishlatilgan.

Foto: “Haber7.com”
Kaʼbaga kiraverishda koʻzga tashlanadigan ikki ustun oraligʻida oʻrtacha kattalikdagi stol bor. Uning nima uchun moʻljallangani nomaʼlum. Bundan tashqari, mazkur stolning tortmasi (quti) ham bor, unga duolar yozilgan yozuvlar qoʻyiladi. Oldin bu tortmada kaʼbapoʻsh va chiroqlar saqlangan.

Foto: “Haber7.com”
Kaʼbaning ichida istalgan tomonga qarab ibodat qilish mumkin. Sababi bu yerda toʻrtala tomon ham qibla sanaladi. Xalq orasidagi “Toʻrt tomoning qibla”, deyiladigan joy mana shu yer. Ichkarida na xazina, na sirli bilimlar olami, na boshqa olamga yetaklovchi yoʻl yoki gʻayritabiiy hech narsa yoʻq.
Manba: Xabar.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar