
Mashxur tadbirkor va texnologiya olamining eng ta’sirli shaxslaridan biri — Ilon Mask kelajakda smartfonlar umuman bozordan yo‘qolishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030-yilga kelib odamlar qo‘lidagi gadjetlar sun’iy intellektga asoslangan yangi avlod qurilmalari bilan almashadi. Bu haqda Mask 31-oktyabr kuni jurnalist Jo Rogan bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida gapirdi.
Mask ta’kidlashicha, hozirgi smartfonlar aslida sun’iy intellekt tizimining bir qismi, ya’ni video va ma’lumot tahlili uchun xizmat qiluvchi tugun vazifasini bajaradi. Ular faqat aloqa uchun mo‘ljallangan radio modullar bilan jihozlangan bo‘lib, haqiqiy “aqlli qurilma” emas.
Texnologiya sohasi yetakchisining fikricha, kelgusida foydalanuvchi qurilmasi to‘g‘ridan to‘g‘ri AI serverlari bilan bog‘lanadi va ma’lumotlarni real vaqtda qayta ishlaydi. Bu degani, inson endi ilova yoki operatsion tizim orqali emas, balki sun’iy intellekt bilan bevosita muloqot qiladi.
“Yaqin 5–6-yil ichida biz klassik ‘smartfon’ tushunchasidan voz kechamiz. Uning o‘rnini ekran va audio orqali faoliyat yurituvchi, foydalanuvchining fikrini oldindan his etadigan intellektual qurilmalar egallaydi”, — dedi Mask.
Uning aytishicha, sun’iy intellekt shunchalik rivojlanadiki, u insonning ehtiyojini, kayfiyatini va hatto niyatlarini oldindan anglay oladi. Bunday moslamalar foydalanuvchi bilan muloqotni tabiiy suhbat darajasiga olib chiqadi.
Mutaxassislar bu fikrni kelajak texnologiyalarining yangi bosqichi deb baholamoqda. Maskning bashorati amalga oshsa, bu nafaqat smartfon sanoati, balki butun raqamli ekotizim uchun tub burilish nuqtasi bo‘ladi.
Ilon Mask so‘zlariga ko‘ra, AI asosidagi moslamalar insoniyatning kundalik hayotidagi eng muhim vositaga aylanadi va “ekranli telefonlar” inson tarixidagi navbatdagi bosqich sifatida qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!