
Mazkur orol-davlatning islomiy o‘tmishi bilan Kampong Glam mavzesida tanishish mumkin: bu yer o‘ziga xos tarixiy-madaniy majmuaga aylangan.
Singapur allaqachondan beri Janubi-Sharqiy Osiyoga yoki Avstraliya va Yangi Zelandiyaga amalga oshiriladigan uzoq parvozlar uchun eng maqbul tranzit nuqtasi hisoblanib keladi. Ushbu shahar ixchamligi tufayli qisqa to‘xtab o‘tishlar paytida mehmonlarning iloji boricha ko‘proq foyda olishlariga imkoniyat beradi.
Singapurning jo‘g‘rafiy rangbarangligi va kosmopolitizmi ham pazandalik, ham tarix borasida eng nozik ta’b egalarining talablariga javob beradi. Singapurning musulmonlar jamoasi haqida ko‘proq ma’lumot olishni istasangiz, bu ikki yo‘nalishni o‘zaro uyg‘unlashtirishingiz ayni muddao bo‘ladi.
Agar vaqtingiz kam bo‘lsa, eng yaxshisi, uni “Makan Makan” deb nomlangan uch soatlik yayov ekskursiyaga sarflaganingiz ma’qul. Mazkur ekskursiyada asosiy e’tibor Kamkong Glam mavzesiga qaratilgan.
Ekskursiya aeroportdan 40 daqiqalik masofadan – Malay madaniy meros markazidan boshlanadi.
Ertalab soat o‘nda, sharros yoqqan yomg‘irdan keyin bu yerga kelganimda, ravoqsimon darvozalar ortidagi ziravorlar bog‘ining o‘tkir hidi gup etib dimog‘imga urildi.
Tanish bir hid e’tiborimni tortdi. Turfa xushbo‘y o‘simliklar – moviy zanjabilu dafna, kurkumayu murch – orasida yovvoyi qizil gul butasi bori edi. Men yaproqchasidan olib, chuqur hidlayman: qalampirmunchoq shu zahoti Abu-Dabidagi men sevgan choyxonani yodga soladi.
“Hozir biz bu yerni ziravorlar bog‘i deb ataymiz, – deydi mening quvnoq gidim Abdul Rahim. – Biroq 700 yil avval arab do‘stlarimiz ularni oltinga teng deb hisoblagan”.
Ziravorlar nafaqat Singapur oshxonasining asosini tashkil etadi, balki mamlakatdagi islomiy merosning manbalarini anglashda eng muhim rolni o‘ynaydi. Janubi-Sharqiy Osiyodagi qo‘shnilari singari Singapur ham Islomga savdo-sotiq orqali kelgan.
Singapurning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi qulay tranzit nuqta sifatidagi strategik ahamiyatini anglagan mintaqaning arab savdogarlari bu yerni Yevropaga ziravor yetkaziladigan joy sifatida ko‘rar edilar.
Abdul Rahimning aytishicha, bu anchagina katta foyda keltiradigan ish bo‘lganidan odamlarning boshini aylantirib qo‘ygan edi.
“Arab savdogarlar har safar Yevropaga ziravorlar yuklangan uchta kema jo‘natar edi. Ular bir yoki ikkita kema qaroqchilar yoxud yomon ob-havo tufayli Yevropagacha yetib bormasligi bilishar edi. Biroq bitta kemaning manzilga yetib borishi arab savdogarlarining umr bo‘yi bekami ko‘st yashashini anglatar edi”, – deydi gid.
Ekskursiya doirasida Abdul Rahim bizni bir paytlar mintaqa boylari malay jamoasi a’zolari bilan qarindosh tutinishga va savdo rastalarini ochishga qaror qilgan mavzega – Kampong Glamga olib bordi. Bu yer avvaliga turli-tuman xizmatlarni ko‘rsatuvchi sershovqin rastalar va korxonalar makoni sifatida taassurot uyg‘otdi.
Biroq yaqin o‘tmishda mavzening asosiy daromadini ziyorat firmalari keltirar edi. 1960 va 1970 yillarda mintaqadagi musulmonlar hajga aynan Singapurdan yo‘l olishar edi.
Kampong Glam barcha ehtiyojlaringizni qondiruvchi universal savdo nuqtasi: oq libosu, Qur’on va tasbehlar, yo‘l ko‘rsatkichlar bu yerda ma’qul narxda sotilar ekan.
Bir paytlar ziyorat firmalarining katta qismi joylashgan tor yo‘lga juda ko‘p ziyoratchilar kelgani uchun u Haji-Leyn – Hojilar tor ko‘chasi deb nomlangan.
“Otam menga bu ko‘chaning oqqa burkanishini aytgan edi, – deydi peshin namoziga borish uchun matolar sotiladian kichikroq do‘konini yopayotgan 36 yoshli Karim. – Hozir bu yer avvalgiday gavjum emas, biroq o‘ziga xos ajib ruhi bor deb o‘ylayman”.
Boshqa ko‘chalarga ham amaliy nuqtai nazardan nom berilgan, masalan, Arab-Strit (Arab ko‘chasi) nomi Yaqin Sharq va Yamandan kelgan savdogarlar bilan bog‘liq. Hozir bu yerda chexlarning chakana savdo tarmog‘i joylashgan. Keyingi ko‘chalar mashhur musulmon shaharlarning nomi bilan ataladi: Qandahor, Basra va Bag‘dod.
Besh yil muqaddam O‘mon sultonligi poytaxti sharafiga Maskat deb nomlangan ko‘chaning alohida o‘rni bor. Men bu yerga dushanba kuni kelganim sababli bir qancha arab riteylerlari joylashgan ko‘cha nisbatan sokin edi. Biroq juma kuni tush paytida kelsangiz, qanchalar gavjum bo‘lishini ko‘rasiz: “Sulton” masjidiga asosiy kirishlardan biri aynan shu yerda joylashgan.
Mazkur masjid 1842 yilda, malay hukmdori Shoh Sulton Husayn davrida qurilgan. Hozirgi binosi esa 1932 yilda irlandiyalik me’mor Denis Sentrining loyihasiga ko‘ra barpo etilgan.
Masjid tashqarisini aylanar ekanman, piyoz rangidagi gumbazining asosini rangi o‘chgan qimmatbaho toshlar o‘rab olganini ko‘rdim.
“Unday emas, – dedi Abdul Rahim. – Aslida bular ovqat uchun ishlatilgan qaylalar saqlangan shisha idishlar, ularni xalq yig‘ib bergan. Buning ma’nosi shuki, hukmdorlar yuqorida bo‘ladi, lekin xalqning qo‘llovi bilan”.
Boshqa tijorat mavzelari singari Kampong Glam ham yuksalishlar va pasayishlarni boshidan kechirdi. Hozirgi do‘kondorlarning aytishicha, sakkiz yil avval boshlangan jahon moliyaviy inqirozi tufayli kelib chiqqan pasayish ortda qoldi.
Ud bilan savdo qiluvchi Shayx Abdullaning aytishicha, endilikda Kampong Glam sayyohlik markazlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Diqqatga sazovor joylarni ko‘rish uchun bu yerga keluvchi sayyohlar biznes egalari uchun yangi imkoniyat demakdir.

“90-yillarda barcha do‘konlarda ishlar yaxshi bo‘lgan, biz xuddi pul bosar edik, – deydi u. – Hozir ishlar yomon tomonga o‘zgargan, lekin bu yerga kelayotgan sayyohlar bizni boshqacha o‘ylashga majburlamoqda. Bu biz, Singapur musulmonlari uchun nafaqat mahsulotimizni sotish, balki tariximiz haqida so‘zlab berish uchun imkoniyat hamdir. Bu eng kamida meni hayajonga soladi”.
Said SAID
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar