07:33 / 18.02.2019
6 088

Qutblar to‘qnashuvi yoxud Venesuela kimga yem bo‘ladi?

Qutblar to‘qnashuvi yoxud Venesuela kimga yem bo‘ladi?
Donald Tramp AQShning Xitoy bilan savdo-sotiq va bank shartnomasi borasida Xitoyga yana 60 kun muhlat berdi. Ma’lumki, 2018 yilning oxiridan boshlab, AQSh va Xitoy o‘rtasida “savdo urushi” deb nom olgan keskinlik boshlangan edi. Tramp Xitoyning AQShga kirib kelayotgan mollari uchun yuqori boj qiymati belgilagan va Xitoydan AQSh kompaniyalari uchun soliq borasida yengillik berishni talab qilgan edi. Shuningdek, AQSh ma’muriyati Xitoy giganti Xuaveyni moliyaviy firibgarlik va iqtisodiy josuslikda ayblagan edi. Xitoy iqtisodiyotiga AQShdan kirib kelayotgan sarmoyalar oqimining cheklanishi, Xitoy mahsulotlarining AQShga kirib kelishining kamayishi ortidan Xitoyning iqtisodiy o‘sishi pasaya boshladi va yalpi milliy mahsuloti qisqara boshlagan edi.

Prezident Tramp Xitoy bilan AQSh manfaatlarini ham himoya qiladigan yangi savdo shartnomasini 2019 yilning martigacha imzolashi kerakligini ta’kidlagan.

O‘tgan haftada XXR bosh vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya AQShga tashrif buyurib, moliya vaziri Mnuchin ishtirokida savdo sanoat doiralari bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazdi. Delegatsiya rahbari Oq Uyda Donald Tramp bilan ham uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng Tramp muzokaralar samarali bo‘lganligini ta’kidlagan edi. Aftidan, shu muzokaralar ta’sirida bo‘lsa kerak, yangi savdo shartnomasini tuzish muddati yana 60 kunga cho‘zildi. Ya’ni savdo shartnomasi ikki davlat uchun ham foydali bo‘lar edi. Aks holda Xitoy iqtisodiyoti uchun jazo choralari kuchayadigan bo‘lsa, Xitoyda iqtisodiy o‘sish to‘xtashi, bu esa iqtisodiy tanglikka olib kelishi mumkin. Iqtisodiy qiyinchiliklarga yuz kelgan Xitoy hukumati kelajakda qanday siyosat yuritishini faqat taxmin qilish mumkin. Bu har holda yaxshi siyosat bo‘lmaydi.

AQSh kompaniyalari yangi savdo shartnomasi tuziladigan bo‘lsa, Xitoydan chiqib ketmaydi va ko‘proq daromad ola boshlaydi. AQSh byudjeti ham bundan daromad oladi.
AQSh hukumati Venesuelada o‘zini vaqtincha prezident deb e’lon qilgan Xuan Guaydoga Venesuelaning muzlatib qo‘yilgan mablag‘laridan foydalanishga ruxsat berdi.

Venesueladagi vaziyat esa keskinlashib borishda davom etmoqda. Guaydoni ayrim harbiy rahbarlar ham qo‘llay boshladi. Maduro esa AQShni ayblashda davom etmoqda. AQShning 6 ming nafar harbiy kontingenti Kolumbiyada shay turibdi. Kolumbiya ham Guaydoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Sababi keyingi uch yil ichida oziq-ovqat tanqisligidan azob chekkan 650 ming venesuelalik to‘siqlarga qaramasdan Kolumbiyaga qochib o‘tgan. Kolumbiya hukumati ham Venesueladagi og‘ir siyosiy vaziyatning yuzaga kelishida Maduroni aybdor deb biladi. Ayni paytda Kolumbiya-Venesuela chegarasida venesuelaliklar uchun jo‘natilgan insonparvarlik yuklari turibdi. Bu yuklar asosan AQSh hukumati tomonidan Venesuelaga yuborilgan. Lekin Maduro bu yuklar mamlakatga olib kirilishiga ruxsat bergani yo‘q. AQSh, Kolumbiya va Guaydo bu yordamni tez fursatda Venesuelaga olib kirilishini talab qilmoqda.

Rossiya va Xitoy esa Maduroni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Rossiya TIV Sergey Lavrov AQSh davlat kotibi Pompeo bilan telefon orqali gaplashib, agarda AQSh Venesuela ichki ishlariga aralashadigan bo‘lsa, bu AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirishidan ogohlantirdi.

Venesuelada esa oddiy xalq hamon qiynalishda va norozilik uyushtirishda davom etmoqda.
Jahongir Ergashev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qutblar to‘qnashuvi yoxud Venesuela kimga yem bo‘ladi?