Financial Post nashrining ma’lum qilishicha, o‘z yo‘li bilan muvaffaqiyatga erishgan Polymarket asoschisi, 27 yoshli Sheyn Koplan dunyodagi eng yosh milliarderlardan biri sifatida tan olindi.
Koplanning startapi — prognozlar bozoriga ixtisoslashgan Polymarket platformasi — so‘nggi paytlarda moliya dunyosida katta shov-shuv yaratdi. Nyu-York fond birjasi (NYSE) kompaniyaga ikki milliard dollar sarmoya yo‘naltirganidan so‘ng uning biznesi yangi bosqichga ko‘tarildi. Hozir Polymarket’ning umumiy bahosi 9 milliard dollardan oshib ketgan.
Platforma foydalanuvchilarga turli voqealar bo‘yicha bashorat qilish va pul tikish imkonini beradi. Unda nafaqat siyosiy jarayonlar, balki har qanday soha bo‘yicha “pulli prognoz” qilish mumkin:
— prezidentlik saylovlari;
— xalqaro siyosiy voqealar;
— Nobel mukofoti sovrindorlari;
— filmlar va seriallarning kassa yig‘imlari va boshqalar.
Sheyn Koplanning hayotiy yo‘li ham boshqalar uchun ibrat bo‘larli. U bir necha yillar ilgari moddiy qiyin ahvolda bo‘lgan, hatto ijara haqini to‘lash uchun shaxsiy ashyolarini sotishga majbur bo‘lgan. Biroq bu holat unga to‘sqinlik qilmadi.
2019-yilda u iqtisodchi Robin Hansonning “bashorat bozori” g‘oyalarini chuqur o‘rganishni boshladi va ularni amalda qo‘llashga qaror qildi. Shu orqali 2020-yilda, atigi 22 yoshida, Polymarket’ni ishga tushirdi.
Ammo uning ilk muvaffaqiyati uzoqqa cho‘zilmadi. AQSHdagi qonunchilik talablariga ko‘ra, Polymarket faoliyati taqiqlandi. Bu yosh tadbirkor uchun jiddiy zarba bo‘ldi. Ammo Koplan taslim bo‘lmadi — u kompaniyani qayta tashkil etib, xorijiy bozorlarda faoliyatini davom ettirdi.
So‘ngra vaziyat keskin o‘zgardi. Donald Trampning kriptovalyutalarga nisbatan ijobiy siyosati tufayli platforma yana Amerika bozoriga kirish imkoniga ega bo‘ldi. Shu bilan Polymarket uchun yangi davr boshlandi.
Bugun Sheyn Koplan nafaqat moliyaviy muvaffaqiyat ramzi, balki yangi avlod tadbirkorlarining fidoiyligi, tavakkalchilik va ishonch bilan erishilgan yutug‘i sifatida tilga olinmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “boshqalar uchun oddiy ko‘ringan g‘oyani doimiy mehnat va to‘g‘ri yo‘nalish bilan dunyoni o‘zgartiruvchi startapga aylantirish mumkin.”
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!