O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan Bryussel shahrida uchrashdi. Suhbat 9 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi va Yevropa Ittifoqining Global Gateway forumi doirasida tashkil etildi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
«Fon der Lyayen xonim bilan uchrashuvdan juda mamnunman. O‘zbekiston va Yevropaning hamkorlik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganiga ishonchim komil», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘z bayonotida.
Global Gateway forumi — Yevropa Ittifoqining tashqi investitsiya tashabbuslariga bag‘ishlangan muhim xalqaro platforma hisoblanadi. U 9–10 oktyabr kunlari Bryusselda o‘tmoqda. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, forumning bu yilgi mavzusi geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida global bog‘lanish va infratuzilmani rivojlantirish masalalariga qaratilgan. Bu tashabbus Yevropa Ittifoqining “yashil iqtisodiyot”, raqamli texnologiyalar va barqaror infratuzilma orqali jahon miqyosidagi hamkorlikni chuqurlashtirish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Uchrashuvda ikki tomon o‘rtasida ta’lim, madaniyat, innovatsiya va axborot texnologiyalari sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingani aytiladi. Saida Mirziyoyeva Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, barqaror rivojlanish, ayollar huquqlari, yoshlar ta’limi va ijtimoiy loyihalar sohasidagi sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilishi kerak.
Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ham suhbat davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholagan va mamlakatda fuqarolik jamiyati hamda ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Saida Mirziyoyeva va Ursula fon der Lyayen bu ilk muloqotlari emas. Ular joriy yilning aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammiti chog‘ida ham uchrashgan edilar. O‘shanda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev to‘ng‘ich qizini Ursula fon der Lyayen hamda Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bilan tanishtirgandi.
Ekspertlar fikricha, Saida Mirziyoyevaning Bryusseldagi uchrashuvi O‘zbekistonning Yevropaga qaratilgan tashqi siyosat yo‘nalishida muhim qadam hisoblanadi. Chunki Yevropa Ittifoqi bugungi kunda O‘zbekistonning eng yirik hamkorlaridan biri bo‘lib, investitsiyalar, “yashil energetika”, ta’lim va gender tengligi sohalarida qator qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!