Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlariga, jumladan Oʻzbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini oshirdi. TASS agentligining maʼlumoticha, Rossiyaning Oʻzbekistondagi savdo vakolatxonasi “Gazprom” kompaniyasi 2024 yilning yanvar–avgust oylarida gaz eksport hajmini 15 foizga koʻpaytirganini maʼlum qilgan.
Kompaniya rahbari Aleksey Millerga koʻra, yaqin besh yil ichida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston iqtisodiyoti 60 foizga oʻsishi mumkin. Bu esa energiya va gazga boʻlgan ehtiyojni yanada oshiradi.
Mutaxassislar fikricha, Rossiya gazining Markaziy Osiyodagi eksporti oʻsishida “Sibir qudrati – 2” gaz quvuri muhim rol oʻynaydi. Loyiha amalga oshirilgandan soʻng Rossiya Xitoyga va janubiy yoʻnalishlarga gaz yetkazib berishni kengaytirish imkoniga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, mamlakat 2025 yilning yanvar–avgust oylarida Turkmaniston va Rossiyadan gaz importini 27,9 foizga qisqartirib, 885,9 million dollarga tushirgan. Biroq Energetika vazirligi import hajmi va narxi haqida maʼlumot oshkor etmadi.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yil oktabrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Rossiya rahbari Vladimir Putin va Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toʻqaev Rossiya gazini Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga yetkazib berishni rasmiy yoʻlga qoʻygan edi. Shartnoma doirasida Oʻzbekiston har yili 2,8 milliard kub metr gaz xarid qiladi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, Rossiyaning bu harakati nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy ahamiyatga ham ega. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston uchun energiya xavfsizligini taʼminlash va mintaqadagi hamkorlikni mustahkamlash imkonini yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!