Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-oktyabr kuni Tojikiston poytaxti — Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Yig‘ilish doirasida mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va dolzarb mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.
Dastlabki nutqida davlat rahbari global siyosat va iqtisodiyotdagi noaniq jarayonlarga qaramasdan, MDH tashkiloti o‘zining barqarorligi va samaradorligini saqlab qolayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, xalqaro institutlar nufuzi so‘nayotgan bu davrda Hamdo‘stlik dunyo siyosiy maydonida o‘ziga xos o‘rniga ega bo‘lib qolmoqda.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Prezident tashqi ishlar idoralari va maxsus xizmatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidlab, bu borada tizimli muloqot muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi.
Davlat rahbari Afg‘onistondagi holatni ham tilga olib, mintaqaviy barqarorlik uchun mazkur mamlakatdagi vaziyatga e’tibor qaratish lozimligini qayd etdi.
– O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidlayman. Shu munosabat bilan ushbu mamlakatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz, – dedi Mirziyoyev.
Yig‘ilish yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergey Lebedevning MDH Bosh kotibi lavozimida qolishini qo‘llab-quvvatladi hamda Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedovni tashkilotga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi.
Dushanbe sammitida Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ham nutq so‘zladilar. Yig‘ilish so‘nggi qismida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator kelishuvlar va muhim qarorlar imzolandi.
Sammit o‘z navbatida mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarni yanada mustahkamlash sari muhim qadam bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!