date
views 3 596

Gruziya mo‘’jizasi: politsiya islohoti (oxiri)

Gruziya mo‘’jizasi: politsiya islohoti (oxiri)
Gruziyaning yangi Ichki ishlar vazirligi
2004 yil boshida yangi IIVda politsiya, davlat xavfsizlik vazirligi, favqulodda vaziyatlar departamenti va davlat chegarasini qo‘riqlash departamenti birlashdi. Endilikda mamlakat ichki xavfsizligi uchun faqat bir organ – IIV javob beradigan bo‘ldi.

Strukturalarning birlashuvi idoralarning parallel vazifalari yo‘qolishiga, amaldorlar sonining kamayishi va byudjet mablag‘larini aqlan sarflashga yordam berdi. Endilikda idoralar ma’lumotlarni bir-biridan yashirmaydigan bo‘ldi.

Gruziya IIVning umumiy shtati 75 mingdan 26 ming kishiga kamaydi.

Gruzin islohotchilari IIV xususiy biznesga aralashmasligi kerak, degan qarorga kelishdi, shuning uchun vazirlikdagi iqtisodiy jinoyatlarni taftish qilish uchun javob beradigan departament tugatildi. Bu vakolat Moliya vazirligining maxsus organi – moliya politsiyasiga berildi.

Hozir Gruziyada tergovchi yo‘q. Bungacha gruzin tergovchilar boshqa sovet davlatlaridagi hamkasblari kabi asosan qog‘ozlarni tokchaga taxlab qo‘yish, hujjatlarni nusxalash bilan mashg‘ul bo‘lib kelgan.

Ishlamaydigan institut olib tashlangach, hech qanday qo‘rqinchli hodisa ro‘y bergani yo‘q. Endilikda tergovchining ishini uchastka noziri amalga oshiradigan, chigal masalalar bo‘yicha detektivlar ishlaydigan bo‘ldi.

Poraxo‘rlikning oldini olish va uni fosh etish uchun IIVda maxsus Bosh inspeksiya tashkil etildi. Uning vazifasi vazirlik tarkibidagi poraxo‘rlarni aniqlash.

2004 yildan boshlab pora tufayli hibsga olingan amaldorlarni mahalliy TV orqali ko‘rsata boshlashdi. Yarim yildan so‘ng antikorrupsiya roliklarining “qahramonlari” pora taklif qilayotganlar bo‘ldi. Yil o‘tib amaldorlar pul taklif qiladiganlardan olovdan qo‘rqqandek qo‘rqishni boshladi.

Bosh inspeksiya xodimlari o‘z hamkasblarini pora bilan ushlab bergani uchun vijdon azobini chekkani yo‘q, aksincha o‘z ishlaridan faxr hissini tuya boshlashdi. Chunki ular “tizimni xoin va poraxo‘rlardan tozalayotgan” edi.

Gruziyada IIVning markazlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun hududiy politsiya boshqarmalariga, shuningdek mahalliy politsiya uchastkalariga muhim vakolatlar berildi. Hozirda ular mustaqil kadr va moliyaviy siyosatni amalga oshiradi. Masalan, tuman politsiya boshqarmasi rahbari biror xodimni ishga yollash va unga maosh tayinlash huquqiga ega.

Ilgari poraxo‘rlik uchun keng maydon bo‘lgan ko‘plab keraksiz funksiyalar bekor qilindi.
Yangi hukumat 2012 yilda, “texosmotr“ korrupsiyaning o‘chog‘i sifatida foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi, degan to‘xtamga keldi va uni bekor qildi.

Antikorrupsiya yo‘lida yana bir katta qadam tashlandi: GAI yo‘q qilindi. “Texosmotr“ va GAI tugatilganiga qaramasdan, yo‘l transport hodisasi 2003 yildan 2010 yilgacha 1,79 dan 1,05 foizga kamaydi.

“Sanepidemnadzor” va yong‘in o‘chirish inspeksiyasi ham shu sababdan tugatildi. Bu bilan suvaraklar va yong‘inlar ko‘payib qolgani yo‘q, yong‘in oqibatida nobud bo‘luvchilar soni hatto kamaydi kam.

Patrul politsiyasi
2004 yilda bir kunning ichida Gruziyada 15 ming GAI xodimi ishdan chetlatildi – 4,5 millionlik aholi uchun bu katta raqam. Mamlakatning eng korrupsiyalashgan xizmatlaridan biri – GAI yo‘q qilindi.

3 oy davomida Gruziya yo‘llarida vaziyatni hech kim nazorat qilmadi. Bundan hech qanday ko‘ngilsiz hodisa ro‘y bergani yo‘q. Qaytanga, gruziyaliklar mamlakat juda katta yengillikni his qilganligini ta’kidlamoqda. Axir “GAI“chilar amalda “o‘zini-o‘zi ta’minlab kelgan”: deyarli har bir muyulish ortida turib mahalliy va xorijiy haydovchilarni shilgan.

IIVning yangi yosh xodimlari aholiga butunlay yangi “mahsulot” taqdim qilishdi – bu patrul politsiyasi. Uch oydan keyin ular ko‘chalarga 3 ming nafar yosh politsiyachilarni yangi forma va yangi Wolkswagen Passat, Opel va Skoda mashinalarida ko‘z-ko‘z qilishdi. Odamlar hayratga tushdi.

Patrul xizmatini tashkil qilishda amerikacha tajriba olindi. Ikki kishidan iborat ekipaj ma’lum bir marshrut bo‘yicha harakatlanadi. Yo‘l harakatlarini kuzatishdan tashqari patrul maishiy nizolarni ham hal qiladigan bo‘ldi: mushtlashish, zo‘rlash, telefon yo‘qolishi va hokazo.

Politsiyani agar eri kechqurun uyiga tunashga kelmasa yoki mushugi daraxtdan tusholmay tursa ham, chaqiradigan bo‘lishdi.
Patrul yo‘l chetida to‘xtab turgan mashina oldiga borib, unga yordam kerak-yo‘qligi bilan qiziqadi, agar zarurat bo‘lsa, g‘ildiragini almashtirishda yoki tobi qochgan bo‘lsa, dori olib kelishda yordam beradi.

Patrul qayerda – Tbilisi yoki tog‘li qishloqda – xizmat qilishining farqi yo‘q, barchasida bir xil texnika. Har bir avtomobil Gruziyadagi barcha mashinalarning ma’lumotlar bazasiga ulangan planshet bilan jihozlangan. Baza doim internet orqali yangilanib turadi.

Politsiya akademiyasi
Akademiyada o‘qish to‘rt yildan uch oyga qisqardi, sababi umumiy ma’lumot beradigan fanlarga talab politsiyaga oliy ma’lumotli odamlar qabul qilinishi bilan bog‘liq.

Detektiv yoki kriminalist bo‘lish uchun Akademiyaga topshirayotganda oliy yuridik ma’lumot bor bo‘lishi kerak.
Politsiya akademiyasiga konkurs bir o‘ringa 50 kishini tashkil qiladiki, bu uning qanday nufuzli ekanligini ko‘rsatadi.

Kirish imtihonida 100 savolga javob berish kerak, 60 ta to‘g‘ri javob keyingi suhbat bosqichiga o‘tishga yordam beradi. Suhbatni psixolog, professor, soha mansabdorlari olib boradi. Psixologik testlardan ham foydalaniladi. Politsiyaga IQ darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lganlar olinadi.

O‘qishga kirgandan keyin kursant o‘qish dasturini qabul qilib oladi. Barcha uchun majburiy fan bu ingliz tili, qolganlari tanlangan mutaxassislikdan kelib chiqadi (patrul, detektiv, uchastka noziri).

Shunday qilib, Gruziyada politsiya kasbi yaxshi hayot boshlash uchun yaxshi start bo‘ldi. Politsiyaga 19 dan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar kela boshladi. Odamlar ko‘z o‘ngida politsiyaning obro‘yi oshdi.

Gruziyaliklar zamonaviy politsiyani – xotirjamlik, xavfsizlik va kulfatga tushib qolgan paytingda haqiqiy do‘stning yordami deb tushunadigan bo‘ldi.
Margarita Filippova

Maqola Ildizuzda o‘zbek tiliga o‘girildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gruziya mo‘’jizasi: politsiya islohoti (oxiri)