08:33 / 10.11.2019
2 626

Inqilob kimlarga manfaat keltirdi?

Inqilob kimlarga manfaat keltirdi?
Foto: Google Photos
Berlin devori qulashi haqida gapirgan Gelmut Kol o‘sha tarixiy 1989 yilda «Hech kimga oldingidan yomon bo‘lmaydi, ammo ko‘pchilikka ancha yaxshi bo‘ladi», deb aytgan edi. Uning so‘zlari kommunistik mafkura tizimidan keyin Yevropada iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlarni tezlashtirishga yordam berdi.
Oradan o‘ttiz yildan oshiqroq vaqt o‘tdi; Yevropa rahbarlari va’dalariga qay darajada sodiq qoldi, degan savolga javob izlaydi The Project Syndicate nashri.

Yevropaning Praga, Buxarest va Kiyev kabi shaharlariga borsangiz, import iste’mol mahsulotlariga to‘lgan savdo do‘konlari-yu markazlariga ko‘zingiz tushadi. Katta zalli kinoteatrlarda mahalliy shahar yoshlarining Marvel blokbasterlarini tomosha qilish uchun navbatga turganining guvohi bo‘lasiz. Ehtimol, ular yupqa, sensorli iPhone’lariga tikilgancha keyingi ta’tilini Buenos-Ayres, Parij yoki Goada o‘tkazish haqida o‘ylayotgandir.

Shaharlar markazida mijozlar arimaydigan qahvaxona va restoranlarga, rastalari to‘la supermarketlarga duch kelasiz. Ular mahalliy elitadan tortib shaharga tashrif buyurgan barcha-barchaga xizmat ko‘rsatadi. Yetishmovchilik, talon tizimini ko‘rgan kommustik o‘tmishdan farq qilib, bugungi Sharqiy va Markaziy Yevropa uchun yangi imkoniyatlarning cheki yo‘q.

Lekin xuddi shu shaharlarning qashshoqlari va pensionerlari eng oddiy qulayliklarga ham arang pul topadi. Keksalar issiqlik, dori-darmon va yegulik orasidan eng zarurini tanlashiga to‘g‘ri keladi. Qishloq joylarda ayrim oilalar xo‘jalik yuritishning eskicha usuliga o‘tib olgan. Yoshlar guruh-guruh bo‘lib, yaxshi hayot ilinjida xorijga ketmoqda. Siyosiy nigilizm, iqtisodiy qiyinchiliklar jamiyatda ishonchsizlik o‘sishiga, avtoritar o‘tmish barqarorligi va xavfsizligini eslashga, sog‘inishga olib kelmoqda. Populist siyosiy rahnamolar esa jamiyatning tushkun ahvoldagi aholi qatlamidan foydalanib qolishga urinmoqda.

Ikki dunyo yonma-yon yashab kelmoqda. Keyingi 30 yillik davr Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyodagi ozchilik uchungina ijobiy o‘zgarishlar olib kelgan bo‘lsa-da, bu sobiq kommunistik mamlakatlar aholisining katta qismi uchun ulkan iqtisodiy falokatlarni ham keltirdi.

1990-yillardayoq mutaxassilar bu mamlakatlarda retsessiya bo‘lishi mumkinligini yaxshi bilar edi. Lekin ular retsessiya bu qadar vayronkor bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qila olmas edi. AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligi, Jahon banki hamda Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki ma’lumotiga ko‘ra, Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo davlatlaridagi inqirozni AQShda kechgan 1929 yildagi Buyuk inqiroz ko‘lami bilan tenglashtirish mumkin.

Postkommunistik mamlakatlardagi iqtisodiy falokat millionlab muddatidan oldingi o‘lim, ommaviy emigratsiya va kommunistik davrda bo‘lmagan ijtimoiy kasalliklar, xususan, uyushgan jinoyatchilik ko‘lamining o‘sishi, oshib boruvchi tengsizlikka olib keldi. Ko‘plab post kommunistik mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning umumiy raqamlari daromad qarama-qarshiligi o‘sayotganini yashirib kelmoqda.

Bu mamlakatlarda aholi soni o‘limning keskin ko‘paygani va emigratsiyaga ketayotganlar hisobiga keskin kamayib bormoqda.

G‘arb va Sharqdagi liberal elita sovuq urush tinchlik bilan nihoyasiga yetganini nishonlab, keyingi 30 yilda yuz bergan yutuqlardan quvonmoqda. Biroq ko‘pchilik kapitalizm kirib kelganidan foyda ko‘rmaganini ham unutmaslik lozim. Ijtimoiy so‘rovlar jamiyatda ishonch darajasi pasayib borayotgani, davlat idoralariga ishonchsizlik ortayotgani va daromad notengligidan norozilik o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Bularning barchasi keyingi o‘n yillar mobaynida siyosiy va iqtisodiy hayotga ta’sir ko‘rsatib boraveradi.

Berlin devori qulaganidan keyingi 30 yil Gelmut Kol aytganlarining teskarisini isbotladi: ko‘pchilik uchun hayot ilgarigidan yomonlashdi, ozchilik uchun yaxshilandi. Farovonlik hamma uchun yetarli bo‘lmagunicha 1989 yil boshlangan inqilob nihoyasiga yetmagan bo‘lib qolaveradi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Inqilob kimlarga manfaat keltirdi?