date
views 2 150

Yilni optimist bo‘lib yakunlashning 6 sababi ma’lum qilindi

Yilni optimist bo‘lib yakunlashning 6 sababi ma’lum qilindi
Bugungi kunda bildirilayotgan turli-tuman noxush prognozlarga qaramasdan AQSHdagi yetakchi tahlil markazlaridan biri Atlantic Councilʼning ijrochi direktori Frederik Kempe yilni umid va ko‘ngilni to‘q qilib yakunlash kerakligini ma’lum qildi.

U bunda mashhur siyosatchi Uinston Cherchilning “Pessimist har bir imkoniyatda qiyinchilik ko‘radi, optimist esa har bir qiyinchilikda imkoniyat ko‘radi” degan maslahatiga quloq solishini ta’kidlaydi. Amerikalik ushbu taniqlik tahlilchi-ekspert okean ortidagi eng yirik telekanallardan biri - CNBC uchun 2020 yilda optimist bo‘lishning 6 ta sababini tuzib berdi. E’tiborlisi, ularning ichidan O‘zbekiston ham joy olgan. Keling, shularga kengroq to‘xtalamiz.

1. Global taraqqiyot yuksalyapti
Dunyoda hech qachon bu darajada yaxshi holat bo‘lmagan. Zero, bugunga kelib global farovonlik tarixdagi eng yuqori darajasiga ko‘tarildi, deyiladi yaqinda e’lon qilingan Legatum yuksalish indeksida. Oxirgi o‘n yilda ushbu ko‘rsatkich dunyoning 148 ta mamlakatida yaxshilangan bo‘lsa, faqatgina 19 tasida qisqardi.

Sog‘liqni saqlash, kattalar ta’limidan tortib asosiy xizmatlar va moliyaviy ta’minotgacha barchasi ijobiy tomonga o‘zgardi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 1990 yildan buyon yarim milliarddan ortiq kishi o‘ta qashshoqlik holatidan chiqdi. Pirovardida bunday aholi qatlami jahonda 10 foizga qisqardi. Garchi bu ham xavotir uyg‘otsa-da, ammo kuzatuvlar davridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

2. Ilgari uncha yaxshi taassurot qoldirmagan mamlakatlar yaxshi tomonga o‘zgarib bormoqda
The Economist har dekabrda “Yil mamlakati”ni tanlaydi va u joriy yilda O‘zbekiston bo‘ldi. Ilgarilari deyarli barcha reytinglarda pastki o‘rinlarga egallab kelgan mazkur davlat oxirgi uch yilda ulkan islohotlarni olib boryapti va yanada ochiq, yanada erkin bo‘lib, yanada yuksalmoqda.

Omar al-Bashirning rejimidan qutulgan Sudan ham oldinga qarab katta qadam tashladi. Bu u yerda yaqin orada vaziyat yaxshilanishiga umid qilish imkonini beradi.

3. Insoniyatning yarmi demokratik davlatlarda yashamoqda
Garchi mamlakatlar(ham rivojlanayotgan, ham kam taraqqiy topgan) ichida notenglik o‘sib borayotgani xavotirga sabab bo‘lsa-da, davlatlar o‘rtasidagi global notenglik pasayayotganiga e’tiborni qaratish lozim. Sanoat inqilobidan keyin birinchi marta dunyo aholisining qariyb yarmini deyarli o‘rta sinf vakillari deb hisoblash mumkin.

Bundan tashqari, bashariyat tarixining aksariyat insonlar nodemokratik rejimlarda yashagan katta qismidan farqli ravishda bugungi kunda dunyo aholisining deyarli yarmi demokratik mamlakatlarda istiqomat qilyapti.

4. Urushlar soni kamaydi
Buyuk Britaniya kelgusida yilda Yevropa Ittifoqidan chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgan hozirgi paytda fatalistlar yana oyoqqa turishmoqda. Lekin ular G‘arbiy Yevropada uch avlod davomida birorta urush yoki mojaro bo‘lmaganini unutishmoqda. Va bunda YEI, shuningdek, Fransiya va Germaniya o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi katta rol o‘ynagan.

Xitoy va AQSH o‘rtasidagi tanglik o‘sib borayotgan bo‘lsa ham, hech kim urushni xohlamaydi. 1500 yildan buyon davom etayotgan dunyo tarixi guvohlik beradiki, jahonning eng katta ikkita kuchi ushbu davrning qariyb yarmini bir-birlari bilan urushib o‘tkazgan. Biroq Ikkinchi jahon urushidan keyin tarixiy tinchlik davri boshlandi. Mazkur tendensiyani saqlash qolish uchun esa aynan shu jihatga ko‘proq ahamiyat qaratish kerak.

5. Biz yanada aqlli va sabr-toqatliroq bo‘lib boryapmiz
Bill Geyst Stiven Pinkerning “Bugungi ma’rifat” kitobidan iqtibos keltirar ekan, har o‘n yilda IQ(aql koeffitsiyenti)ning global o‘rtacha ko‘rsatkichi taxminan 3IQ ballga yuksalib borayotganini ta’kidlaydi.

Odamlar milliy ozchilikka nisbatan bag‘rikengroq bo‘lib bormoqda, gender tenglik o‘syapti, har qanday kamsitish va tahqirlash holatlari qoralanmoqda, bartarf etilayotir. Hatto 10 yoki 20 yil oldin bunday emas edi.

6. Texnologiyalar sayyorani qutqarishi mumkin
Albatta, sun’iy ong ko‘pchilik sabablari bo‘yicha qo‘rqinchli tuyulishi mumkin. Shu bilan bir qatorda moziyda texnologik o‘zgarishlar salbiy oqibatlardan ko‘ra ijobiy rivojlanish olib kelgani haqidagi misollar ko‘proq. Ilg‘or texnologiyalar sog‘liqni saqlashni yaxshilash va hatto iqlim muammolarini hal etishi mumkin.

Jeremi OʼBrayen Jahon iqtisodiy forumi uchun yozgan maqolasida kvantli hisoblash iqlim o‘zgarishini uglerodni tutish uchun yangi katalizatorlar ochishga qodir bo‘lgan modellashtirish yordamida yengib o‘tish mumkinligini e’tirof etgan. Bu zamonaviy modellardan ko‘ra arzonroq va samaraliroqdir.

Albatta, muvozanatni saqlash uchun 2020 yildagi pessimizm manbasiga aylanishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida ham yozish kerak edi. Ammo har qanday vaziyatda ham Yangi yil arafasida optimist bo‘lib qolish yaxshiroqdir. Zero, optimistlar global muammolarga yechim topishga tayyordir, chunki ular buni topishlariga ishonadilar.

Saidjon MAXSUMOV
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yilni optimist bo‘lib yakunlashning 6 sababi ma’lum qilindi