16:46 / 25.12.2019
5 717

“Yapon mo‘’jizasi”ning siri nimada?

“Yapon mo‘’jizasi”ning siri nimada?
Davlatimiz rahbari Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening taklifiga binoan, rasmiy tashrif bilan Kunchiqar mamlakatda bo‘ldi. Tashrifning e’tiborli jihati sifatida ikki davlatning o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, investitsiyaviy, texnologik va moliyaviy-texnik hamkorlikni rivojlantirish borasidagi maqsadlari bir xilligini ham qayd etish lozim.

Ayniqsa, ishbilarmonlik va biznes sohasidagi tadbirlarning natijalari alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Binobarin, Yaponiyadagi yetakchi kompaniya va banklarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hamda ¬ilg‘or texnologiyalarini jalb qilgan holda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishilgani e’tirofga loyiq.

Bu loyihalar, eng avvalo, Yaponiyaning ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasidagi ilg‘or yutuqlarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirishga qaratilgani bilan ham e’tiborlidir.

Prezidentimizning Yaponiyaga tashrifi doirasidagi tadbirlar, muzokarayu uchrashuvlarni kuzatar ekanmiz, ushbu mamlakat taraqqiyotining muhim asoslaridan biri bo‘lgan kompaniya va tashkilotlarni boshqarish sohasidagi yutuqlari borasida ba’zi mulohazalar tug‘ildi.

Yaponiya iqtisodiyotida, jumladan, ilg‘or texnologiyalar, innovatsion ishlanmalar, ilm-fanga asoslangan holda yuqori sifatli, xaridorgir tovar va mahsulotlar ishlab chiqarish hamda xizmatlar ko‘rsatish sohalarida bugun erishilgan yutuqlar dunyoda “yapon mo‘’jizasi” deb atalishi barchamizga ma’lum.

Bu nima degani? “Yapon mo‘’jizasi” — bu boshqarish tizimlarining o‘ziga xos tashkil etilishi va rivojlantirilishi bilan bog‘liq bo‘lib, tashkilotlarda va umuman, jamiyatda odamlar o‘rtasidagi hamkorlik, hamjihatlik, do‘stona munosabatlar chuqur qaror topgan, qadr-qimmat masalasi yuqori darajada qadrlanadi.

Bu esa, o‘z navbatida, o‘zbek va yapon xalqlarining o‘xshash jihatlari ko‘p ekanidan, xususan, milliy va axloqiy qadriyatlar, birdamlik, mehnatsevarlik, mehr-oqibat kabi fazilatlar xalqlarimiz uchun birdek xos ekanidan dalolat beradi.

To‘g‘ri, Yaponiya boshqaruv tajribasi nazariy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham mutlaqo yangi, takrorlanmas emas. Ammo yaponlar boshqaruv ilmi tamoyillarini kundalik faoliyatida oddiygina qilib qo‘llamoqda. Yutuq — shunda! Misol uchun, ishi yurishmagan “Nissan” kompaniyasi bosh¬qaruvini o‘z qo‘liga olib, 1-1,5 yil ichida inqirozdan chiqara olgan top-menejer Karlos Gorn o‘zining “Men yaponlardan nimani o‘rgandim?” mavzuidagi chiqishida bir necha omillarni sanab o‘tadi. Jumladan, yaponlar oldiga o‘ta murakkab vazifa va masalalarni qo‘ymaslikka intiladi, ustuvor masalalarni aniq belgilaydi. Yangicha fikrlaydigan, izlanuvchan va tashabbuskor kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va yangilash asosida boshqarish (menejment)ni muntazam takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Albatta, oddiy, biroq kuchli salohiyat, “temir” intizom, asl vatanparvarlikka asoslangan ana shunday qoidalar tufayli Kunchiqar yurt bugungi taraqqiyotga erishdi.

Prezidentimizning rasmiy tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyalar va biznes sohalarida erishilgan kelishuv hamda shartnomalar mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy rivojida alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, Yaponiya kompaniyalarining boshqaruv sohasidagi ilg‘or tajribalari yurtimiz iqtisodiyotiga keng joriy etilib, ommalashishiga ham jiddiy turtki beradi, deb ishonaman.

Abdurashid TO‘XTABAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Yapon mo‘’jizasi”ning siri nimada?