23:20 / 29.02.2020
3 802

AQSH Rossiyani Suriyadagi harbiy samolyotlarni «zudlik bilan qo‘ndirish»ga chaqirdi

AQSH Rossiyani Suriyadagi harbiy samolyotlarni «zudlik bilan qo‘ndirish»ga chaqirdi
Foto: Sergey Pivovarov / RIA Novosti
Turkiyaning BMTdagi doimiy vakili Feridun Sinirlio‘g‘lu «radar izlari» hujum vaqtida Suriya va Rossiya samolyotlari bir saf bo‘lib uchganini ko‘rsatganini aytdi.

AQSHning BMTdagi doimiy vakili Kelli Kraft Xavfsizlik Kengashining Idlibdagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilishida Rossiyani Suriyadagi harbiy samolyotlarni «zudlik bilan qo‘ndirish»ga chaqirdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

«Biz Rossiya Federatsiyasini o‘z harbiy samolyotlarini zudlik bilan qo‘ndirishga chaqiramiz. Barcha Suriya qo‘shinlarini va ularning rossiyalik ittifoqchilarini 2018 yilda belgilangan o‘t ochishni cheklash chizig‘idan uzoqroqqa ketishga chaqiramiz», — dedi diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar jahon hamjamiyati yanada yirik eskalatsiyani istamasa, AQSH bu masalada «yetakchi rolni» o‘ynashi kerakligini qo‘shib qo‘ydi.

O‘z navbatida Rossiya vakili Vasiliy Nebenzya Turkiya qo‘shinlari Rossiyaga o‘zlari joylashgan nuqtalarni taqdim etgani, bu ma’lumot to‘qnashuvning oldini olish maqsadida Suriya hukumati kuchlariga berilganini bildirdi. Uning qayd etishicha, Rossiya harbiy samolyotlari turk harbiylari o‘ldirilgan hududda Suriya armiyasiga yordam bermagan.

Turkiyaning BMTdagi doimiy vakili Feridun Sinirlio‘g‘lu rossiyalik hamkasbining so‘zlarini rad etib, «radar izlari» hujum vaqtida Suriya va Rossiya samolyotlari bir saf bo‘lib uchganini ko‘rsatganini aytdi.

Suriyaning Idlib provinsiyasida jiddiy eskalatsiya yuzaga kelgan: payshanba kuni kechqurungi havo hujumi oqibatida Turkiya armiyasining kamida 33 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Turkiya tomoni havo zarbalari «Suriya rejimi» harbiy-havo kuchlari tomonidan yo‘llanganini ma’lum qilgan. Suriyaning bosh ittifoqchisi Rossiya hujum nishoniga tushib qolgan turkiyalik harbiylar «terrorchilar orasida bo‘lgani»ni ma’lum qilgan. Turkiya buni inkor etgan.

26-28 fevral kunlari RF prezidentining Suriya masalasi bo‘yicha maxsus vakili A.Lavrentev, RF TIV rahbarining o‘rinbosari S.Vershenin va Turkiya TIV rahbari o‘rinbosari S.O‘nal ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Rossiya TIV rasmiy bayonotida har ikki tomon taranglikni pasaytirish va terrorchilar bilan kurashish maqsad qilib olinganini tasdiqlagani aytilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Rossiyani Suriyadagi harbiy samolyotlarni «zudlik bilan qo‘ndirish»ga chaqirdi