11:30 / 01.04.2020
2 549

Integratsiya janozasi. Pandemiyadan so‘ng YEI yashab qoladimi?

Integratsiya janozasi. Pandemiyadan so‘ng YEI yashab qoladimi?
Foto: Anadolu Ajansi
2019 yil dekabr oyida Xitoyning Xubey provinsiyasining Uhan shahridan tarqalgan yangi koronavirus tufayli hatto AQSH kabi kuchli davlatlar ham ulkan yo‘qotishlarga uchramoqda. To‘rt oydan beri davom etayotgan epidemiya markazi AQSH va Yevropaga «ko‘chib» o‘tgan. Shu bois, jahon iqtisodiyotining muhim markazlaridan biri bo‘lmish Yevropa Ittifoqi bugungi kunda og‘ir sinovlarni boshdan kechirmoqda. Mutaxassislar endi hech narsa avvalgidek bo‘lmasligini, global tartib tubdan o‘zgarishini ta’kidlashmoqda.

Ittifoq nega tanqid qilinmoqda?
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarining Covid-19 halokatiga qarshi tezkor va samarali inqiroz mexanizmini yarata olmaganligi ittifoqning kelajagiga oid qora ssenariylar yozilishiga yo‘l ochmoqda. Yevropa Ittifoqining epidemiya ishg‘ol qilgan ilk «qal’a»si – Italiyada o‘lim soni 12 mingdan oshib ketgan bo‘lsa-da, hali-hamon har bir davlat o‘z-o‘zicha yechim topishga urinayotgani mazkur vaziyatni keltirib chiqargan omillardan biridir. Italiyadan so‘ng Ispaniya va Fransiyada ham o‘limlar soni ortib ketgani «Ittifoq hamjihatlikni ta’minlashga, umumiy ijtimoiy-iqtisodiy yechimlarni topishga qodir emas» degan keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.

Xaos va o‘zaro ayblovlar
Dekabr oyida Xitoyda paydo bo‘lgan virusni yuqtirib olgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari: Italiya, Ispaniya va Fransiya o‘z tarixida misli ko‘rilmagan tartibsizliklarga duch kelishdi. Davlatlarning ofat ko‘lami naqadar keng bo‘lishi mumkinligini juda kech anglaganlari xaos va o‘zaro ayblovlarni keltirib chiqardi.

Germaniya tomonidan dastlab qat’iy choralar ko‘rilmaganining sababini ham, shubhasiz, ittifoqning tezkor tadbirlar olishga qodir emasligi bilan izohlash mumkin. Italiyaning Yevropa Ittifoqidan yordam ololmagani, ustiga ustak, Yevropa Markaziy banki (ECB) prezidenti Kristin Lagardning virus bilan zararlangan mamlakatlarga yordam berilmasligi haqidagi bayonoti nafaqat ittifoqqa a’zo davlat rahbarlarini, balki Yevropa jamoatchiligini ham shoshirib qo‘ydi. Boz ustiga, Italiyaga niqob, qo‘lqop va virusni aniqlovchi uskunalarning Xitoy, Kuba va Rossiya kabi mamlakatlardan keltirilishi reaksiyalar oloviga moy sepganday bo‘ldi. Oxir-oqibat, vaziyat shu darajaga yetib bordiki, italiyalik ijtimoiy media foydalanuvchilari Yevropa Ittifoqi bayrog‘i yoqib yuborilgani aks etgan rasmlarni bir-birlariga ulashdilar.

Hamma ham g‘alaba qozonmasligi mumkinmi?
Italiyada virus paydo bo‘lganidan bir yarim oy (!) o‘tgachgina Yevropa Ittifoqi komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda epidemiya va epidemiyadan keyingi choralar to‘g‘risida tushuntirish berildi. 2020 yil 17 mart kuni esa Yevropa Ittifoqi Kengashi komissiyaning inqirozdan chiqishga doir takliflarini ma’qulladi. Albatta, bular ittifoq a’zolaridan yanada kuchli integratsiyalashishni va umumiy yechimlarni ishlab chiqishni talab qiluvchi chora-tadbirlar edi.

Bryusseldagi Yevropa Ittifoqi ma’murlarining fikricha, agar ittifoqqa a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va xavfsizlik masalalarini o‘zlaricha hal qiladigan bo‘lishsa, hamma ham g‘alaba qozonmasligi mumkin.

Barcha o‘z jonini saqlab qolish harakatida
Ittifoqning hozirgi global inqiroz qarshisida ojiz va layoqatsiz bo‘lib qolgani bor gap. Qolaversa, 2020 yil 26 martda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi prezidentlarining uchrashuvida Covid-19 inqirozi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy muammolarni hal qilishda umumiy va yakdil to‘xtamga kela olinmagani ham ayni haqiqat. Sodda qilib aytganda, hozirgi vaziyatda yuqori daromadli davlatlarning Ittifoq tarkibidagi zaif a’zolarni qo‘llab-quvvatlashga «ko‘zi uchib turgani yo‘q».

Xo‘sh, Covid-19 epidemiyasi pirovardida Yevropa Ittifoqi integratsiyasining tugashiga olib keladimi? Yevropa Ittifoqi zaiflashib, yo‘qlikka yuz tutadimi?

Bu kabi savollarga javob berish nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki butun dunyo uchun ham oson emas hozirgi paytda. Chunki bugun deyarli barcha mamlakatlar ayni kungacha sodir bo‘lgan, biz bilgan inqirozlardan farq qiluvchi Covid-19 epidemiyasining changalidan eng kam talafot bilan chiqib olish uchun kurash olib bormoqdalar.

Integratsiyaning janozasi
Ushbu inqiroz Yevropa Ittifoqini nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki etnik qadriyatlar nuqtayi nazaridan ham sinovdan o‘tkazmoqda. To‘g‘ri, Yevropa Ittifoqi epidemiyadan so‘ng yo‘q bo‘lib ketadi, deb aytishga hali ancha erta. Zotan, bunday gap ittifoq rivojlanish jarayonini butunlay rad etish demakdir.

Covid-19 inqirozi bilan yuzlashgan payt Yevropa Ittifoqi bir qator muhim muammolarni hal qilish bilan ovora edi: qochqinlar masalasi, 2008 yildagi iqtisodiy inqirozning yangi tahdidlari va «Breksit». Ayni mana shu nuqtada vabodan so‘ng insoniyat duchor bo‘lgan eng katta epidemiya – Covid-19 Ittifoq integratsiyasiga janoza o‘qish uchun keldi.

A’zo davlatlar va Yevropa Ittifoqi ma’muriyatining yangi turdagi koronavirusga nisbatan munosabati, to‘g‘rirog‘i, e’tiborsizligi ittifoqqa nisbatan ulkan tahdidni yuzaga keltirdi. Ammo ushbu virus tufayli sodir bo‘lgan voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, ittifoqqa a’zo davlatlarning omon qolishi umumiy yechimlariga bog‘liq. Yevropa Ittifoqi milliy tarkibiy tuzilmasining yanada rivojlantirish, a’zo davlatlarning muammolarga qarshi kurashish uchun Yevropa Ittifoqi ma’muriyatiga ko‘proq resurslarni jalb qilish zarurati g‘oyat muhim masala.

Italiya va Ispaniya bosh vazirlarining Yevropa Ittifoqini tanqid qilib, hatto ayblab chiqqan bayonotlari itifoqning inqiroz va muammolar qarshisida yanada samarali faoliyat olib borishi lozimligini urg‘ulamoqda.

Ikki muhim jihat
Mavjud inqirozga Yevropa Ittifoqining munosabatini tanqid qilishda ikki muhim jihatni e’tiborga olish kerak:

Birinchidan, YEI hali ham dunyo miqyosidagi eng muhim iqtisodiy integratsiya bo‘lib turibdi. Ushbu integratsiyadan 27 mamlakatdan birining chiqib ketishi Lissabon shartnomasiga muvofiq mumkin esa-da, bu unchalik oson ish emas. Chunki ayniqsa Sharqiy Yevropa mamlakatlari uchun Yevropa Ittifoqi rivojlanishning muhim vositasi, shuningdek, Rossiya ta’siriga tushib qolishdan asrovchi himoya qalqonidir.

Ukrainada yuz berayotgan voqealar hali sovib ulgurmagan bir paytda mazkur mamlakatlarning YEIdan osongina chiqib ketish haqida o‘ylashi aqldan emas, albatta. Zotan, YEIning birlashtiruvchi va himoya qiluvchi kuchi hamon muhim ahamiyatga ega. Covid-19 inqirozidan keyingi davrda ham iqtisodiyot, mudofaa, xavfsizlik siyosati va tashqi siyosat nuqtayi nazaridan zaif davlatlar uchun ushbu himoya qalqoniga bo‘lgan ehtiyoj saqlanib qoladi. Shu sababli, Yevropa Ittifoqi Covid-19 inqirozidan umumiy yechimlarni topish orqali chiqib olishi lozim. Aks holda, ushbu epidemiyadan so‘ng o‘zgarishi kutilayotgan global tartib YEI tufayli yana bir bor bo‘hronga uchrashi ehtimoldan holi emas.

YEIni tanqid va tahlil qilishda e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan yana bir muhim masala – bu YEIda o‘ng qarashlar o‘sib borayotganidir. 2008 yilgi iqtisodiy inqirozga qochqinlar masalasi qo‘shilishi natijasida yanada kuchaygan ushbu muammo YEI ichidagi xavfsizlik va tartib-qoidalarga jiddiy xavf solmoqda. Covid-19 inqirozi esa o‘ng qarashlarning yuksalishi nafaqat Yevropa Ittifoqi hududidagi chet el fuqarolariga ta’sir qilishi mumkinligin, balki YEIga a’zo davlatlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatida saktalik yuzaga kelganini ko‘rsatmoqda. Oqibatda davlatlar ushbu shoshilinch va hayotiy muammoni birdamlik va hamkorlik bilan hal qilishga kechikdilar.

Endi o‘ta o‘ng qarashlarning jamoatchilik, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va Yevropa Ittifoqi Parlamentida kuchayishiga qarshi eng yaxshi vosita – bu YEI integratsiyasini kuchaytirish orqali bu inqirozdan chiqib ketishdir. Boshqacha qilib aytganda, ittifoqning kuchayishi barcha a’zo davlatlar uchun umumiy yechimlar ishlab chiqilishiga olib keladi. Shu nuqtayi nazardan, o‘ng qanot g‘oyalarining zaiflashishi integratsiyalashuvni kuchaytirishda ulkan ahamiyatga ega.

Hali umid bor
Xalqaro munosabatlardagi «globallashuvning poyoni» haqidagi fikrlar mintaqalashuv jarayoni kuchayganligiga ham ishora qilmoqda. Shu ma’noda, Yevropa Ittifoqi siyosiy va axloqiy nuqtayi nazardan o‘zini qayta ko‘rib chiqib, xalqaro munosabatlarda boshqa ishtirokchilar bilan o‘rnatilgan aloqalariga tuzatish kiritadi va shu orqali inqirozdan chiqish yo‘llarini izlaydi. Aslida, Yevropa Ittifoqining G‘arbiy Bolqon bo‘yicha so‘nggi qarori, hatto inqiroz sharoitida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Shimoliy Makedoniya va Albaniyaning a’zolik masalasi ko‘rib chiqilishi ittifoqning olg‘a qadam tashlashga kirishganidan dalolat beradi.

Ta’kidlash joizki, ittifoq tarkibidagi ko‘plab davlatlar hozirdanoq iqtisodiy muammolar bilan kurashishga majbur bo‘lmoqda. Inqirozdan keyin esa bunday muammolar yanada kuchayadi va, tabiiyki, yordamga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli ravishda ortadi. Shu bois, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, shuningdek, YEI ma’muriyati, Covid-19 epidemiyasining iqtisodiy inqiroz istiqbolini hisobga olgan holda, har qachongidan ham ko‘proq moliyaviy yordam paketlarini oshkor qilishmoqda. Bryussel hamda a’zo davlatlar poytaxtlari tomonidan rejalashtirgan mazkur paketlar YEIning moliyaviy va iqtisodiy siyosatdagi sherikligini tabiiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Covid-19 inqirozidan so‘ng hech narsa avvalgiday bo‘lmaydi. Ammo har qancha o‘zgarish-evrilishlarni boshdan kechirmasin, dunyo tarixidagi eng asosiy figuralarlardan biri bo‘lgan Yevropa jug‘rofiyasi va Yevropa Ittifoqi o‘z o‘rnida qoladi.

Otabek Tillayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Integratsiya janozasi. Pandemiyadan so‘ng YEI yashab qoladimi?