date
views 4 701

Nyuton karantinni qanday o‘tkazgan?

Nyuton karantinni qanday o‘tkazgan?
Bugungi kunda sayyoramizdagi aksariyat mamlakatlarning aholisi koronavirus infeksiyasi jabridan azob chekmoqda. Hamma joyda cheklovlar joriy etilgan, yuz millionlab odamlar karantin yoki “o‘zlarini yakkalash” bilan band. To‘g‘ri, oson emas bunday sharoitda yashash. Ammo allomalar aytganiday, boshga tushganini ko‘z ko‘raveradi.

Yaqinda ommaviy axborot vositalarining birida bezgak, vabo, o‘lat va boshqa yuqumli kasalliklar kelib chiqqan paytda odamlar o‘zlarini qanday himoyalaganliklari, vaqtdan unumli va oqilona foydalanish, qolaversa, zerikmaslik uchun nimalar bilan shug‘ullanganliklari haqidagi materialni o‘qib oldik. Nazarimda, bularni har kim bilishi kerak, deb o‘yladim. Shuning uchun o‘zim to‘plagan ayrim ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashgim keldi. Ular sizda ham qiziqish uyg‘otadi, deb o‘ylayman.

Buyuk ingliz olimi Isaak Nyutonni bilmagan yoki uning ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissasidan bexabar inson bugungi kunda kunda dunyoda yo‘q bo‘lsa kerak. Chunki allomaning nomi va olamshumuml kashfiyotlari hammamizga maktab darsliklaridan ham ma’lum.

Shu o‘rinda Nyutonning hayoti va ilmiy faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. U 1643 yilda tug‘ilib, 1727 yilda vafot etgan. Fizika, matematika va boshqa qator fanlar bilan shug‘ullanib, katta natijalarga erishgan. London Qirollik jamiyati a’zosi va uning rahbari bo‘lgan. Olamshumul ilmiy ishlari uchun lord unvoni berilgan.

Nyuton butun olam tortishish qonuni yordamida osmon jismlarining harakatini izohladi. U ishlab chiqqan mexanika va fizikaning asosiy vazifalari zamonasining ilmiy muammolari bilan uzviy bog‘langan edi. Masalan, qator tadqiqotlari optik asboblarning kamchiliklarini bartaraf qilishga qaratilgan edi. Yorug‘lik va ranglarning yangi nazariyasi ham fanda katta voqea bo‘ldi.

Tarixdan ma’lumki, 1665-1666 yillarda Angliyada dahshatli ofat – o‘lat yuz bergan. O‘sha paytda yashaganlarning guvohlik berishicha, u faqat Londonda aholining to‘rtdan bir qismi yostig‘ini quritgan. Nyuton tahsil olayotgan Kembrijdagi Trinit kollejida ham mashg‘ulotlar to‘xtatilib, barcha o‘qituvchilar va talabalarga karantinni uylarida o‘tkazish uchun nomuayyan muddatga ta’til e’lon qilingan.

Yigirma yoshli Isaak kitob-daftarlari va anjomlarini olib, oltmish chaqirim masofada joylashgan Linkolnshir grafligidagi Vulstorp qishlog‘iga yo‘l oladi. Bu yerda uning ota-onasidan qolgan yerlari bor edi. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, u o‘zining qator kashfiyotlarini, jumladan, butun olam tortishish qonunini aynan o‘zini “yakkalagan” mazkur davrda yaratdi.

Bu to‘g‘rida azaldan latifanamo gaplar ham bor. Ya’ni, aytishlaricha Nyuton odatda daraxtlar ostiga qo‘yilgan stolda ijod qilib o‘tirarkan. Kunlardan bir kuni shu yerda to‘satdan boshiga olma kelib tushadi. Mazkur hodisa uni o‘ylashga majbur etadi va pirovard natijada yerning tortishish kuchi borligi haqidagi g‘oya yuzaga keladi.

To‘g‘ri, qonunning yaratilishiga olma sababligi haqida uning o‘zi hech qanday yozuv yoki guvohlik qoldirmagan. Biroq olimning do‘sti Uilyam Staklining xotiralariga ko‘ra olma haqidagi gapni unga Nyutonning o‘zi aytib bergan. 1726 yilda ikkovlon o‘sha olma daraxti o‘sgan bog‘da choy ichib o‘tirishgan. Shunda olim beixtiyor bir paytlar xuddi shunga o‘xshash vaziyatda butun olam tortishish qonunini kashf etganini eslagan. Darvoqe, ana shu olma daraxti qariyb yuz yil muzey eksponati sifatida saqlangan va uni ziyorat qilgani kelib turishgan.

Qisqasi, “o‘zini yolg‘izlash” tufayli Isaak Nyuton ana shunday olamshumul kashfiyotning muallifiga aylangan. Bunday ajoyib misollarni hayotdan ko‘p keltirish mumkin. Kelgusi maqolada ulug‘ rus shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin ijodiga taalluqli holatlar bilan tanishtiramiz.

Nurbek ABDULLAYEV
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Nyuton karantinni qanday o‘tkazgan?