Jennifer Lopes konsertiga asosan xorijliklar kelgani aytildi

Jennifer Lopes 7 avgust kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida ilk bor O‘zbekistonda jonli konsert berdi. Tadbir uchun 25 mingta chipta sotilgan bo‘lib, salkam 15 mingtasi, ya'ni taxminan 68–70 foizi xorijlik muxlislarga tegishli bo‘lgan. Rossiya fuqarolari 7,5 mingta, Qozog‘istondan kelgan mehmonlar esa 2,5 mingdan ortiq chipta xarid qilgan. Xorijliklarning ko‘pchiligi 4–6 kunlik tur-paketlar orqali O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioni, 7 avgust kuni haqiqiy shou maydoniga aylandi. Millionlab muxlislarning orzusidagi amerikalik megayulduz Jennifer Lopes ilk bor O‘zbekiston poytaxti sahnasida jonli konsert berdi. Shou oldidan ham, uning davomida ham ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar qo‘llarida chiptalar bilan suratlarini, stadion atrofidagi gullab-yashnagan muhitni faol ravishda bo‘lishdi.
Hashamatli tadbir uchun jami 25 mingta chipta sotilgani, shundan salkam 15 mingtasi — ya’ni taxminan 68–70 foizi xorijliklarga tegishli ekani haqida “Axborot 24” dasturida ma’lum qilindi.
Rasmiy raqamlarga ko‘ra, mamlakatlar kesimida Rossiya fuqarolari 7,5 mingta chiptaga ega bo‘lgan bo‘lsa, yana 2,5 mingdan ortiq bilet qo‘shni Qozog‘istondan kelgan mehmonlar tomonidan xarid qilingan. Qolgan bir necha ming bilet esa Yevropa va boshqa qit’alardan kelgan sayohatchilar qo‘liga o‘tgan.
Konsertga chiptalar narxi 1 million so‘mdan 4,2 million so‘mgacha bo‘lgan. Aytishlaricha, xorijlik muxlislarning ko‘pchiligi faqat konsert uchun emas, balki 4–6 kunlik maxsus tur-paketlar orqali O‘zbekistonda sayohat qilish maqsadida tashrif buyurishgan. Bu esa mamlakat turizm sohasi uchun ham katta reklama va iqtisodiy foyda bo‘ldi.
Toshkent osmoni ostidagi shu’la va musiqa uyg‘unligida o‘tgan mazkur kecha nafaqat ishtirokchilar xotirasida, balki shahar tarixida ham yorqin sahifa sifatida qolishi shubhasiz.






























Izohlar 0
…