Rossiyada eng ommabop ikki messenjer — Telegram va WhatsApp'da ovozli qo‘ng‘iroqlarga qisman cheklovlar joriy etildi. Bu haqda Rossiya Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish federal xizmati (Roskomnadzor) ma’lum qildi. Tashkilotning ta’kidlashicha, choralar huquqni muhofaza qilish organlari va fuqarolarning ko‘plab murojaatlaridan keyin, jinoyatchilarga qarshi kurash maqsadida amalga oshirilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ayrim firibgarlik va xavfli chaqiriqlar aynan ovozli qo‘ng‘iroqlar orqali amalga oshirilmoqda. Roskomnadzorning bayonotida bu messenjerlar orqali Rossiya fuqarolarini aldash, pul undirib olish, shuningdek, diversiya va terrorchilik harakatlariga jalb qilish holatlari ko‘p uchrayotgani qayd etilgan.
Idoraga ko‘ra, Telegram va WhatsApp egalariga bir necha bor jinoyatchilarga qarshi choralar ko‘rish talabi yuborilgan, ammo ular bu talablarni bajarmagan. Shu bois cheklovlar faqat ovozli qo‘ng‘iroqlarga taalluqli bo‘lib, xabar yozish, fayl yuborish kabi boshqa funksiyalar ishlayveradi.
Roskomnadzor 2024 yildan beri mamlakatda “Antifrod” tizimi orqali raqamni soxtalashtirish orqali qilingan qo‘ng‘iroqlar operatorlar tarmog‘ida bloklanayotganini eslatdi. Natijada, xavfsizlik talablariga rioya qilmaydigan messenjerlar orqali bunday qo‘ng‘iroqlar ko‘paygan.
WhatsApp matbuot xizmati bu cheklovlarga javoban platformada sukut bo‘yicha qo‘llanadigan end-to-end shifrlash tizimi haqida ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, bunday muhofaza ma’lumotni faqat yuboruvchi va qabul qiluvchi o‘qishiga imkon beradi va hukumatlarning xavfsiz muloqotni buzishga urinishlariga qarshi turadi. Shuning uchun ham Rossiya hukumati mamlakatdagi 100 milliondan ortiq foydalanuvchilar uchun cheklov qo‘yishga harakat qilayotgani aytilgan.
Telegram matbuot xizmati ham o‘z pozitsiyasini bildirib, platformaning zararli faoliyatga qarshi faol kurashayotganini ta’kidladi. Ular maxsus sun’iy intellekt vositalari orqali ochiq kanallarni kuzatish, har kuni millionlab zararli xabarlarni o‘chirish, hamda qo‘ng‘iroqlar uchun maxfiylik sozlamalarini joriy qilish orqali foydalanuvchilar xavfsizligini ta’minlayotganini aytishdi.
Shu bilan birga, Downdetector xizmatining 11 avgustdagi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni WhatsApp va Telegram'da keng ko‘lamli texnik nosozliklar qayd etilgan. Rossiya foydalanuvchilaridan kelgan shikoyatlar soni 10 avgustdan beri keskin oshgan va ularning aksariyati videoqo‘ng‘iroqlar paytidagi aloqa uzilishlariga oid bo‘lgan.
Rossiya Markaziy bankining 2025 yil fevralidagi ma’lumotlariga ko‘ra, firibgarlik holatlarining 45,6 foizi mobil aloqa orqali, 15,7 foizi esa messenjerlar orqali sodir etilgan. Muttaxassislar fikricha, cheklovlar ayrim xavfli sxemalarni to‘xtatishi mumkin, ammo u foydalanuvchilarning kundalik muloqot erkinligiga ham ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!