date
views 2 200

Koronavirus: Germaniya muvaffaqiyatini izohlaydigan uch omil

Koronavirus: Germaniya muvaffaqiyatini izohlaydigan uch omil
Foto: EPA/UPG
«Ispanka» grippidan so‘ng oradan taxminan 100 yil o‘tgach, dunyo yangi bir epidemiyaga qarshi kurashishga majbur bo‘lmoqda. Covid-19 keltirib chiqargan inqiroz bugun global tizimning qanchalar farqli va noodatiy tahdidlar bilan yuzma-yuz kelayotganini ko‘rsatmoqda. Ko‘zga ko‘rinmas tojdor virus nafaqat sog‘liqni saqlash tizimiga, balki siyosat, iqtisodiyot, logistika va turizmga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

Aftidan, u tibbiy muolaja va vaksina bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadqiqotlar ijobiy natija bilan yakunlangunga qadar – kamida 1-1,5 yil davomida hayotimizdagi muhim masala bo‘lib qoladigan ko‘rinadi.

Uch omilning hal qiluvchi ahamiyati
Covid-19 Germaniyada birinchi holat aniqlangan 27 yanvardan beri mamlakat hayotiga jiddiy ta’sir o‘tkazib kelmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya virus bilan kasallanishlar soni 144 mingga yaqinlashgan va bu borada mamlakat AQSH, Ispaniya, Italiya va Fransiyadan keyingi beshinchidir. Shu vaqtgacha ushbu davlatda 4538 kishi virusdan vafot etgan va bu o‘lim darajasi bo‘yicha nisbatan yaxshi holatdir.

Hukumat tomonidan mart oyida qabul qilingan qarorga asosan, maktab va universitetlar hamda ko‘plab idoralar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, ko‘chada ikkidan ortiq odam yonma-yon turishi taqiqlandi. So‘nggi paytlarda Covid-19 virusiga chalinganlar soni kamayib borayotganini hisobga olgan holda, 15 apreldan e’tiboran maktab birtiruvchilarining o‘qishni boshlashiga, idoralar bosqichma-bosqich ochilishi haqida qaror qabul qilindi.

Germaniyada virusga chalinish holati ko‘p bo‘lsa-da, o‘lim ko‘rsatkichi dunyodagi eng kam miqdorni, ya’ni 2,7 foizni tashkil qilmoqda. Mazkur ko‘rsatkich ko‘pchilik tomonidan muvaffaqiyatli deya baholanyapti. Taqqoslash uchun, Fransiyada virusga chalinganlarning 15 foizi, Angliya va Italiyada 13 foizi, Ispaniyada 10 foizi vafot etdi. AQSHda esa o‘lim darajasi 4 foizga ko‘tarildi.

AQSHda 739 mingga yaqin holatga 39 mingdan ortiq o‘lim, Ispaniyada 194 mingdan ortiq holatga qariyb 21 ming o‘lim, Italiyada 176 mingga yaqin holatga 23 mingdan ortiq o‘lim, Fransiyada esa 151 mingdan ortiq holatga 19 mingdan ortiq o‘lim. Zararlanish holatlari bo‘yicha Germaniyadan keyingi o‘rinda turgan Buyuk Britaniyada 114 ming holatga 15 mingga yaqin o‘lim qayd etilgan. Zararlanish holatlari soni bo‘yicha o‘nlikka kirgan Xitoy, Eron va Belgiyada ham Germaniyadagidan ko‘proq qurbon berilgan.

Ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimidagi nuqson va yetishmovchiliklar Italiya va Ispaniyada yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Hatto Fransiya va Italiyadagi og‘ir ahvoldagi bemorlarning bir qismi Germaniyadagi shifoxonalarga yotqizildi.
Germaniyaning epidemiyaga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatini uch omil bilan izohlash mumkin: institutsiyaviy tuzilma, siyosiy tizim va yetakchilik.

1. Institutsiyaviy tuzilma
Germaniya – imperatorlik zamonlaridayoq dunyoda birinchi bo‘lib tibbiy sug‘urta tizimini joriy etgan mamlakatdir. 1883 yil Otto fon Bismark rahbarligi davrida joriy etilgan tibbiy sug‘urta ijtimoiy ta’minot bilan bir qatorda ijtimoiy farovon davlatning asosini ham yaratdi. Qolaversa, o‘sha davrdagi og‘ir mehnat sharoitlarining ta’sirini kamaytirishga zamin hozirladi. Ushbu tashabbuslar orqali Germaniya XIX asrning so‘nggi 20 yilida dunyodagi eng yaxshi ijtimoiy farovon davlatlardan biriga aylandi.

Tarixdan meros ijtimoiy davlat tushunchasi garchi ba’zi sohalarda cheklangan bo‘lsada, bugungi kunda u Germaniyada mavjud. Har bir insonning ma’lum bir turmush darajasiga ega bo‘lishi, ehtiyojmand fuqarolarga davlat tomonidan yordam berilishi va daromadlarni taqsimlashda unchalik katta farq yo‘qligi hamon davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda Germaniya aholisining 99,9 foizi, ya’ni deyarli barchasi tibbiy sug‘urtaga ega. Bu shuni anglatadiki, muhtoj bo‘lgan deyarli har bir inson tibbiy xizmatdan foydalana olishi mumkin.

Bundan tashqari, tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lganlarning 87 foizi davlatning ijtimoiy muhofaza tizimidan foydalanadi. Germaniya fuqarolarining atigi 11 foizi xususiy tibbiy sug‘urtaga ega. Shuni ham ta’kidlash lozimki, mamlakatda tibbiy sug‘urta qonuniy majburiyat bo‘lib, davlat budjetning 11 foizi sog‘liqni saqlash tizimiga sarflanadi. Qolaversa, ushbu tizimga oid xarajatlarning 84,5 foizi davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

Rasmiy statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida jon boshiga sarflanadigan sog‘liqni saqlash xarajatlari eng yuqori bo‘lgan mamlakat ham Germaniyadir. Shuningdek, ushbu davlat har bir fuqaroning sog‘ligi uchun yiliga o‘rtacha 4300 yevro sarflaydi. Shu sababli, Germaniya sog‘liqni saqlash tizimi global epidemiyaga qarshi kurashishda dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan katta ustunlikka ega. Shu o‘rinda bir qiyos: AQSHda 27,5 million kishi, ya’ni aholining 8,5 foizi tibbiy sug‘urtaga ega emas.

Germaniyaning sog‘liqni saqlash sohasidagi ko‘p yillik institutsiyaviy infratuzilmasi va kuchli budjet sistemasi epidemiya hali Germaniyaga kirib kelmasidanoq Covid-19 testini takomillashtirishga imkon berdi. Yanvar oyi o‘rtalarida Germaniyada hali virus bilan bog‘liq holat qayd etilmagan bo‘lsa-da, Berlindagi Charite shifoxonasi testni takomillashtirish vazifasini muvaffaqiyat bilan uddaladi. Olmon institutsiyaviy tizimining bir qismi bo‘lgan rejalashtirish va tartib-intizom ham ushbu inqirozda muhim rol o‘ynadi.

Ya’ni epidemiya ertami-kechmi Germaniyaga kirib kelishini bilgan Berlin ma’muriyati zaruriy tayyorgarlikni oldindan amalga oshirdi. Bu holat o‘z navbatida Germaniyaga JSSTning iloji boricha ko‘proq test o‘tkazish bo‘yicha bergan tavsiyasiga amal qilishga imkon berdi. Haftasiga taxminan 350 ming kishini tekshiruvdan o‘tkazish orqali rasmiylar kasallikning dastlabki bosqichida tashxis qo‘yish va bemor bilan aloqada bo‘lgan odamlarni aniqlash imkoniga ega bo‘lishdi.

Institutsiyaviy tuzilmaning muhim qismi, shubhasiz, iqtisodiy infratuzilma hisoblanadi. Yevropadagi eng katta, dunyo bo‘yicha esa to‘rtinchi yirik iqtisodiyotga ega bo‘lgan Germaniya inqiroz oqibatlarini yumshatish uchun mahalliy va federal darajada yordam paketlarini e’lon qildi. Davlat budjeti o‘tgan yili rekord darajadagi profitsitni e’lon qildi. Bu esa Covid-19’ga qarshi kurashish uchun 1 trillion 137 milliard yevro ajratilishiga imkon berdi. Bundan tashqari, mahalliy darajada turli yordamlar taqdim etildi. Masalan, Berlin mahalliy hokimiyati o‘z xarajatlarini qoplay olmaydigan tadbirkorlarning har biriga 5 ming yevrodan berdi.

Hukumat sog‘liqni saqlash sohasidagi ilmiy muassasalar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirib kelmoqda. Zotan, 1891 yilda tashkil etilgan va 129 yillik tajribaga ega bo‘lgan, dunyodagi eng qadimgi tibbiyot muassasalaridan biri – Robert Kox instituti tadqiqotlari hukumat uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

2. Siyosiy tizim
Institutsiyaviy tuzilishdan tashqari Germaniyaning yana bir afzalligi uning siyosiy tizimidir. Asosiy me’yorlar va qadriyatlar masalasida bosh siyosiy partiyalar o‘rtasidagi konsensusga asoslangan Germaniya siyosiy tizimi bir paytning o‘zida nazorat va muvozanat mexanizmlarini boshqara oladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin tashkil etilgan saylov tizimi tufayli mamlakat 1949 yildan beri koalitsiya hukumatlari tomonidan boshqarib kelinmoqda. Shunday qilib, turli siyosiy partiyalarning hukumat ichida bir-birini nazorat qilishi ta’minlangan.

Hozirda Berlinda hukm surayotgan federal hukumat xristian demokratlar va sotsial-demokratlarning koalitsiyaviy sherikligidan tashkil topgan. Xristian Demokratik Ittifoqi (SDU) / Xristian Ijtimoiy Birligi (SSU) va Germaniya Sotsial Demokratik Partiyasi (SPD) tomonidan 2017 yilgi saylovlardan keyin tashkil etilgan koalitsiyaviy hukumat saylovchilarning 53,5 foizlik qo‘llab-quvvatlovi bilan hokimiyat tepasiga kelgan. Shuning uchun ham hukumatning ritorikasi va xatti-harakatlari jamoatchilikning turli qatlamlarida ishonch hissini uyg‘otmoqda.

Kansler Angela Merkelning SDU’ga, prezident Frank-Valter Shtaynmayerning esa SPD’ga mansubligi esa davlatning eng yuqori qismida ham muvozanat yaratilganini ifoda etadi.

3. Siyosiy yetakchilik
Uchinchi element - bu siyosiy yetakchilikdir. Germaniya kansleri Angela Merkel nafaqat 2010 yildagi iqtisodiy inqirozda, balki 2015 yildagi qochqinlar muammosi va hozirgi Covid-19 epidemiyasi davrida ham davlat liderligi bilangina kifoyalanib qolgani yo‘q. U ayni paytda YEI doirasida qabul qilingan muhim qarorlarda ham hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Merkel populistik siyosat global miqyosda avj olayotgan bir paytda populizmga putur yetkazmay nafaqat nemis xalqini, balki Yevropa aholisini ham birdamlikka chaqiruvchi figuraga aylandi. Siyosiy karerasining so‘nggi bosqichida u virus tufayli biror mamlakat yoki odamni chetga surmadi, fitna nazariyalariga murojaat qilmadi.

Ba’zi xalqaro gazetalarda chop etilgan maqolalarda Covid-19’ga qarshi kurashda nasbatan muvaffaqiyatli bo‘lgan Germaniya, Tayvan, Yangi Zelandiya va Finlyandiya kabi mamlakatlarning ayol rahbarlar tomonidan boshqarilayotganiga urg‘u berilmoqda. Bu yerdagi eng muhim omil gender tengligi sohasida yutuqqa erishgan mamlakatlarning epidemiyaga qarshi kurashda ham olg‘a ildamlayotganidir.

Yana bir ilova esa Germaniyaning tanqid madaniyati bilan bog‘liq. New York Times’dan BBC’gacha bo‘lgan bir qator nufuzli ommaviy axborot vositalarida Germaniyaning epidemiyaga qarshi kurashdagi muvaffaqiyati vasf qilinayotgan bir paytda olmon rasmiy axborot agentligi Deutsche Welle bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar xususida 8 aprel kuni «Germaniyaning epidemiyaga qarshi kurashi: uydirma va faktlar» sarlavhali maqola nashr etdi.

Darhaqiqat, biz institutsiyaviy tuzilma, siyosiy tizim va yetakchilik deb xulosa qilgan uchta element Berlinning Covid-19’ga qarshi kurashida muhim rol o‘ynamoqda. Shu o‘rinda, mamlakat bir qator qiyinchiliklarga duch kelayotganini ham aytib o‘tish joiz.

Birinchidan, ilk kasallikka chalinish holati qayd etilganidan beri Germaniyada ham o‘lim darajasi oshdi. Dastlab o‘lim darajasi 0,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, keyinchalik 1,6 foizdan 2,7 foizgacha ko‘tarildi. Virusga chalinish holatlar soni o‘sishi sekinlashganiga qaramay, kelgusida o‘lim darajasi yana ortadimi yoki yo‘q – bu ham bir masala.

Ikkinchidan, qishloq hududlaridagi shifoxonalarning moddiy-texnik bazasi va tibbiyot xodimlarining soni shahar markazlari bilan bir xil darajada emas.

Yana bir muammo Covid-19 inqirozining kelgusida ksenofobiyaga qanday ta’sir qilishi bilan bog‘liq. Kelgusi yil Germaniyada federal saylovlar o‘tkazilishini hisobga olsak, inqirozning saylovchilar qaroriga qanday ta’sir qilishini anglash qiyin kechmaydi. 2015 yildan beri qochqinlarga toqat qila olmay kelayotgan o‘ta o‘ng guruhlarning mavjudligi ham jiddiy muammo hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Germaniyaning koronavirusga qarshi kurashda nisbatan muvaffaqiyatli odim otayotgani garchi keng e’tirof etilayotgan bo‘lsa-da, mazkur davlatning oldida ham yechimini kutayotgan bir qator muammolar mavjud. Shuni unutmaslik lozim: Germaniyaning siyosiy irodasi nafaqat mamlakatga, balki Yevropa Ittifoqiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Otabek Tillayev tayyorladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus: Germaniya muvaffaqiyatini izohlaydigan uch omil